Himoya orderi rostdan “himoyachi”mi? – xotin-qizlarni zo‘ravondan asrash tizimi haqida
Yaqin-yaqingacha maishiy zo‘ravonlik faqat oila ichida hal qilinadigan gap edi. Hukumat ochiqchasiga (barcha vaziyatlarda emas!) oilaviy zo‘ravonlikni tan olayotgani bu yo‘nalishda ijobiy tendensiyani boshlab berdi. Xotin-qizlarga berilayotgan himoya orderi jabrlanuvchini zo‘ravondan asrashning bir yo‘li sifatida taqdim etilmoqda. Orderning joriy etilgani ijobiy qadam. Amaliyotda u qanday ishlayapti? Jabrlanuvchilarga haqiqatan yordam berolyaptimi? Shu va boshqa savollarga maqolada javob izlashga urinamiz.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda himoya orderiga quyidagicha ta’rif berilgan:
Himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanishiga sabab bo‘ladigan hujjat.
Tushuniladiki, order xotin-qizlarga nafaqat turmush o‘rtog‘i, balki qarindoshlari, hamkasbi zulmidan himoyalanish uchun ham beriladi. Himoya orderi jabrlanuvchiga murojaat qilgan kunidan boshlab 24 soat ichida huquq-tartibot organlari tomonidan beriladi va 30 kungacha amal qiladi. Holat o‘zgarmasa, muddat yana 30 kungacha cho‘zilishi mumkin.
“Himoya orderi berilganidan so‘ng uni nazorat qilish mexanizmi ishlamaydi”
Gender tengligi masalalari bo‘yicha mutaxassis, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b. Kamola Aliyeva:
“Himoya orderi berilgandan keyin zo‘ravon va jabrlanuvchi aloqalari cheklanadi va bu qay tartibda nazorat qilinadi? Buning aniq mexanizmi yo‘q. Himoya orderi berilsa ham zo‘ravonning qayta tazyiq o‘tkazish holatlari juda ko‘p. “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 2061-moddasiga ko‘ra, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Bu degani zo‘ravonlik holati qayta takrorlanishi ham jarima bilan jazolanadi. Jinoiy javobgarlik yo‘q. Bu esa zo‘ravonni qo‘rqitolmaydi. Himoya orderi berilganidan keyingi vaziyat qanday monitoring qilinishi bizga qorong‘i. Hech qayerda aniq tafsilotlar e’lon qilinmagan”.
Muddat kam emasmi?
30 kunlik muddat jabrlanuvchini zo‘ravondan himoya qilishga yetadimi? 30 kun ichida zo‘ravon xulqini o‘zgartirishi qanday me’yorlarga asosan hisoblab chiqilgan? Bu bo‘yicha qanday ilmiy tadqiqotlar mavjud?
Ukraina tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, “Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunida ikki xil himoya orderi haqida gapiriladi. Birinchisi, shoshilinch tarzda beriluvchi order bo‘lib, 10 kun muddatgacha mahalliy huquq-tartibot organlari tomonidan shikoyatchining arizasiga ko‘ra beriladi.
Muddat o‘tgunicha ariza beruvchi yoki uning vakili cudga uzoq muddatli (1 oydan 6 oygacha) himoya orderi berilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin. Muddat tugagach, ariza beruvchi sudga qayta murojaat qilib, yana 6 oygacha order muddatini uzaytirishni so‘rash huquqiga ega.
“Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev), Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) va Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi (Z.B.Mahkamova) 2022 yil 1 iyunga qadar qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak edi.
Qonunchilik loyihasi muhokamasida himoya orderi sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishi bandi aks etishi belgilangan. Ushbu qonun loyihasi taqdiri bilan qiziqib, Adliya vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildik. Matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning ma’lumot berishicha, hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi kunda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida.
