Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Taqiqni e’tiborga olishmayapti” – Norin tumanida stadion o‘rnida quyosh elektr stansiyasi qurishmoqchi
Namangan viloyati Norin tumani Tegirmonboshi mahallasida bolalar foydalanib turgan futbol maydonchasi o‘rnida quyosh elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu prezident qaroriga zid. Davlat rahbari imzolagan hujjatda futbol stadioni va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi va sotuvga chiqarilishi taqiqlangan.
Kun.uz’ga murojaat yo‘llagan aholi quruvchilar e’tirozlarni inobatga olishmayotgani haqida ma’lum qilishdi:
“Tegirmonboshi mahallasidagi stadiondan 40 yildan beri foydalanib kelamiz. Qishloqda bundan boshqa stadion yo‘q. Shuni ham ko‘p ko‘rishdi chog‘i, qaysidur tadbirkor kelib stadion o‘rnida quyosh pannellari o‘rnatmoqchi bo‘lyapti. Loyihalari ham tayyor ekan.

Aholi qarshilik qilsa ham hokim qarori bor degan vaj bilan qurilishni davom ettirishmoqchi. Prezidentimizning futbol stadioni va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi va sotuvga chiqarilishini taqiqlovchi yangi qarorlari haqida aytsak ham pisand qilishmayapti”, deydi murojaatchilardan biri.
Kun.uz muxbiri holat yuzasidan ma’lumot olish uchun Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov bilan telefon orqali bog‘landi.

Tuman hokimiga ko‘ra, haqiqatan ham Tegirmonboshi mahallasida futbol maydonchasi o‘rnida quyosh elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirgan.
“Tegirmonboshi mahallamizda yashil energiya loyihasi bo‘yicha 200 kilovattlik quyosh paneli o‘rnatish harakatida edik. Bundan maqsad aholini ish o‘rni bilan ta’minlash edi. Kam ta’minlanganlarni ishga qabul qilib loyihadan tushgan pul mablag‘ini mahallaning hisob raqamiga tushirish ko‘zda tutilgandi. Bosh maqsad esa mahallaning infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan edi.
Lekin aholi norozi bo‘layotgani uchun quyosh elektr stansiyasini mahalla stadioni maydonida emas, balki boshqa hududda quradigan bo‘ldik. Stadion o‘z faoliyatini davom ettiradi”, deydi tuman hokimi.
Ma’lumot o‘rnida, prezident qaroriga asosan, 2025 yil 1 oktyabrdan e’tiboran “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi boshlanadi.
Dastur doirasida:
- mahallalardagi bo‘sh turgan davlat mulki obektlari (yer uchastkalari) ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10 yil mobaynida uning foydalanish maqsadini o‘zgartirmaslik sharti bilan onlayn auksionga chiqariladi;
- auksion g‘oliblariga xarid qilingan yer uchastkasining qolgan qismidan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi;
- auksionga chiqarilgan yer uchastkalar 3 oy davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlang‘ich bahosi bosqichma-bosqich 10 foizdan, lekin ko‘pi bilan 50 foizgacha pasaytirilgan holda va sotib olish to‘lovlarini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan savdolarga chiqariladi.
2025 yil noyabr oyi oxirigacha davlatga tegishli futbol maydonlari va stadionlari bo‘lmagan mahallalarda bo‘sh turgan yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilishi kerak.
Xatlov natijalari bo‘yicha auksionga chiqariladigan yer uchastkalari ro‘yxati shakllantiriladi. Hokimlar 2025 yil dekabr oyida mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlashlari lozim.
Mavzuga oid
20:14 / 11.11.2025
Prezident Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli stadion qurilishiga tamal toshi qo‘ydi
10:59 / 19.09.2025
Norin tumani hokimi konteyner uyga ko‘chib o‘tdi
21:28 / 25.08.2025
Stadionlarni xususiylashtirish taqiqlandi
17:06 / 25.08.2025