Jahon | 23:17 / 18.03.2026
7504
8 daqiqa o‘qiladi

“Xitoyning maqsadi – radarlarni sinab ko‘rish” - Hikmatilla Kazakbayev

Tayvan atrofida harbiy faollik yana kuchaydi: yakshanba kuni XXRning 26 ta harbiy samolyoti va 7 ta harbiy kemasi Tayvan iqtisodiy zonasiga kirgan, ularning 16 tasi bevosita xavfsizlik zonasida qayd etilgan. Bu hodisa Tayvan parlamentining AQShdan yana qurol-yarog‘ sotib olish qarorlari fonida yuz berdi.

Mavzu yuzasidan Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar sharhi.

Hikmatulla Kazakbayev: 16 mart kuni Xitoyning 26 ta harbiy samolyoti va 7 ta harbiy kemasi Tayvanning iqtisodiy zonasiga kirgan. Shu samolyotlarning 16 tasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Tayvan havo hududiga ham kirib borgan. Bunday holatlar so‘nggi paytlarda tez-tez kuzatilmoqda. Masalan, oxirgi marta 6 mart kuni shunga o‘xshash voqea qayd etilgan edi. Undan avval esa 27 fevral kuni ham shunday holat kuzatilgan.

Buning sababi, 12 mart kuni Tayvan parlamenti AQShdan 9 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotib olish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi. Ya’ni hukumatga AQShdan katta miqdorda harbiy texnika xarid qilish uchun ruxsat berildi. Ushbu paket tarkibida asosan HIMARS raketa tizimlari va tankka qarshi Javeline raketalari bor.

Bundan tashqari, 16 mart kuni Tayvan parlamentida yana qo‘shimcha 14 milliard dollarlik AQSh qurol-yarog‘larini sotib olish masalasi muhokamaga qo‘yildi. Bu – Tayvanning harbiy salohiyatini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan qadam sifatida ko‘rilmoqda.

Xitoy odatda Tayvanda yuz beradigan bunday siyosiy yoki harbiy qarorlarga o‘zining harbiy faolligi bilan javob qaytaradi. Masalan, Tayvanga AQSh vakillari tashrif buyursa, Tayvan boshqa davlatlar bilan harbiy yoki iqtisodiy kelishuvlar tuzsa, yoki orolda saylovlar o‘tkazilsa, Pekin ko‘pincha harbiy mashg‘ulotlar yoki kuch namoyishi orqali reaksiyasini bildiradi.

Hozirgi vaziyatda yana bir muhim omil bor. Ma’lumki, AQShning Yettinchi floti asosan Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida joylashgan. Biroq Eron bilan bog‘liq mojarolar sabab ushbu flotning ayrim qismlari hozirda Yaqin Sharqqa ko‘chirilgan. Bu esa ma’lum darajada AQSh e’tiborining hozircha boshqa mintaqaga qaratilganini anglatadi. Shunday sharoitda, Xitoy ham o‘z harbiy salohiyatini namoyish qilishga harakat qilmoqda.

Bundan tashqari, bunday parvozlar va harbiy harakatlar yana bir maqsadga ham xizmat qilishi mumkin – Tayvanning radar va kuzatuv tizimlarini tekshirish. Chunki Xitoy samolyotlari yoki kemalari kirgani haqidagi ma’lumotlar asosan Tayvan radar tizimlari orqali aniqlanadi. Shu bilan birga, Xitoy hozir beshinchi avlod qiruvchi samolyoti – G-20'ni takomillashtirish ustida ishlamoqda. Bunday uchishlar ushbu texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.

Zamonaviy urush strategiyasiga qarasak, bugungi kunda asosiy ustunlik quruqlikdagi qo‘shinlar soni bilan emas, balki havo va dengizdagi nazorat bilan belgilanadi. Shuningdek, ballistik va qanotli raketalar ham muhim rol o‘ynaydi. Ya’ni zamonaviy urushlarda asosiy e’tibor havo ustunligi va dengiz nazoratiga qaratilmoqda.

