O‘zbekiston | 00:27 / 12.11.2025
3619
4 daqiqa o‘qiladi

«Online-shifokor» xizmati va Qashqadaryoda tug‘ilgan 4 nafar egizak – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

«Online-shifokor» xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrifi chog‘ida sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish doirasida aholiga masofadan tibbiy maslahat beruvchi «Online-shifokor» servisini joriy etish vazifasini belgiladi. Yagona raqamli infratuzilma orqali bemorlar uyidan chiqmasdan vrach bilan bog‘lanib, elektron hujjatlarni olishi mumkin bo‘ladi.

Yangi servisning maqsadi aholiga birlamchi masofaviy qabulni qulay formatda taqdim etish, navbat va safarbarlikni qisqartirish, tezkor yo‘llanmalar berishdir.

Unda videoqabul/audio/chat orqali vrach bilan bog‘lanish, elektron yo‘llanma va tahlillar bo‘yicha so‘rovlarni masofaviy berib, natijalarni raqamli olish va boshqa qulayliklar nazarda tutilgan.

Qashqadaryoda 4 nafar egizak tug‘ildi

Kitob tumanida yashovchi Jasur Maqayev va Dilfuza Bahriddinova oilasida 4 nafar egizak qiz tug‘ildi. 5 nafar qizni voyaga yetkazayotgan oilada farzandlar soni 9 nafarga yetdi.

Egizaklar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida muddatidan oldin kesarcha kesish amaliyoti orqali dunyoga kelgan. Ular 1400 gr, 1450 gr, 1600 gr va 1400 gr vaznda tug‘ilgan.

Ayni paytda qizlar filialda xalqaro protokollar asosida parvarish qilinayotgani bildirilgan.

Toshkentda chiqindi qarzi tufayli 6 ming abonentning elektr to‘lovi vaqtincha cheklandi

Toshkent shahri bo‘yicha 2025 yil 5 noyabr kuni chiqindi xizmati qarzdorligi 2 mlrd 239 mln so‘mga yaqin ekani sababli, jami 25121 abonent «Hududiy elektr tarmoqlari» 2100 qisqa raqamidan SMS orqali ogohlantirildi. Ogohlantirish berilganidan keyin 5 kalendar kun ichida qarzini to‘lamagan 6 ming abonentning elektrga to‘lov qilish imkoniyati (onlayn/kassa orqali) bugundan vaqtincha cheklandi. Cheklov qarz bartaraf etilgan zahoti darhol olib tashlanadi.

Hozirgi paytda poytaxt kesimida chiqindi xizmatlaridan 582 mln so‘mdan ortiq debitor qarzdorlik saqlanmoqda. Mexanizm dekabr oyidan boshlab respublika bo‘ylab qolgan hududlarda ham joriy etiladi.

Toshkent va Andijonda havo sifati keskin yomonlashdi: aholiga ehtiyot choralari tavsiya etildi

2025 yil 11 noyabr soat 9:00 holatiga ko‘ra avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlari Toshkent va Andijonda PM2,5 zarrachalari miqdori keskin oshganini ko‘rsatdi. Mutasaddilar ochiq havodagi faoliyatni cheklash va niqob taqishni so‘ramoqda.

Aholiga tibbiy niqob emas, R2/R3 (N95/N99) filtrli niqob taqish tavsiya qilinmoqda. Ochiq havoda yugurish, sport, uzoq sayr kabi faoliyatlarni chegaralash. Deraza va eshiklarni yopiq tutish, uyda havoni namlab turish. Havo tozalagich bo‘lsa, filtrdan foydalanish. Bolalar, keksalar, homiladorlar va yurak-qon tomir/bo‘g‘im kasalliklari, astma diagnoziga ega bo‘lganlar ehtiyot bo‘lishi, belgilar kuchaysa, shifokorga murojaat qilish lozim.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi sobiq raisi uzoq muddatga qamaldi

Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi sobiq raisi Yunusjon Egamberdiyev firibgarlik va pora berish jinoyatida ayblanib, 10,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukm ustidan shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi mumkin.

Oliy sudning Adolat axborot tizimlari kompleksida Yunusjon Egamberdiyevga oid jinoyat ishi bo‘yicha 2025 yil 17 oktyabrda e’lon qilingan sud hukmi yashirib qo‘yildi.

Yunusjon Egamberdiyev 2025 yil may oyida muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar miqdordagi pullarni olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ushlangandi. 

Сардор Юсупов
Muallif Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid