Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Jizzax markaziy dehqon bozori»da chiroq yo‘q: Mahsulotlari eskirib qolayotgan tadbirkorlar zararga ishlashmoqda
Bozor — yurt ko‘rki. Bu yerning obod va ko‘rkamligi, savdo-sotiqning tartibli amalga oshirilishi shu yerda faoliyat olib borayotgan bozor ma'muriyati va tadbirkorlarning dididan dalolat beradi. Bu borada mutasaddilar o‘zibo‘larchilik qabilida ish tutsa, bozorda tartibsizlik avj oladi. Afsuski, bunday holat Jizzax shahri markazidagi «Jizzax markaziy dehqon bozori» AJda odatiy holga aylangan. Jizzaxliklar tilida «Ko‘k bozor» nomi bilan ataluvchi ushbu maskan faqatgina yuqoridan biror tekshiruvchi kelgan kunlari tartibga solinadi.


Bozor atrofidagi avtoulovlarning doimiy tirbandligi-yu yo‘laklar bo‘ylab tartibsiz joylashib olgan «yoyma tijoratchilar» kabi xunuk holatlar hech kimni ajablantirmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Manzilga munosib ega yo‘qligidan mutasaddi tashkilotlarning bozor ma'muriyati bilan birgalikda faoliyat olib bormayotgani, bir-birlariga tashlab qo‘yishlari oqibatida yo‘llarda va yo‘laklarda tirbandliklar va tartibbuzarliklar avjiga chiqqan. Haydovchilar istagan joyidan mashinani burib olishi, taqiqlangan joyga mashina qo‘yishi, qatnov joyida yo‘lovchi tushirish va olishini aytmasa ham bo‘laveradi.

Kun.uz tahririyatiga bozorda savdo qiluvchi bir guruh tadbirkorlar nomidan murojaat kelib tushdi. Murojaat mazmuniga ko‘ra, bir haftadan beri bozorda elektr energiyasi yo‘qligi oqibatida go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan savdo qilinuvchi pavilonlarda jiddiy muammo yuzaga kelgan. Mahsulotlar saqlanadigan muzlatkichlar ishlamay qolgach, go‘sht mahsulotlari yaroqsizga chiqmoqda va tadbirkorlar har kuni zarar ko‘rishmoqda.


«Olti kundan beri bozorda elektr energiyasi tarmoqdan uzilgan. Dardimizni kimga aytishni bilmaymiz. Mana, kecha 98 kg mahsulotimiz yaroqsiz holga kelgani uchun shunchaki tashlab yubordik. Zararga ishlayapmiz. Hamkorlarimiz, mijozlarimiz mahsulotlarimizni qaytarib olib kelib berishyapti. To‘g‘ri-da, hamma ham peshona teri evaziga topgan puliga sifatli mahsulot olishni istaydi. Hidlanib, yaroqsiz holga kelgan go‘sht kimga kerak?! Muzlatkichlarimiz ishlamaydi, ba'zi savdo do‘konlariga ijara haqi to‘lab muzlatkichlaridan foydalanyapmiz. Ular ham uch kunga ruxsat berishdi. Noiloj, avtoulov yollab tonna-tonna mahsulotni uyga olib ketamiz. Uyda ham shu holat, kunora elektr uch-to‘rt soatlab o‘chadi... Bizni ham kimdir eshitadimi?», – deydi Dilfuza Hamdamova.
Biri qo‘yib biri gapirayotgan tadbirkorlarning gapida jon bor, rastalardagi tovuq va go‘sht mahsulotlari chindan ham yaroqsiz holga kelgan.
«Kunning yarmi mahsulot tashish bilan o‘tadi: shaharning u chekkasidan yo‘lkira qilib mahsulotlarimizni olib kelamiz. Ularni saranjom qilguncha vaqt o‘tadi. Ham vaqtdan, ham mablag‘dan yutqazyapmiz, zarariga ishlayapmiz. Vaqtida to‘lovlarni amalga oshirsak, qarzimiz bo‘lmasa nima qilishimiz kerak?! Terminallar ishlamaydi, elektr uzib qo‘yilgan. Eng achinarlisi — xaridor ishonchini yo‘qotyapmiz. Yaxshiyamki, qish kunlarida amal-taqal qilyapmiz. Kun issig‘ida shuncha mahsulotni saqlashning o‘zi bo‘ladimi?», — deydi Zafar Mamajonov



Bu yerdagi antisanitariya holati, savdo va tozalik madaniyatiga ko‘zingiz tushib, bozor haqidagi tasavvuringiz bir zumda o‘zgaradi. Bozor ma'muriyati va tegishli tashkilotlarning o‘z ishiga bunday sovuqqonlik bilan yondashishi xaridor va tadbirkorlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bozorda sotuvchi va xaridorlar uchun hech qanday sharoit yo‘q. Sotuvchilar va o‘z mahsulotini bozorga olib chiqqan kishilar yo‘laklarni o‘zboshimchalik bilan savdo nuqtasiga aylantirib olishgani yo‘lovchilar uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.



Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «Jizzax markaziy dehqon bozori» AJ ma'muriyatiga uchraymiz.
«Shu bozorga rahbar lavozimiga o‘tganimga bor-yo‘g‘i yetti kun bo‘ldi. Tadbirkorlarning e'tirozi haqli albatta, muammodan xabarimiz bor. Aslida bu kechagi yoki bugungi holat emas. Yillar davomida yuzaga kelgan muammodir. Bozorning elektr energiyadan qarzdorligi bor. 2016 yilda bu qarzdorlik 700 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib qarzdorlik 924 million so‘mga yetgan. Vaziyatga yechim topishga harakat qilyapmiz. Bir hafta yalinib, iltimos qilib elektrni ulaymiz. Ammo o‘n kun o‘tib yana shu holat, MIB kelib uzib ketadi. Bozordagi oylik tushumlar ko‘rsatkichi u qadar ham ko‘p emas. Tushumlarning bir qismi mahalliy budjetga yo‘naltiriladi. Men kelguncha bu yerda bir necha rahbar almashdi. Balki siz ishonmassiz, MIB hatto xonadagi sovutgichlarni ham qarzdorlik evaziga olib ketgan ekan. Xulosani o‘zingiz qilavering. Eng qizig‘i — qo‘limda bir necha qurilish firmalarining qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da'vo arzizalari ham turibdi. 2014 yilda amalga oshirilgan qurilish ishlarida jamiyat 5 milliard 800 million so‘m qarz bo‘lib qolgan. Buning uchun javob beradigan mardning o‘zi yo‘q. Ertaga elektrni ulashga so‘z berishdi. Qarzimiz bor, buni tan olamiz. Hisobimizdan ozroq pul o‘tkazdik. Bir chorasini toparmiz...», — deydi «Jizzax markaziy dehqon bozori» AJning vaqtinchalik rahbari Bobur Abduraimov.


Bozorni aylanar ekansiz, savdo uchun mo‘ljallanmagan yo‘laklarda ham mahsulotini yerga yoyib, pala-partish savdo qilayotgan «tadbirkorlar»ga ko‘zingiz tushadi. Ularning biri poliz mahsulotlari, yana boshqasi meva-chevalardan oling, deb turibdi. Afsuski bu mahsulotlar, yozda o‘tgan-qaytganlarning oyoq ostidan ko‘tarilgan changga burkansa qishda loyga botadi. Qishin-yozin antisanitariya holatida sotilayotgan bu mahsulotlarning inson salomatligiga ziyoni yo‘q, deb kim kafolat beradi?
«Ko‘k bozor»dagi ushbu manzara bugun ko‘pchilikning dilini xira qilayotgani rost. Piyodalar yurishi kerak bo‘lgan yo‘lakcha «yoymachi tijoratchilar» tomonidan egallanib, noqonuniy «bozorcha»ga aylantirilgan. Taassufki, bu holatga mahalliy hokimlik, davlat soliq inspeksiyasi va boshqa tegishli mutasaddilar faqat tomoshabin sifatida qarashmoqda, xolos. Qachon bu maskanda tartib bo‘ladi? Bozor va savdo kompleksining daromadi oshishi, yanada rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bir paytda bu boradagi ishlarga ham e'tiborsizlik bilan qaralayotganini qanday izohlash mumkin?



Go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan savdo qiluvchi rastalarni aylanib yurarkanmiz, qiziq bir holatga duch keldik. Go‘sht mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanayotgan har bir do‘kon egasiga bir parcha qog‘ozni to‘ldirib, 10 ming so‘m pul to‘lov talab qilayotgan odam kimligi bilan qiziqdik. Bozordagi sotuvchilarning aytishicha, forma-4 ma'lumotnomasini pullayotgan shaxs Jizzax shahar veterinariya nazorati bo‘limi xodimi Sharof Elmurodov ekan. Mahsulotlarning yaroqsiz holga kelgani bilan qiziqmagan bu xodim bizga e'tibor qilmasdan «tekshirilgan, hammasi joyida», degan ma'lumotnomani majburan tadbirkorlarga o‘tkazish bilan ovora edi.

Qariyb olti kundan beri elektr energiyasiz har xil sharoitlarda saqlanayotgan bu mahsulotlarning sifatini kafolatlovchi ushbu xulosalar qay yo‘sinda berilyapti? Biz dehqon bozorining veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriyasidamiz. Ko‘rinishidan o‘zi «ekspertizaga» muhtoj, nomigagina tashkil qilingan laboratoriyada ikki laborant ayoldan bo‘lak hech kimni topolmadik.


Aytaversak gap ko‘p. Jizzax «Ko‘k bozori»da qachongacha bu tartibsizliklar davom etadi? Zarariga ishlayotgan tadbirkorlaru aldanayotgan xaridorlar dodini kimga aytsin? Nega sotuvchilar uchun bozor ichida bo‘sh turgan rastalarda qulay shart-sharoitlar yaratib berilmaydi?
Jizzax viloyatidagi mutasaddi tashkilotlar bunga qanday izoh berishar ekan? Umid qilamizki, bu muammoga ijobiy yechim topiladi.
Gulchehra Sharipova,
Kun.uz muxbiri