Shu sababli Xitoy tez-tez bu hududda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini e’lon qilib, ma’lum vaqtga mintaqadagi harakatlarni cheklab qo‘yadi. Bu signal faqat Tayvanga emas, balki Yaponiya va Janubiy Koreyaga ham qaratilgan. Chunki Tayvan bo‘g‘ozi orqali Yaponiya va Koreyaga tegishli ko‘plab savdo kemalari o‘tadi. Ayniqsa, Malakka bo‘g‘ozidan kelayotgan neft tankerlarining muhim qismi aynan shu yo‘nalish orqali harakatlanadi. Bundan tashqari, Tayvan bo‘g‘ozi Xitoy uchun Tinch okeaniga chiqadigan strategik yo‘llardan biri hisoblanadi.

Tayvan – Xitoy atrofidagi “birinchi orollar zanjiri” deb ataladigan geostrategik tizimning markaziy nuqtalaridan biri. Shu sababli Pekin Tayvandagi har qanday siyosiy faollikka doimiy ravishda harbiy signal orqali javob berib keladi.

Sanjarbek Rashidov: O‘zbekiston ham “yagona Xitoy” konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni Xitoy Taypeyi alohida mustaqil davlat sifatida tan olinmaydi. Shu sababli bu masalani Isroil va Eron yoki AQSh va Eron o‘rtasidagi mojarolar bilan solishtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki Xitoy Tayvan masalasini tashqi siyosiy mojarodan ko‘ra o‘zining ichki masalasi sifatida ko‘radi.

Pekinning pozitsiyasiga ko‘ra, agar biror davlat Tayvan bilan diplomatik aloqalar o‘rnatsa yoki unga harbiy, iqtisodiy yordam ko‘rsatsa, bu Xitoyning ichki ishlariga aralashuv sifatida baholanadi. Xitoy bu mavzuga doimo juda sezgir va keskin munosabat bildirib keladi.

Tayvanning boshqa davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy yoki harbiy aloqalari Xitoy tomonidan juda og‘riqli qabul qilinadi. Chunki Pekin Tayvanni o‘z hududining ajralmas qismi deb hisoblaydi va shuning uchun bunday holatlarga tezkor reaksiya bildiradi.

Albatta, bu masalaning tarixiy ildizlari ham bor. U Gomindan davri va Chan Kayshi hukumatining Tayvanga chekinishi bilan bog‘liq. Biroq hozirgi real siyosatda asosiy omillardan biri – AQShning roli hisoblanadi.

Masalan, AQSh Kongressi spikeri bo‘lgan Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi katta siyosiy shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Chunki bungacha AQShning yuqori martabali rahbarlari bunday darajadagi tashrifni amalga oshirmagan.

Rasmiy jihatdan AQSh ham Tayvanni mustaqil davlat sifatida tan olmaydi, biroq u bilan hamkorlikni davom ettiradi va ma’lum darajada harbiy yordam ham ko‘rsatadi. Bu holat xalqaro siyosatda “status-kvo”ni saqlash siyosati sifatida ko‘riladi.

Ammo so‘nggi yillarda Xitoy nazarida aynan AQSh va uning ittifoqchilari bu status-kvoni buzayotgan tomonga aylanmoqda. Masalan, 2025 yil oxirida AQSh Kongressi Tayvanga taxminan 11 milliard dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha qarorni ma’qulladi. Bu esa Pekinning keskin reaksiyasiga sabab bo‘ldi.

Shundan ko‘p o‘tmay, 2025 yil dekabr oyida Xitoy “Adolat missiyasi – 2025” nomli yirik harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazdi. Ushbu mashqlarda Xitoyning katta dengiz floti, harbiy samolyotlari va boshqa kuchlari ishtirok etdi. Bu amalda Pekinning siyosiy signaliga aylangan edi.

Hozirgi vaziyatga qarasak, Tayvan deyarli to‘rt tomondan Xitoy harbiy faolligi bilan o‘ralib turibdi.

Orol atrofida muntazam ravishda Xitoy harbiy kemalari patrul qilmoqda yoki harbiy samolyotlari parvoz qilmoqda. Shu bilan birga, Xitoy Tayvanga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy bostirib kirish masalasida hozircha aniq qaror qabul qilgani yo‘q. Bu borada xalqaro siyosiy doiralarda hamon ko‘plab bahs-munozaralar davom etmoqda. Hozirgi paytgacha Xitoy Tayvanga nisbatan ochiq qurolli tajovuz qilmagan. Biroq harbiy mashg‘ulotlar va kuch namoyishlari orqali orol atrofida doimiy strategik bosim saqlanib qolmoqda.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid