Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ozarboyjon va Armaniston endi urushmaslikka ahdlashdi
Ular Trampning vositachiligida (va Rossiyaning ishtirokisiz) kelgusidagi tinchlik deklaratsiyasini imzoladi. AQSh Ozarboyjon va Naxichivon eksklavi o‘rtasidagi yo‘lakni o‘z nazoratiga oladi. Rossiya sovuqqonlik bilan munosabat bildirdi, Eron esa norozi.
Nathan Howard / EPA / Scanpix / LETA
Ozarboyjon va Armaniston harbiy harakatlardan voz kechdi. Ushbu ikki mamlakat 2023 yildan beri, Boku Qorabog‘ hududini uzil-kesil o‘z nazoratiga olganidan beri tinchlik shartnomasini muhokama qilib kelayotgandi. Hujjat matn 2025 yil mart oyida kelishilgan. Iyul oyida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Abu-Dabidagi muzokaralarda uchrashgan, biroq uchrashuvda aniq natijalar bo‘lmagandi. Yakunda AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatlar o‘rtasida vositachi bo‘ldi; 8 avgust kuni Armaniston, Ozarboyjon va AQSh rahbarlari Vashingtonda yig‘ilib, unda Aliyev va Pashinyan harbiy qarama-qarshilikdan voz kechish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.
«Biz tinchlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik, – dedi Tramp, garchi hujjatni to‘laqonli tinchlik shartnomasi deb bo‘lmasa ham. – Ular 35 yil jang qilishdi, endi esa do‘stlar. Va ular uzoq vaqt do‘st bo‘lib qoladi». Boku va Yerevan «qarama-qarshilik va qon to‘kish sahifasini yopadi, shuningdek, farzandlarimizning yorqin va xavfsiz kelajagini ta’minlaydi», dedi Aliyev. «Bugungi deklaratsiya... biz Janubiy Kavkazda tinchlik, farovonlik, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning yangi sahifasini ochayotganimizga ishonch bag‘ishlaydi», – deya izoh berdi Pashinyan.
Vashington har ikki davlat bilan hamkorlikni kengaytiradi. Tramp Pashinyan va Aliyev bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha shunday bayonot berdi. AQSh Ozarboyjon va Armaniston bilan energetika, savdo va texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha alohida shartnomalar imzoladi. Shuningdek, Tramp Birinchi Qorabog‘ urushi tufayli 1992 yilda Katta Jorj Bush ma’muriyati davrida Boku bilan mudofaa hamkorligiga qo‘yilgan cheklovni olib tashladi.
G‘arbiy Ozarboyjon va uning eksklavi Naxichivon avtonom respublikasini bog‘lovchi – Armaniston hududidan o‘tuvchi Zangezur yo‘lagi – AQShga topshiriladi. Bu taklif birinchi bo‘lib 2025 yil iyul oyida AQShning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak tomonidan bildirilgandi, u taxminiy ijara muddatini yuz yil deb belgilagandi. Armaniston bunga qat’iyan qarshi chiqqandi. Umuman olganda, Ozarboyjon tomonidan taklif qilingan va Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Zangezur yo‘lagi bo‘ylab 40 kilometrlik yo‘l loyihasining o‘zi Yerevanda doimiy e’tirozlarga sabab bo‘lib keladi: u yerda yo‘l qurilishi 2020 yil Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida, Vladimir Putin ishtirokida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bayonotga zid ekanini ta’kidlashadi.
Shunday bo‘lsa-da, Naxichivon avtonom respublikasi va Ozarboyjonning qolgan hududi o‘rtasidagi transport yo‘lagi yakunda tomonlar 8 avgust kuni Vashingtonda imzolagan deklaratsiyada tilga olingan. U «Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik marshruti» deb nomlanadi.
