O‘zbekiston | 12:05 / 18.03.2021
10671
9 daqiqa o‘qiladi

Zafarobod tuman hokimligi 1 yildan buyon urgutlik tadbirkorning 588 million so‘m pulini bermayapti

Bugun O‘zbekistonda bir tendensiya avjida. MIB fuqarodan pul undirishi kerak bo‘lsa qonunda belgilangan barcha “resurs”larini ishga soladi. Qarzdorning uyidagi yostig‘i-yu, o‘tirgan gilamigacha sug‘urib ketadi. Bordi-yu, qarzdor hokimlik bo‘lsa-chi, unda qonunlar o‘rnini bahonalar egallaydi. Bugungi hikoyamiz tadbirkorning sal kam 600 mln so‘m puli ana shu bahonalar sabab Jizzax viloyati Zafarobod tuman hokimligida osilib yotgani haqida bo‘ladi.

Hokimiyat boshqalardan qarz bo‘lib qolganda, uni undirish oson bo‘lmasligi haqida eshitaverib, ko‘raverib, bunga odatlanib ham qoldik. MIB atalmish kuchi faqat fuqaro va tadbirkorlarga yetadigan tashkilot ham undiruv nuqtasi hokimlikka qadalganda ishni «xalta-xurjun» qilib cho‘zib yuraveradi.

Zafarobod tumani hokimligining 1 yildan beri Urgutdagi korxonaning pulini bermay kelayotganiga, MIBning Zafarobod tuman bo‘limi esa 6 oydan beri uni undirib bera olmayotganiga nima deb izoh berish mumkin?!

Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim

Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Urgut tumanida joylashgan, o‘zining gilamlari bilan mashhur «URGAZ CARPET» MChJ korxonasi rahbariyatidan bo‘ldi. Murojaatda yozilishicha, mazkur korxona 2020 yil 14 martda Jizzax viloyati Zafarobod tuman hokimligi bilan shartnoma tuzib, ularga 588 million so‘mlik sun'iy chim qoplamalarini yetkazib bergan. Hokimlik olgan mahsulotining pulini 10 kunda to‘lash haqida kafolat berib, mahsulotni olib ketgan. Ammo oradan 1 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham korxona tumani hokimligidan bir so‘m ham pul olmagan.

Korxona rahbari Xurshid Lutfillayevning ma'lum qilishicha, o‘shanda Zafarobod tuman hokimligi Navro‘z bayramigacha stadionni tayyor holga keltirish kerak deb qilgan iltimosi uchun, boshqa buyurtmalari yetarli bo‘lganiga qaramasdan korxona ular bilan shartnoma tuzgan va sifatli mahsulot tayyorlab bergan. Hokimlik olgan mahsulotining pulini 10 kunda to‘lab berish haqida kafolat xati bergan. Ammo, mana 1 yildirki to‘lov amalga oshirilmagan. Korxona vakillari 2020 yil sentyabrgacha o‘tgan 6 oy davomida Zafarobodga 4-5 marta borib ham pullarni undira olishmagan va oxiri Zafarobod tuman hokimligi ustidan iqtisodiy sudga da'vo arizasi kiritishga majbur bo‘lgan.

Samarqand shahar iqtisodiy sudining 2020 yil 21 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan «URGAZ CARPET» MChJning da'vosi to‘liq qanoatlantirilgan. Zafarobod tuman hokimligidan korxona foydasiga 588 million so‘m asosiy qarz va 11 mln 760 ming so‘m davlat boji undirish belgilangan.

Shu sudning 22 oktyabrdagi ijro varaqasiga asosan MIBning Zafarobod tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Ammo, mana oradan 5 oy vaqt o‘tsa hamki undiruv ta'minlangan emas.

Har doimgidek nimadir xatlangan bo‘ladi...

MIB Zafarobod bo‘limi xodimi Otabek Navro‘zovning ma'lum qilishicha, mazkur ishning ijro varaqasi bo‘yicha Zafarobod tuman hokimligiga qarzni to‘lash uchun avvaliga ixtiyoriy muddati belgilangan. Muddat o‘tib, hokimlik qarzni to‘lamagan. Uning aytishicha, hozirgi paytda Zafarobod tuman hokimligi balansida bo‘lgan bitta noturar joy bino, uchta «Neksiya-3» va bitta «GAZ-3110» xatlanib, avtomashinalar majburiy tarzda avtoturargohga joylashtirilgan va auksionga chiqarilgan.

Auksionda “Neksiya-3”ning biri 70 million so‘mga sotilgan. Qolgan avtomashinalarning savdosi 11, 15, 16 mart kunlari o‘tkaziladi. Xatlangan bino va avtomashinalar sotilgandan so‘ng ulardan tushgan pul mablag‘i «URGAZ CARPET» MChJ va Zafarobod tuman hokimligi qarz bo‘lgan yana ikki korxona o‘rtasida teng taqsimlanib beriladi” deydi MIB xodimi.

Hokim sud qaroridan ustun bo‘lishga urinmoqda

Zafarobod tuman hokimi Nodirbek Rajabov mazkur qarzdorlik bo‘yicha boshqacha fikrda. U «URGAZ CARPET» MChJdan bo‘lgan qarzdorlikni to‘lab berolmasligini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil mart oyida tumanning avvalgi mas'ul rahbarlari (Nodirbek Rajabov Zafarobod tumani hokimi vazifasiga 2021 yil 19 yanvar kuni tayinlangan. Ungacha 2019 yil oktyabrdan Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan) «URGAZ CARPET» MChJ bilan noto‘g‘ri shartnoma tuzishgan. Ya'ni tabiiy chim yotqizilishi kerak bo‘lgan stadion uchun sun'iy chim olishgan.

Uning ta'kidlashicha hozirgi kunda Zafarobod tuman hokimligi tuman markazidagi stadionda rekonstruksiya ishlarini olib borgan va unga sun'iy chim qoplamoqchi bo‘lgan barcha mas'ullarning ishini taftish qilish uchun viloyat huquqni muxofaza qilish organlariga xat tayyorlayapti.

«Chim Urgutdan qanday kelgan bo‘lsa, o‘rami bilan shunday turibdi. Ammo yaroqsiz ahvolga kelgan. Urgutdagi korxona vakillariga olib ketinglar desak olib ketmayapti. Bu stadionga sun'iy chim qoplamoqchi bo‘lganlarni men xalqning, budjetning pulini behudaga sarflagan deb bilaman. Sababi, viloyat sport va futbol tashkilotlari, shuningdek futbol federatsiyasi sun'iy chimga ruxsat bermas ekan. Sun'iy chim faqat mini stadionlarga mos tusharkan, katta stadionlarga emas. Hozir viloyat huquqni himoya qilish organlariga xat tayyorlayapmiz. Ular stadion rekonstruksiyasi bo‘yicha surishtiruv olib boradi. Bu yerda urgutlik tadbirkorning aybi yo‘q. U o‘z pulini olish kerak. Lekin men budjet pulini bermayman. Tadbirkorning pulini stadion rekonstruksiyasini noto‘g‘ri amalga oshirib, budjet talon-tarojligiga qo‘l qo‘ygan mutasaddilar to‘laydi», dedi Nodirbek Rajabov.

Qizig‘i, Nodirbek Rajabov Zafarobod tumaniga hokim etib tayinlanguncha, bu tuman mas'ullari «URGAZ CARPET» MChJ mutasaddilaridan faqat muddat so‘rashgan va qarzni albatta to‘lashlarini bildirishgan. Nodirbek Rajabov tuman hokimi etib tayinlangach «URGAZ CARPET» MChJga pul to‘lay olmasligini, korxona xohlasa mahsulotlarini qaytarib olib ketishi mumkinligini bildiradi.

Guvohi bo‘lganimizdek, sudning qonuniy kuchdagi hal qiluv qarori bo‘la turib, tuman hokimi uni to‘ralarcha ijro qilgisi yo‘q. MIB esa har doimgidek hokimlik oldida o‘zini ojiz sezmoqda.

Vaholanki, Tegishli qonunning 4-moddasiga ko‘ra agar undiruvchi bankda hisobvaraqlari mavjudligi haqidagi ma'lumotlarga ega bo‘lsa, pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi sud hujjati talablari bayon etilgan ijro hujjatini undiruvchi bevosita ana shu bankka yoki boshqa kredit tashkilotiga yuborishi mumkin.

Hokimlik mahalliy budjetning egasi, puli yo‘q tashkilot emas, MIBda esa uning hisobvarag‘ini xatlash vakolati bor. Faqat bunga xohish va yurak kerak bo‘ladi.

Yana bir ma'lumot, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ko‘p miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatining ushbu hujjatning ixtiyoriy ravishda ijro etilishi uchun belgilangan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmasligi mansabdor shaxslarga BHMning o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar qonunlar ishlaganida edi ijro hujjatini ijro etmayotgan hokim ma'muriy javobgarlikka tortilgan, tadbirkor esa o‘zining haqini allaqachon undirib olgan bo‘lar edi.

Guvohi bo‘lganingizdek, qonunlar emas, hokimning ixtiyori va kayfiyatiga qarab boshqariladigan Zafarobodda tadbirkorning huquqlari poymol etilib, davlat rahbarining mahalliy hokimlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi kerakligi haqidagi gaplari Zafarobodda teskarisiga «ijro» qilinmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh,
Kun.uz muxbiri.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid