O‘zbekiston | 17:13 / 06.11.2020
12773
3 daqiqa o‘qiladi

Umumiy amaliyot shifokori oilaviy shifokorga aylantiriladi

Prezident raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidagi muammolar tahlil qilinmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda prezident Mirziyoyev tibbiyot tizimini isloh qilishning navbatdagi muhim vazifalardan biri sifatida joylardagi umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish borasida gapirgan.

«Bundan keyin ilg‘or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish, oilaviy shifokorga yordam beradigan o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo‘yicha «tibbiyot brigadalari»ni tashkil etish kerak.

Bu brigadalar o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda oilalar kesimida «tibbiy xarita»ni shakllantiradi.

«Tibbiy xarita»ga oila a'zolari, ularning salomatligi haqidagi barcha ma'lumotlar kiritilib, ular bilan manzilli ish yo‘lga qo‘yiladi.

Tibbiyot brigadalari mahalla va oilalar kesimida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha manzilli skrining tadbirlarini o‘tkazadi», dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda homiladorlar, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, tug‘ish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shaxslar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari amalga oshirilishi zarurligini ham ta'kidlagan.

«Bunda, ortiqcha vazn, yuqori qon bosimi bor, qandli diabet, infarkt, insult, onkologik va boshqa ijtimoiy kasalliklarga moyil bo‘lganlarning alohida ro‘yxati yuritilib, ular individual patronajga olinadi. Bundan buyon, bepul tibbiy yordam uchun tor soha shifokorlari, tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalariga yo‘llanmani oilaviy shifokor beradi. Shuningdek, bepul tarqatiladigan dorilarga retsept berish ham oilaviy shifokorlarga yuklatiladi.

Men prezidentlikka kelgan dastlabki kunlarimdayoq aytgandim, joylarda retsept yozishda xiyonat bo‘lmoqda. Vrachlar odamlarga birinchi tavsiyadayoq eng kuchli va eng qimmat antibiotiklarni yozib bermoqda. Kim ruxsat berdi unga? Axir odam organizmi kasallikda avvalo kuchli bo‘lmagan antibiotiklarni qabul qilishi kerak. Kuchli va qimmat antibiotikdan keyin unga boshqa dorilar ta'sir qilmay qo‘yadi.

O‘rganishlarga ko‘ra bizda hozirgi 10 foiz dorilar bilan ham hamma kasallikni davolash mumkin, qolgan 90 foiz kasalliklarning esa profilaktika orqali oldini olsa bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda endilikda mahallalardagi aholining salomatlik ko‘rsatkichlari, hududdagi kasalliklarning o‘sishi, aholining shifoxonalarga yotishi va tez yordamga murojaatiga qarab oilaviy shifokorlar faoliyatiga baho berilishi ham alohida ta'kidlandi.

«Qaysi oilaviy shifokor aholiga ko‘proq xizmat ko‘rsatsa, shunga yarasha u o‘zining brigadasi bilan ko‘proq oylik oladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid