Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Rossiya neftiga qarshi. AQSh prezidenti nega yana Hindistonga tahdid qilmoqda va u Kremlning daromadlarini qisqartira oladimi?
Foto: EPA
Donald Tramp Hindiston zavodlari sanksiyalar ostidagi Rossiyadan arzon neft xarid qilishda davom etadigan bo‘lsa, ushbu mamlakatni jazolash bilan tahdid qildi. Bu Tramp dunyodagi eng yirik demokratiya hamda avtoritar Xitoyning rivojlanayotgan dunyodagi eng asosiy raqibiga birinchi bor hujum qilishi emas. Bu Hindiston, Rossiya va neftning jahon narxlariga qanday xavf tug‘diradi?
Ukrainaga bosqin tufayli Rossiyaning asosiy eksport mahsuloti Amerika va Yevropa sanksiyalari ostida qolgach, Hindiston Rossiya neftining asosiy xaridoriga aylangan. G‘arb Rossiya neftini sotib olmaydi, ammo undan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari jahon bozoriga chiqarilishiga va bundan foydani Kreml emas, Hindiston kabi do‘stona mamlakatlar olishiga qarshi emas.
Ekspertlar ogohlantirganidek, yalpi embargo bo‘lmagan bunday chala choralar Rossiyaning neftdan oladigan daromadlariga putur yetkaza olmadi va uni Ukrainaga bosqinni davom ettirish uchun kerak bo‘ladigan pullardan mahrum etolmadi.
Tramp Oq uyga ikkinchi muddatga qaytganida, urushni bir kun ichida to‘xtatishga va’da bergandi – bu amalga oshmadi. Yarim yil davomida Vladimir Putin bilan kelishishga behuda urinishlardan so‘ng, u uning savdo hamkorlariga sanksiyalar bilan bosim o‘tkazishga qaror qildi, chunki AQSh Rossiyaning o‘ziga qarshi barcha mumkin bo‘lgan sanksiyalarni allaqachon kiritib bo‘lgandi.
Bunday hamkorlarning birinchisi va asosiysi – Xitoy. Ammo u bilan Trampning alohida hisob-kitobi bor va so‘nggi haftada Amerika prezidenti Hindistonga e’tibor qaratdi. Nima uchun?
Hindiston Trampning nishoniga aylangani bejiz emas. AQSh – dunyoning eng yirik rivojlangan iqtisodiyoti, Hindiston – sayyoradagi eng yirik rivojlanayotgan demokratiya. Hindiston ikki stulda o‘tirishga harakat qilmoqda va AQSh va Rossiya o‘rtasida muvozanatni saqlamoqda.
Bir tomondan, Hindiston Amerikaga iPhone va dasturchilarning asosiy yetkazib beruvchisidir. Boshqa tomondan, u G‘arbga qarshi BRIKS blokiga kirgan, Rossiyadan arzon neftni mamnuniyat bilan sotib oladi va ko‘pincha Rossiya qurollarini Amerika qurollaridan afzal ko‘radi. Bundan tashqari, Hindiston Amerika tovarlariga eng yuqori import bojlarini qo‘llagan.
Bularning barchasi birgalikda Trampning tarif g‘azabi uchun ideal yashin qaytargichdir. Bu g‘azab o‘zini uzoq kuttirmadi.
O‘tgan hafta Tramp butun dunyo bilan savdo urushining birinchi bosqichini sarhisob qildi. Hindiston mag‘lublar qatorida bo‘ldi.
Tramp Hindistondan AQShga barcha importni 25 foizlik tarif bilan soliqqa tortdi. Taqqoslash uchun, Tramp Yevropadan tovarlar sotib olgani uchun amerikaliklarga 15 foiz, Britaniyadan esa 10 foiz soliq solgan.
Juma kuni Tramp Hindiston Rossiya neftini sotib olishdan voz kechishga qaror qilgani haqida «eshitgani» va bu maqtovga loyiqligini aytdi. Shanba kuni Amerikaning yetakchi nashrlari New York Times va Bloomberg nomi oshkor etilmagan hindistonlik rahbarlarga tayanib, bunday emasligi haqida xabar tarqatdi.
Dushanba kuni uyg‘onishi bilanoq Tramp Hindistonni Rossiyadan arzon energiya tashuvchilarga bo‘lgan odatidan qaytarish uchun hind tovarlariga bojni oshirish bilan tahdid qildi.
«Hindiston nafaqat katta hajmda Rossiya neftini sotib oladi, balki bu neftning katta qismini ochiq bozorda katta foyda bilan sotadi. Ularga Ukrainada rus harbiylari qancha odamni o‘ldirayotgani muhim emas. Shu munosabat bilan Hindiston AQShga to‘laydigan tarifni sezilarli darajada oshiraman», – deb yozdi Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida.
U yangi tarif qanday bo‘lishi, u qachon kuchga kirishi va Hindiston qanday shartlarni bajargan taqdirda undan qutulib qolishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot bermagan.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Hindiston hukumati bir muncha vaqt o‘zini vaziyatga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydigandek ko‘rsatishi mumkin. Rossiyadan neftni hukumat sotib olmaydi. Xomashyoni neft kompaniyalari import qiladi, ulardan faqat bittasi davlatniki.
Amerika sanksiyalarining asosiy ehtimoliy obekti – Gujarot shtatining Vadinar portidagi neftni qayta ishlash zavodi. Mamlakatdagi uchinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi Hindistonning Nayara Energy xususiy kompaniyasiga tegishli. Uning 50 foizdan sal kamroq ulushi Rossiyaning «Rosneft» davlat kompaniyasiniki hisoblanadi.
Iyul oyida Yevropa Ittifoqi ushbu zavodga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Biroq, hatto Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ham yarim yillik o‘tish davrini nazarda tutadi, bu davrda neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan benzin va dizelning yangi xaridorlarini topishi mumkin. Bundan tashqari, Trampning tahdidlari fonida zavod bir necha oy oldindan neft zaxirasini to‘pladi, deb xabar berdi Bloomberg hafta oxirida neft treyderlariga tayanib.
Shu paytgacha Tramp neft sanksiyalariga qarshi edi. U iyun oyida Rossiya nefti narxining yuqori chegarasini pasaytirishni qo‘llab-quvvatlamadi. U amerikaliklarga benzin arzonlashishini va’da qilgan va hozircha shunday bo‘lishi uchun hamma narsani qilmoqda.
Tramp iyul oyida Eronni bombardimon qilishga buyruq berganida, Eron rejimiga asosiy daromad keltiradigan mahsulot neft bo‘lishiga qaramay, bombalar yadroviy obektlarga tashlandi, ammo neft obektlariga emas. Tramp jahon bozoriga neft yetkazib berishni ko‘paytirish talabi bilan Saudiya Arabistoni (bu AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi davlat) qirollik saroyiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilgan.
O‘tgan hafta oxirida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi OPeK+ tashkiloti (neft eksporti bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi Rossiya ham uning tarkibiga kiradi) jahon bozoriga yetkazib berishni ko‘paytirishga qaror qildi.
Natijada, hozirda jahon neft narxlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasdan Rossiya neftini jahon bozoriga yetkazib berishni to‘xtatish uchun har qachongidan ham qulay sharoitlar paydo bo‘ldi. Chunki Trampning savdo urushi va bojlar, shu jumladan Hindistonga qarshi bojlar jahon iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashishini, ya’ni neftga bo‘lgan talab o‘sishi sekinlashishini bashorat qilmoqda.
Bundan tashqari, narxlar pasayishi amerikalik neftchilarga zarar yetkazadi. Arab mamlakatlari yoki Rossiyadan farqli o‘laroq, Amerikada neft kompaniyalari davlatniki emas, xususiy hisoblanadi. Ular neft qimmat bo‘lgandagina burg‘ilashadi va qazib olishadi. Narxlar past bo‘lsa, ular ishlab chiqarishni to‘xtatadi.
Shu sababli, jahon bozorida neft narxi pasayishi Trampga Amerikaga zarar yetkazmagan holda Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun noyob imkoniyat beradi. Ammo buning uchun u nafaqat Hindistonga, balki Rossiyaning arzon neftining ikkinchi asosiy xaridori – Xitoyga ham e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi.
Hozircha esa Trampning ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda bir og‘iz ham gap bo‘lmadi.
Mavzuga oid
08:29 / 29.12.2025
Donbass masalasi hal bo‘lmadi: Tramp va Zelenskiy uchrashuvi natijalari
22:32 / 28.12.2025
BMTning vazifasini AQSh bajarmoqda – Tramp
17:00 / 28.12.2025
Putin yana harbiy formada yig‘ilish o‘tkazdi. Lavrov Yevropani «tinchlik yo‘lidagi asosiy g‘ov» deb atadi
14:06 / 27.12.2025