Jamiyat | 11:00 / 03.04.2020
7597
2 daqiqa o‘qiladi

Sinovli kunlar bizni birlashtirdi yoxud mehr-muruvvat ko‘rsataylik

Foto: «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti ma'muriyati

Butun bashariyat sinovli va og‘ir kunlarni boshidan kechirmoqda. Koronavirusga qarshi kurashish yo‘lida xalqimiz birlashib, birdam va hamjihat bo‘ldi. Saxovatpesha insonlarning sa'y-harakatlari bilan karantin vaqtida qiyin ahvolda qolgan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatilmoqda.

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti ham bu savobli ishlardan chetda qolmadi. Universitet birinchi prorektori To‘rayev Bahodir tashabbusi bilan oliygoh jamoasi hamda Samarkand viloyati Volontyorlar uyushmasi vakili Marina Ignatova bilan birgalikda xayriya-ehson tadbiri o‘tkazildi.

Universitet faollari tomonidan yolg‘iz nogiron qariyalar, muhtoj kishilar, nogiron, kasalmand farzandi bor oilalarga go‘sht, yog‘ va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarqatildi. Bundan tashqari, bolalar tserebral falaji tashxisi qo‘yilgan farzandi bor oilalarga kerakli dori-darmonlar yetkazib berildi.

Butun dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilgan, insoniyatni g‘am-qayg‘uga solib, tinch-osoyishta hayotini izdan chiqargan qo‘rqinchli balo boshqa tomondan odamlarga hayotni, tinchlikni, bir-birini qadrlash imkonini berdi. Og‘ir damlarda insonlarning bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zishi ham farz, ham qarzdir.

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti ma'muriyati

Mavzuga oid