Hukumat orderning muddatini uzaytirishga moyillik bildirmoqda. Bunga harakat qilinishi quvonarli holat. Ammo har doimgidek, bu yerda masala qonunning qachon kuchga kirishi, eng muhimi, ijrosida qolmoqda. Aslida, himoya orderining o‘zi yaxshi tajriba bo‘lgan, ammo uning ijrosi qoniqarli darajada emas.
Order sud tomonidan berilishi ham bir qancha savolni keltirib chiqaradi. Bir yillik order sud qarori bilan berilishi qanchalik o‘zini oqlashi mumkin? Ko‘p hollarda o‘rtadagi nizolar sudgacha “bosti-bosti qilinadi”. Sudga murojaat qilish, sud ajrimini kutish vaqt, asab va moliyaviy xarajatlarni talab etadi. Shu sababli bir yillik himoya orderini sud qarorisiz berish tartibini o‘ylab ko‘rish kerak. Yoki yana bir optimal yechim sifatida sudda ish ko‘rib chiqilgani uchun boj to‘lovlari davlat tomonidan qoplanishi va bunday ishlar iloji boricha tezlikda ko‘rib chiqilishi zarur.
Nemolchi.uz nashri o‘zbek tilidagi kontenti muharriri Nigora Adizova himoya orderi muddati haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Xorijiy mamlakatlar amaliyotida kamida 2 turdagi himoya orderi mavjud – qisqa muddat (politsiya tomonidan) va uzoq muddatli (sud tomonidan). Lekin O‘zbekistonda uning faqat bir turi bor – 30 kun muddatga beriladigan vaqtinchalik himoya orderi.
Himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida faqat ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Himoya orderi talablarini bajarmaslik, hatto takroran sodir etilgan taqdirda ham jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Xorijiy mamlakatlarda sud himoya orderini berishda sudlanuvchini order ijro etilmagan taqdirda qamoqqa olish to‘g‘risida bir vaqtning o‘zida order beradi.
Masalan, Turkiyada himoya orderini buzgan shaxs uch oydan olti oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Oilaviy mojaroda tezkor aralashuv vaqtida vaqtinchalik himoya orderi qo‘l kelishi mumkin va bu ish sudda hal etilgunga qadar jabrlanuvchining xavfsiz bo‘lishini nazarda tutadi.
Umuman olganda, oiladagi zo‘ravonlikdan himoyalovchi qisqa muddatli orderlar oiladagi zo‘ravonlikni go‘yoki tuzatishga qaratilganday, ammo shu bilan birga, oiladagi zo‘ravonlik davom etishiga imkon beradi. Bunday qonunchilik xatoni tuzatgandek ko‘rinish beradi, lekin aslida mavjud vaziyatni davom ettiradi.
Gender tengligi masalalari bo‘yicha mutaxassis, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b. Kamola Aliyeva:
“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bir oylik himoya orderi muddati juda kam. Aslida, olti oydan bir yilgacha bo‘lishi kerak. Oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar og‘ir ruhiy og‘riqlarni boshidan o‘tkazadi. Farzandlar ham bundan jabr ko‘rishadi. Ularni reabilitatsiya qilish uchun bir oy yetarli emas. Tabiiyki, yillar davomida shakllangan ruhiy jarohatlarni bir oy davomida davolab bo‘lmaydi.
Zo‘ravonlikni amalga oshirgan shaxs xulqini o‘zgartirish ustida ishlashgayam bu muddat ancha kamlik qiladi. Hukumat tomonidan himoya orderi muddatini bir yilgacha uzaytirish va sud tomonidan berilishini ko‘zlovchi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Lekin asosiysi, bu o‘zgartirishlarning ishlash mexanizmini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. Amaliyotda qo‘llay bilish eng muhimidir”.
“Muddat tugashini kutib, ertasi kuni xotinini urganlar ham bor”
Nemolchi.uz nashri o‘zbek tilidagi kontenti muharriri Nigora Adizova:
“Himoya orderi olgan xotin-qizlar deyarli hech qanday himoyaga ega bo‘lmaydi. Zo‘ravonlar ularning oldiga kelish, aloqaga chiqishda davom etadi. Ya’ni bosim o‘tkazishda davom etadi. Qo‘l ko‘tarmay turishi mumkin, to‘g‘ri. Lekin bizga murojaat qilganlar orasida, ayni himoya orderi muddati tugashini kutib, uning ertasiga yana kaltaklashda davom etilgan holatlar ko‘p.
Umuman, uy zo‘ravonligi keyslari bilan ishlash bo‘yicha alohida bo‘limlar yo‘q, maxsus tayyorlangan xodimlar ham. Uchastka nozirlarining esa oilaviy ishlar bilan "pachakilashish"ga xohishlari va vaqtlari yo‘q. Ayol o‘ldirilsagina yoki joniga qasd qilsagina ishga jiddiy kirishiladi. Himoya orderi jabrlanuvchiga davlat organlari tomonidan beriladigan va uni zo‘rlovchining ta’qib va tazyiqlaridan himoya qiluvchi vositadir.
Orderni buzganlik uchun zo‘ravonga jarima to‘lash yoki hibsga olish jazosi qo‘llanadi, uni bir necha bor sodir etsangiz ham ayni jazo. Himoya orderlari statistikasi shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilik oilalar yarashadi va himoya orderlarining 3 foizdan kamrog‘i jinoiy ishlarga yo‘naltiriladi. Himoya orderi ayollarni himoya qilishda eng kuchli sanalgan Qo‘shma Shtatlarda qaror faqat sudgacha bo‘lgan chora bo‘lsa, O‘zbekistonda himoya orderi ko‘pincha sudgacha yetib bormaydi, ya’ni jarima zo‘ravon uchun yagona jazo bo‘ladi.
Er xotinini kaltaklaydi, ichki ishlar organlari unga yordamga keladi, himoya orderini berishadi, uning talablari esa tajovuzkor tomonidan osonlik bilan buzilaveradi. Himoya orderi hech qachon zo‘ravonlik qurbonlarini himoya qilishning samarali vositasi bo‘lmagan. Jabrlanuvchilarni zo‘rlagan odam bilan qolishga, “yarashishga” va “oilani saqlab qolishga” majbur qilishmoqda.
Zo‘ravonning axloqini tuzatish bilan kim shug‘ullanadi?
Nemolchi.uz nashri o‘zbek tilidagi kontenti muharriri Nigora Adizova:
“Afsuski, xabardor emasmiz. Himoya orderini berish tartibi va boshqa tafsilotlar ochiq dostupda mavjud emas. Masalan, qonunda “Vazirlar Mahkamasidan tuzatish dasturi” ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan, lekin unda qanday mavzular kiritilgan, uni o‘tish tartibi, aynan kimlar ushbu dasturdan o‘tishga majbur ekani aniq ko‘rsatilmagan.
Amaliyotda esa himoya orderi qanday beriladi? Erkak va ayol xotin-qizlar bo‘yicha inspektor huzuriga chaqiriladi. Yaxshigina nasihat qilinadi. Odatda ayolga chidash kerakligi uqtiriladi. Va himoya orderi ikkala tomonga berilib, uning talablari tayinli tushuntirilmaydi ham”.
Gender tengligi masalalari bo‘yicha mutaxassis, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b. Kamola Aliyeva:
“Boshqa davlatlar tajribasiga qarasak, zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs jabrlanuvchidan uzoqlashtiriladi. Axloqni tuzatish markazlariga olib ketiladi. Qonunning 22-moddasiga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlik hollarini aniqlagan vakolatli organ vakili tomonidan profilaktika suhbati o‘tkazish zo‘ravonlik sodir etishga moyil shaxslar bilan qonunda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Oddiygina profilaktik suhbat agressor xulqini o‘zgartirib qo‘ymaydi. O‘z aybini ongli ravishda tushunishi uchun ko‘proq muddat talab qilinadi. Xotin-qizlar qo‘mitasi xalqaro tashkilot bilan agressorlarning axloqini tuzatish bo‘yicha bir loyihani ishga tushirdi. Bu yaxshi tashabbus. Ammo agressor bilan ishlash uchun alohida dastur qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilmagan”.
