Texnologiya | 08:56
754
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy dronlarni havoda quvvatlantirish texnologiyasini sinovdan o‘tkazdi

Xitoylik tadqiqotchilar dronlarni parvoz vaqtida simsiz quvvatlantirish tizimini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Tizim yerdagi mobil qurilmadan dron ostiga o‘rnatilgan antenna panjarasiga mikroto‘lqinli nur orqali energiya yuboradi.

Foto: Xinhua

Muhimi, sinov davomida dron ham, yerdagi qurilma ham harakatda bo‘lgan holatda barqaror energiya uzatishga erishilgan. Bu avvalgi statik tajribalarga nisbatan muhim qadam hisoblanadi.

Mutaxassislar bu texnologiyani “yerdagi aviatashuvchi”ga qiyoslamoqda: zirhlangan mashina dronlarni uchirish platformasi va energiya markazi vazifasini bajarishi mumkin.

Bunday tizim dronlarning parvoz vaqtini ancha uzaytirishi mumkin. Bu ularga uzoq muddat kuzatuv olib borish, zarba berish va radioelektron kurash operatsiyalarini tez-tez qo‘nmasdan bajarish imkonini beradi.

Sinovlarda transport vositasiga o‘rnatilgan tizim samolyotsimon dronlarni taxminan 15 metr balandlikda 3,1 soatgacha havoda ushlab turgan. Bu haqda South China Morning Post xabar bergan.

Loyiha rahbari Sun Liveyning aytishicha, eng qiyin vazifalardan biri dron va yerdagi qurilma harakatda bo‘lgan paytda mikroto‘lqinli nurni aniq yo‘naltirish bo‘lgan. Bu muammo GPS, real vaqtda kuzatish tizimi va dronning bort boshqaruvi orqali hal qilingan.

Texnologiya dronlarning akkumulyatorlarga bog‘liqligini kamaytirishi mumkin. Natijada ular yengilroq bo‘ladi, ko‘proq sensorlar yoki og‘irroq uskunalarni ko‘tara oladi va uzoqroq vaqt vazifa bajaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid