O‘zbekiston | 19:59 / 24.04.2026
17114
11 daqiqa o‘qiladi

Namanganda fuqaroni qiynoqqa solgan IIB xodimlari qamaldi

Namangan shahrida profilaktika inspektori Bahrom Do‘stnazarovning “gaplashib olamiz” degan gapiga ishonib IIB binosiga borgan Abdulahad O‘rmonov o‘lasi qilib kaltaklandi. So‘ng xodimlar uni huquqbuzar sifatida qamashga harakat qilishgan. Biroq sud ishni qaytarib yuborishi sabab ularning bu g‘ayriinsoniy rejasi amalga oshmay qoldi. Maqolada ichki ishlar organi xodimlari sodir etgan ushbu jinoyat tafsilotlari haqida hikoya qilinadi.     

Namanganda fuqaroni kaltaklab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan 3 nafar IIB xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

O‘zaro nizo ildizi

Sud hukmiga ko‘ra, IIB xodimi Bahrom Do‘stnazarov va fuqaro Abdulahad O‘rmonov o‘rtasida avvaldan kelishmovchilik bo‘lgan: Do‘stnazarov Namangan shahridagi Oltitosh mahallasida profilaktika inspektori lavozimida ishlagan, O‘rmonov esa ushbu mahallada yashagan.

Abdulahad O‘rmonov bir necha bor oilaviy nizo sabab turmush o‘rtog‘i bilan janjallashgan. Bahrom Do‘stnazarov hudud “uchastkavoyi” sifatida holatga aralashgan va Abdulahad O‘rmonovga chora ko‘rgan. Shu tariqa O‘rmonov turmush o‘rtog‘i va profilaktika inspektori o‘rtasida ishqiy munosabat bor degan xulosaga kelgan.

Bahrom Do‘stnazarov 2023 yilning mart oyida Norin tumanidagi Yaydoq mahallasi hududiga profilaktika inspektori vazifasiga ishga o‘tkazilgan. Ammo u o‘zining shaxsiy masalalarida muntazam ravishda Oltitosh mahallasiga kelib yurgan. Do‘stnazarovning bunday “serqatnovligi” Abdulahad O‘rmonovdagi shubhani oshirgan.

2025 yilning 14 avgusti. Bahrom Do‘stnazarov mashinasini ta’mirlatish maqsadida Namangan shahri Guzar mahallasi hududidagi ustaxonaga borgan. Bu paytda uning Chust tumani IIB profilaktika inspektori lavozimiga ishga o‘tkazilganiga 10 kun bo‘lgandi. Abdulahad O‘rmonov uni ko‘rib qolgan va turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtalarida ishqiy munosabatlar borligiga izoh berishni talab qila boshlagan.

“Gaplashib olamiz”

Sud hujjatida keltirilishicha, Bahrom Do‘stnazarov g‘azab otiga minib, Abdulahad O‘rmonovni qamatish orqali undan o‘ch olmoqchi bo‘lgan. “Gaplashib olamiz”, degan u O‘rmonovdan Namangan shahar 1-sonli IIB binosi oldiga borishni talab qilib.

Shu tariqa profilaktika inspektori IIB binosiga ketgan, Abdulahad O‘rmonov uning ketidan borgan. Bu paytda soat 17:45 lar chamasi bo‘lgan.

Bahrom Do‘stnazarov IIB binosi kirish qismida Abdulahadni kutib turgan. So‘ngra hamkasbi Islom Qodirovga qo‘ng‘iroq qilib, go‘yoki Abdulahad O‘rmonov ortidan kuzatib kelgan holda qo‘lida pichoq bilan tahdid qilayotganini aytgan. 

Voqea joyiga profilaktika inspektorlari Islom Qodirov va Muhammad Tojiboyev yetib kelgan. Bahrom Do‘stnazarov ular bilan uchrashib, Abdulahad O‘rmonovni huquqbuzarlikda ayblagan holda qamashda amaliy yordam so‘ragan.

Kamerasiz xonadagi qiynoq

Shu tariqa uchalasi Abdulahad O‘rmonovni mayda bezorilik sodir etganlikda ayblab, kuch ishlatgan holda IIB binosining kirish qismidagi yo‘lakka olib o‘tgan. Avvaliga hech bir asossiz uning yonida pichoq borligi vaji bilan shaxsiy tintuv o‘tkazishgan. So‘ngra qo‘liga kishan taqib, fuqarolarni qabul qilish xonasiga olib kirishgan. Bu xonada videokamera bo‘lmagan.

Shundan so‘ng Bahrom Do‘stnazarov uzoq muddatga qamatib yuborish bilan tahdid qilgan holda O‘rmonovning yuz qismiga musht tushirgan. U zarbadan yiqilgan. Islom Qodirov sakragan holda tizzasi bilan yerda yotgan O‘rmonovning qorin va ko‘krak qismiga zarba bergan. Muhammad Tojiboyev ham uni bir necha bor tepgan.

Abdulahad O‘rmonov 3 nafar IIB xodimining zarbalari oqibatida og‘ir tan jarohati olgan.

Jinoyatni yashirishga harakat

Profilaktika inspektorlari Abdulahad O‘rmonovni jarohatlab, nima ish qilib qo‘yishganini tushunib turishgandi. Shu sababli, ular o‘z qilmishlarini yashirish haqida o‘ylay boshlashadi: O‘rmonovni avvaliga o‘sha kamerasiz xonada, so‘ngra IIB binosining ko‘cha tomonga ko‘rinmaydigan qismida soat 22:34 ga qadar ushlab turishadi. 