Ukrainada 2017 yilda qabul qilingan “Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning xulqi ustida alohida dastur ishlashi tartibi belgilab qo‘yilgan. Qonunning 21-8-moddasida “Zo‘ravonlikni amalga oshirgan shaxslar ustida ishlash dasturini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan sub’yektlar mahalliy davlat hokimiyati organlaridir. Dasturni olib borish tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Dasturdan o‘tish sud qarori bilan 3 oydan 1 yilgacha muddat qilib belgilanishi mumkin. Dastur zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.
Takliflar
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mutaxassislari: Eldar Shaydulin va Shaxsanem Saliyeva himoya orderi berish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha bir qancha o‘rinli takliflar bergan.
- zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan jabrdiyda an’anaviy tarzda huquq-tartibot organiga murojaat qilishidan tashqari 24 soatlik ishonch telefonlari orqali murojaat qilish tizimi ham yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu himoya berish tizimi samaradorligi va tezligini oshiradi;
- zo‘ravonlik sodir etilgan va xavfi mavjud bo‘lgan har bir mahallada Milliy gvardiya xodimi bir hafta turishi va kecha-yu kunduz qo‘riqlanishi uchun shart-sharoit yaratilgan maxsus xona tashkil etishi kerak. Bu jabrlanuvchi xavfsizligi uchun juda muhim;
- jabrlanuvchining qarindoshlari, qo‘shnilari ham zo‘ravonlik holati to‘g‘risida xabar berishi orqali himoya orderi berish mexanizmi yaratilishi;
- shaxsning zo‘ravonlikka moyilligini aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida profilaktika inspektorlariga potensial zo‘ravonni maxsus tekshiruvga yuborish vakolatini berish masalasini ishlab chiqish zarur.
Gender masalalari bo‘yicha tadqiqotchi Kamola Aliyevaning taklifiga ko‘ra, himoya orderi elektron tarzda (sms yuborish, rasmiy saytlar, ilovalar orqali) ham berilishini yo‘lga qo‘yish zarur. Uyidan chiqolmaydigan jabrlanuvchi onlayn tarzda ariza to‘ldirish imkoniyati yaratilishi kerak.
Gruziyada bir yaxshi tajriba bor: zo‘ravonga elektron bilaguzuk taqiladi. U orqali zo‘ravonning harakati huquq organlari tomonidan nazorat qilinadi. Bu bilan jabrlanuvchiga zarar yetkazilishi oldi olinadi. Ushbu tajriba bizda ham qo‘llansa, himoya orderi berilganidan keyingi holatni monitoring qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Himoya orderi berilgandan so‘ng xotin-qizlarga ma’lum miqdorda belgilangan moliyaviy mablag‘ davlat tomonidan ajratilishi kerak. Chunki jabrlanuvchi zo‘ravon bilan aloqalarini ma’lum miqdorda cheklaydi. Agar zo‘ravon oilada yagona boquvchi bo‘lsa, jabrlanuvchining moliyaviy ahvoli ushbu vaziyatdan keyin yanada og‘irlashishi mumkin. Buning oldini olish uchun moliyaviy yordam vaqtinchalik samarali yechim bo‘lishi mumkin. Jabrlanuvchiga pul to‘lanishi aslo zo‘ravon hisobidan bo‘lishi kerakmas, chunki bu mablag‘ oilaviy budjetning bir qismidir. Bu bilan jabrlanuvchiga nisbatan zo‘ravonlik holati oshishi ehtimoli yuqori.
Jurnalist Muhabbat Ma’mirova
Mavzuga oid
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
17:13 / 29.11.2024
Tojikistonda bolalarni xivchin bilan savalagan ayol ushlangani ma’lum bo‘ldi
12:00 / 27.11.2024