Jamiyat | 11:33 / 25.01.2020
25244
5 daqiqa o‘qiladi

G‘ijduvondagi mahalla ahli kollej maktabga aylantirilmaganidan norozi: nega prezident farmoni bajarilmadi?

Tahririyatga navbatdagi murojaat Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan kelib tushdi. Tumandagi «Pomo‘za» mahallasi faollarining aytishlaricha, 4200 kishidan ziyod aholi, 1150dan ziyod maktab yoshidagi bolalar istiqomat qilayotgan mahallada maktab yo‘q.

Oqsoqollarning aytishicha, mahalladagi maktab o‘quvchilari tuman markazidagi serqatnov yo‘llar bo‘ylab yurib, 2,5–3 km masofaga maktablarga piyoda qatnashmoqda. Boz ustiga, ular qatnayotgan maktablarning barchasi tuman markaziga eltuvchi serqatnov yo‘lning narigi tomonida joylashgan. Ya'ni, maktab o‘quvchilari albatta yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tishga majbur.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mahalla faollarining aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-sonli «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, G‘ijduvon tumanidagi 4ta kasb-hunar kollejlari umumta'lim maktablariga aylantirilishi kerak bo‘lgan.

Jumladan, mahalla hududida joylashgan 765 o‘rinli G‘ijduvon agrosanoat kasb-hunar kolleji ham maktab qilinishi lozim edi.

Qolgan uchta kollej maktablarga aylantirilgan, biroq, mahalla ahliga ko‘ra, prezident farmoniga ters o‘laroq, G‘ijduvon agrosanoat kasb-hunar kolleji binosi tumandagi 65-ixtisoslashtirilgan maktab-internatga berilgan.

Ayni paytda maktab internatda 230 nafar o‘quvchi o‘qimoqda. Uning binosining bir qismi «Barkamol avlod» bolalar markaziga ajratilgan.

65-internat direktori Yorqinjon Turobovning aytishicha, avvalgi maktab-internatning «Halqaobod» MFYda joylashgan yotoqxonasi va oshxonasi abgor ahvolda bo‘lgan. U 2016 yilda ular buzilgan va maktab-internat tasarrufida 8ta sinfxonali korpus qolgan. Biroq, maktab-internatning reytingi yuqori. Bu yerda respublikaning turli viloyatlaridan o‘quvchilar kelib o‘qishadi. Shu sababli viloyat va tuman rahbarlari qarori bilan internatni tuman markaziga ko‘chirishga qaror qilingan.

Ayni paytda maktab internatga aylantirilgan kollejda davlat dasturi asosida o‘quvchilar uchun yotoqxona ham qurilishi rejalashtirilgan. Hozir kollej o‘quv binolaridan vaqtincha yotoqxona o‘rnida ham foydalanib turilibdi. Internat qamrovi soni 330 o‘quvchigacha oshiriladi. Bunga maktab-internatda yetarli salohiyat bor.

Biroq, oqsoqollarning fikricha, ushbu kollej emas, G‘ijduvondagi tugatilgan va ayni paytda yangi 60-maktabga aylantirilgan akademik litsey ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga berilishi kerak edi. Chunki litseyda yotoqxona ham bor, hamma narsa tayyor.

Qolaversa, litsey mahalla bolalari qatnayotgan 5-sonli va ta'lim rus tilida olib boriladigan 22-maktablardan bor-yo‘g‘i 600 metr uzoqlikda joylashgan. Ya'ni, oqsoqollarga ko‘ra, sobiq akademik litsey binosida 5-maktab filiali va 65-IMI bemalol joylashishi mumkin edi. Sobiq agrosanoat kasb-hunar kolleji binosi yaxlit 735 o‘rinli yangi maktab qilinganida — maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Biz mazkur masalada G‘ijduvon tuman hokimining yoshlar siyosati va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Shonazar G‘aybullayevning fikrlarini tingladik.

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, tumanning qoq markazida joylashgan 5-maktabda qamrov koeffitsiyenti 2,6 barobar bo‘lgani uchun uning yaqinidagi litsey 60-maktabga aylantirilgan.

Agrosanoat kolleji binosi esa prezident farmoniga asosan xalq ta'limi bo‘limi tasarrufiga o‘tkazilgan va undan qay tarzda foydalanishni tuman xalq ta'limi bo‘limi hal qilgan.

Tuman hokimi o‘rinbosariga ko‘ra, 65-IMIdan 1,5 km masofada 640 o‘rinli 22-maktab, shuncha masofa narida 61-maktab ham bor. Mahalla bolalari o‘sha maktabga borishlari ham mumkin.

Lekin, mahalla ahlining talablari va e'tirozlari o‘rganib chiqilishi, «Barkamol avlod» bolalar markazi sobiq kollej, ayni paytdagi 65-IMI korpusidan boshqa joyga ko‘chirilib, maktab-internatda yotoqxona binosi qurilgach, u yerda bo‘shagan qariyb 400 o‘rinli korpus yangi maktab yoki boshqa maktab filiali sifatida ochilishi ham mumkin.

Tumandagi mazkur mahallada maktabga talab bor. Buni mutasaddilar ham tan olib turishibdi. Maktab barpo etish uchun bino ham bor. O‘ylaymizki, g‘ijduvonlik mutasaddilar ushbu murojaatni sinchiklab o‘rganib, tumanda yana bir bilim dargohi sonini oshirish payidan bo‘lishadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz maxsus muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi

Mavzuga oid