Tramp jurnalistlarga uning nomi bilan atalgan marshrut Ozarboyjonning o‘z eksklavi bilan aloqasi «Armaniston suverenitetini to‘liq hurmat qilgan holda» ta’minlanishini aytdi. Armaniston yo‘lni rivojlantirish bo‘yicha AQSh bilan hamkorlik bitimi tuzadi, uning amal qilish muddati 99 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Loyiha «investitsiyalarni rag‘batlantiradi va mojarolarni hal qilishning asosiy ishtirokchisi sifatida AQSh yetakchiligini mustahkamlaydi», dedi Nikol Pashinyan. Aliyev «Tramp marshruti» ikki davlat munosabatlaridagi to‘siqlarni olib tashlashini ta’kidlagan.
Eron hukumati AQSh Zangezur yo‘lagini foydalanishga olishiga qarshi chiqdi. Eron oliy rahbarining xalqaro ishlar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy bunday yo‘lak AQSh prezidentiga tegishli yo‘l emas, balki «Donald Tramp yollanma askarlari qabristoni»ga aylanishi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron o‘z manfaatlarini «mutlaqo kuchli tarzda» himoya qilish huquqiga ega va Eron allaqachon mintaqada bir necha harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, tayyorligini namoyish etgan.
Eron bungacha ham taklif etilayotgan tranzit yo‘liga qarshilik bildirib, bu – mamlakatni Armaniston va Kavkazning qolgan qismidan uzib qo‘yishidan hamda chegarasida chet elliklar paydo bo‘lishiga olib kelishidan xavotir bildirgan.
Tinchlik kelishuvi matni 11 avgust kuni e’lon qilinadi. «Vaqtni behuda sarflamaslik kerak, deb o‘ylayman. Ozarboyjon va Armaniston allaqachon tinchlik shartnomasini ratifikatsiya qilganini hisobga olsak, uning rasman imzolanishi ko‘p vaqt talab qilmasligi kerak», – dedi Aliyev jurnalistlarga.
Nikol Pashinyan Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi chegaralarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Armaniston bosh vaziri matbuot anjumanida mamlakatlar sovet davridagi chegaralariga qaytishi kerakligini aytdi. «Bizga tegishli, lekin Ozarboyjon nazorati ostidagi hududlar bor, shu bilan birga, Ozarboyjonga tegishli, lekin bizning nazoratimiz ostidagi hududlar ham bor. Demarkatsiya jarayoni davom etishi kerak», – dedi Pashinyan. U hududlarni «tenglik prinsipi asosida» yoki referendumlar yordamida – Armaniston respublikasining umumiy maydoni (hozir u 29 743 kvadrat kilometrni egallaydi) kamaymasligi sharti bilan almashtirishni istisno qilmagan.
Rossiya muzokaralarda ishtirok etmadi. BBC rus xizmati Aliyev va Pashinyanning BAAdagi muzokaralari haqidagi maqolasida mamlakatlar kelishuvga intilayotgani, chunki ikkisi ham Rossiya ta’sir zonasidan chiqishni xohlashini ta’kidlagandi. Armaniston va Ozarboyjondagi davlat nashrlari o‘shanda Kremlni nazarda tutgan holda «tinchlik jarayonini buzishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar» haqida yozgandi. «Mojaro mamlakatlarining o‘zida munosabatlarning normallashtirilishi Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi ishtirokini cheklash imkoniyati sifatida ko‘rilmoqda», – deyiladi BBC matnida.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova 9 avgust kuni Boku va Yerevan munosabatlarini normallashtirish Rossiya ko‘magida boshlanganini iddao qildi. «Janubiy Kavkaz respublikalari rahbarlarining Vashingtonda Amerika tomoni vositachiligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ijobiy bahoga loyiq. Umid qilamizki, bu qadam tinchlik kun tartibini ilgari surishga yordam beradi», – dedi Zaxarova.
Mavzuga oid
08:29 / 29.12.2025
Donbass masalasi hal bo‘lmadi: Tramp va Zelenskiy uchrashuvi natijalari
22:32 / 28.12.2025
BMTning vazifasini AQSh bajarmoqda – Tramp
17:00 / 28.12.2025
Putin yana harbiy formada yig‘ilish o‘tkazdi. Lavrov Yevropani «tinchlik yo‘lidagi asosiy g‘ov» deb atadi
14:06 / 27.12.2025