Shundan keyin xodimlar o‘z harakatlariga qonuniy tus berish uchun profilaktika inspektorlari Abdulaziz Murodov va Bobur Abdullayevga Abdulahad O‘rmonovni zudlik bilan shifokor ko‘rigidan o‘tkazib, Namangan shahar IIBga ma’muriy tartibda ushlab turishga yetkazish topshirig‘ini berishadi.

Shu tariqa aslida jabrlanuvchi bo‘lgan O‘rmonovni mayda bezorilik, tuhmat hamda ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik huquqbuzarliklarida ayblanib, ma’muriy tartibda ushlab turish maqsadida Namangan shahar IIB navbatchilik qismiga topshiriladi. Ammo navbatchilik qismi navbatchisi to‘plangan hujjatlar to‘liq emasligini bildirib, O‘rmonovni qabul qilishni rad etadi.

Shundan so‘ng Bahrom Do‘stnazarov og‘ir tan jarohati olgan Abdulahad O‘rmonovning qo‘yib yuborish haqidagi iltimoslariga e’tibor ham bermagan holda uni Yangi qurilish mahallasi binosidagi profilaktika inspektori xonasida 15 avgust kuni ertalabga qadar ushlab turadi. O‘zi esa O‘rmonovga nisbatan to‘plangan hujjatlarning “kam-ko‘stini” to‘ldiradi. Ya’ni yolg‘on ma’lumotlar kiritgan holda hujjatlarni soxtalashtiradi. So‘ngra ishni mazmunan ko‘rib chiqish uchun JIB Namangan shahar sudiga taqdim etadi.

Suddan qaytgan ish

Bahrom Do‘stnazarovning maqsadi nima qilib bo‘lsa-da, Abdulahad O‘rmonovni ma’muriy qamoqqa tiqish edi. Biroq sudya hujjatlardagi kamchiliklar sabab qo‘shimcha surishtiruv o‘tkazish uchun ishni IIBga qaytarib yuborgan.

Sud ajrimida keltirilishicha, go‘yoki “Abdulahad O‘rmonov Namangan shahrining Objovuz mahallasi hududida A.Qahhorov bilan o‘zaro tortishib qolgan va haqoratlagan, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan IIB xodimlarining esa qonuniy talablarini bajarmagan”. Bu Bahrom Do‘stnazarov ma’muriy bayonnomalarni ayni shu yolg‘on ustiga soxtalashtirganini ko‘rsatadi. 

Hayoti saqlab qolindi

Abdulahad O‘rmonovni ma’muriy qamoqqa tiqish imkoni bo‘lmadi, qolaversa unda jarohat izlari bor. Shu bois, ahvoli yaxshilanib, shikoyat qilish fikridan qaytgunga qadar uni nazorat qilib turish zarurati yuzaga kelgandi. Bahrom Do‘stnazarov nima qilishni bilmay, go‘yoki O‘rmonov o‘zi bilan “dam olib yurganini” sahnalashtirishga harakat qiladi. Buning uchun Abdulahad O‘rmonovning qaynotasi va qarindoshini ham olib, Pop tumaniga borishadi. 

Biroq 16 avgust kuni kechda olgan tan jarohatlari sababli Abdulahad O‘rmonovning ahvoli og‘irlashadi. Shunda Bahrom Do‘stnazarov uni Namangan shahridagi xususiy shifoxonaga tashlab ketadi.

O‘rmonovning yaqinlari zudlik bilan uni respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy-markazi Namangan filialiga o‘tkazgan. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

“Men urmadim”

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bahrom Do‘stnazarov 2025 yil 6 sentabrda, Islom Qodirov 8 sentabrda va Muhammad Tojiboyev 26 noyabr kuni qamoqqa olingan. 

Sudda ularning birortasi o‘z aybiga iqrorlik bildirmagan. Hatto aybni bir-birlariga to‘nkashga urinishgan.        

Masalan, Bahrom Do‘stnazarov o‘z ko‘rsatmasida Abdulahad O‘rmonovni aslida kamerasiz xonada Islom Qodirov urganini bildirgan.

Islom Qodirov O‘rmonovning yuz qismiga qo‘li bilan urganida u yerga o‘tirib qoldi. Shu vaqt Islom Qodirov uning qorin sohasiga zarb bilan qattiq tepdi. Abdulahad O‘rmonov kaltakning zarbidan uvillab yig‘lay boshladi. Ularni ajratib, Islom Qodirovni chetga surdim”, degan Bahrom Do‘stnazarov.

Islom Qodirov esa ko‘rsatmasida O‘rmonov kaltaklangan xonaga umuman kirmaganini ma’lum qilgan.

Bahrom Do‘stnazarov Abdulahad O‘rmonovni fuqarolarni qabul qilish xonasiga olib kirib ketdi. Eshikni ichkaridan yopib oldi. Shu vaqt xonadan Bahrom Do‘stnazarov O‘rmonovni yerga tashlab yuborgan ovozi eshitildi. So‘ng u yerdan ketdim”, degan u. 

Ammo sudda so‘ralgan guvohlar kamerasiz xonada uchala sudlanuvchi ham bo‘lganini bildirishgan.

Jazo

JIB Namangan shahar sudining 2026 yil 13 fevraldagi hukmi bilan sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “k” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-1-moddasi (dalillarni soxtalashtirish) 2-qismi “a” bandi hamda 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.  Bahrom Do‘stnazarovga 7 yil, Islom Qodirovga 6 yil va Muhammad Tojiboyevga 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

Shuningdek, ular 3 yil muddatga ichki ishlar idoralari tizimida, shuningdek, davlat korxona, muassasa va tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Apellyatsiya sudida ishning Bahrom Do‘stnazarovga oid qismi ko‘rib chiqilib, dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi. 

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid