O‘zbekiston | 19:51 / 04.12.2025
10703
5 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi yaratgani iddao qilingan mobil ilova xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lib chiqdi

Iste’molchining gaz sarfiyatini ko‘rsatib turuvchi HGT mobil ilovasi xususiy tadbirkorga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Bu xizmat bir yil oldin Energetika vazirligi va “Hududgazta’minot” tomonidan ishlab chiqilgani aytilgandi. Tarmoqda muhokama kelib chiqishi ortidan, har ikki tomon holatga izoh berdi: ma’lum qilinishicha, ular yakuniy kelishuvga erishmaganidan keyin yo‘llar ayrilgan.

Ushbu ilovani O‘zbekiston Energetika vazirligi 2024 yil noyabrida taqdim etgan edi.

Energetika vazirligi hamda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan aholi iste’molchilarining tabiiy gaz sarfi va xarajatlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Hudud Gaz Ta‘minot” mobil ilovasi test sinovida ishga tushirildi. Mazkur ilova orqali iste’molchilar bevosita kunlik va oylik kesimida tabiiy gaz iste’molini kuzatib borish, xususan, gaz hisobraqamlariga to‘lov qilish hamda suyultirilgan gaz iste’molchilari o‘z hisoblarini to‘ldirish va biriktirilgan ballonlar ro‘yxatini ko‘rib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi”,deyilgandi vazirlik xabarida.

Ilova ishga tushirilgan paytda undagi barcha ma’lumotlarni ko‘rish bepul edi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, ilovaga yangi qo‘shilgan va bungacha mavjud bo‘lgan funksiyalarning bir qismidan foydalanish uchun 5 ming so‘mlik premium obuna paydo bo‘ldi. Bu esa ayrim foydalanuvchilarda e’tiroz uyg‘otdi: “Davlat nega bizdan qo‘shimcha pul undiryapti?” degan savollar yuzaga keldi.

Tadbirkor Alisher Tojiyev X ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda yangragan e’tirozga javoban, ilova 100 foiz unga tegishli ekani va o‘z mablag‘lari hisobidan yaratilganini ma’lum qildi.

HGT loyihasini yaratish uchun davlat budjeti mablag‘lari sarflanmagan. Unda nega loyiha haqida Energetika vazirligi va “Hududgazta’minot” AJ o‘z kanalida yozib chiqqan edi? Gap shundaki, loyihani yaratganimdan so‘ng uni tegishli tashkilotlarga taqdimot qilib berganman. Ochig‘ini yashirmasdan aytaman, maqsadim davlat-xususiy sheriklik asosida ishlash bo‘lgan. Ammo qonuniy tomondan yo‘li topilmagani sababli ushbu taklifimni rad etgan.

[...] Dastlab loyihani ishlab chiqqanimda ilovamizda “Hududgazta’minot” AJ nomi va logotipi ham bor edi. Chunki yuqorida aytganimdek, davlat-xususiy sheriklik asosida ishlash niyatim bo‘lgan. Ammo keyinchalik “Hududgazta’minot” AJ bizga rasman xat bilan murojaat qilib, ilovadan AJ nomi hamda logotipini olib tashlashni, bu iste’molchilarni chalg‘itayotganini ta’kidlagan va biz zudlik bilan olib tashlaganmiz”, deya yozdi Alisher Tojiyev.

Tadbirkor ayrim xizmatlarning pulli qilib qo‘yilganini ilova faoliyatini ta’minlashdagi operatsion xarajatlar bilan izohladi.

“Hududgazta’minot” izohi

Tarmoqlardagi muhokamalar fonida Kun.uz muxbiri “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmatidan davlat tashkilotining HGT ilovasi yaratilishidagi roli haqida izoh so‘ragan edi. Shundan keyin kompaniya o‘z rasmiy sahifasida fuqarolar uchun gaz iste’molini nazorat qilishning rasmiy va bepul imkoniyatlari mavjudligiga urg‘u berib, HGT ilovasi bo‘yicha tadbirkor bilan yakuniy kelishuvga erishilmaganini ma’lum qildi.

Hududgazta’minot AJ hamda UIC o‘rtasida dastlabki kelishuvga muvofiq HGT mobil ilovasi 2024 yilda test rejimida ishga tushirilgan. Biroq tomonlar mobil ilovadan foydalanish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishmagan. Bugungi kunda ilova mustaqil korxona tomonidan boshqariladi va undagi xizmatlar “Hududgazta’minot” AJ tomonidan belgilanmaydi”, – deyiladi kompaniya bayonotida.

Bayonotda aytilishicha, aholida gaz iste’molini nazorat qilishning rasmiy va bepul imkoniyatlari mavjud. Xususan:

  • www.hududgaz.uz rasmiy saytidagi shaxsiy kabinet orqali kunlik/oylik gaz iste’moli, to‘lovlar va boshqa ma’lumotlarni kuzatib borish mumkin.
  • Mygov mobil ilovasidagi “Mening uyim” menyusida ham iste’mol ko‘rsatkichlari bilan tanishish imkoniyati mavjud.

“Shuningdek, Soliq mobil ilovasi hamda barcha mobil to‘lov ilovalarida oylik iste’mol, bazaviy me’yor doirasidagi iste’mol, hisoblagichning so‘nggi ko‘rsatkichi va to‘lovlar bo‘yicha ma’lumotlar ochiq taqdim etilmoqda”, deya qayd etgan “Hududgazta’minot”.

API'ga kirish imkoniyati va shaxsga doir ma’lumotlar masalasi

Gaz ta’minoti idorasiga ko‘ra, gaz iste’moli hisobi bo‘yicha ma’lumotlar “Idoralararo integratsiyalashuv platformasi”da mavjud bo‘lib, undan foydalanishni istagan tashkilotlar amaldagi tartib asosida murojaat qilgan holda, integratsiya o‘rnatishlari mumkin.

Tadbirkor Alisher Tojiyevning qayd etishicha, barcha ma’lumotlar foydalanuvchining o‘z xohishi va roziligi asosida elektron hukumat tizimidan olinadi. Bunda Kiberxavfsizlik markazidan ekspertiza xulosasi olingan.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid