O‘zbekiston | 11:45 / 18.05.2026
8188
5 daqiqa o‘qiladi

“Boshim og‘riganda choy qilib ichib turardim” – Qashqadaryoda IIB xodimi uyidan marixuana topildi

41 yoshli xodim Ko‘kdala tumanida profilaktika inspektori lavozimida ishlagan. U 9 yil avval Koson tumanida o‘tkazilgan “Qoradori” tadbirlarida qatnashgan. O‘shanda aniqlangan marixuana bargidan yulib olib, o‘z uyida saqlab kelgan. Sud profilaktika inspektorini narkojinoyatda aybli deb topdi.

Illyustrativ foto

Qashqadaryo viloyatida IIB xodimi narkojinoyatda ayblanib, jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Ayblov

Sud hukmida keltilishicha, Ko‘kdala tumani IIB profilaktika inspektori B.T. 2016-2017 yillarda Koson tumanida o‘tkazilgan “Qoradori” tadbirlarida ishtirok etgan. U o‘shanda tadbir jarayonida aniqlangan marixuana bargidan yulib olib, kelgusida o‘zi iste’mol qilish va bir qismini o‘tkazish maqsadida yashash xonadonida saqlab kelgan.

Marixuananing 3,4 grammini 2025 yil 10 dekabr kuni tunda turmush o‘rtog‘i orqali Qarshi tumani IIB profilaktika katta inspektori vazifasida ishlovchi tanishi J.N.ga o‘tkazgan.

IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda J.N. boshqaruvidagi mashinadan 3,4 gramm marixuana topilgan.

Shuningdek, B.T.ning yashash xonadonidan ham 8,76 gramm marixuana topilib, rasmiylashtirib olingan.

Sotish niyatim bo‘lmagan”

B.T. sudda aybiga iqrorlik bildirmasdan, marixuanani sotish niyati bo‘lmaganini, boshi og‘riganda choy qilib ichib kelganini aytgan.

2016 yoki 2017 yilda Koson tumanida “Qoradori” tadbirida ishtirok etdim. O‘sha vaqtda vertolyot orqali qaysidir mahallada marixuana yetishtirilayotgani aniqlandi. Hujjatlashtirish jarayonida o‘simlikning bargidan yulib olib, cho‘ntagimga solib qo‘ydim.

Marixuanani sotish niyatim bo‘lmagan. 2014 yilda Buxoro shahrida IIB xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan sambo kurashi musobaqasida bo‘yin sohamdan jarohatlandim. O‘shandan buyon nerv tomirlarining qisilishi oqibatida boshimda kuchli og‘riq paydo bo‘lgan. Marixuanani boshimning og‘rig‘ini qoldirish maqsadida choy qilib ichib kelganman”, degan B.T. o‘z ko‘rsatmasida.

Shuningdek, u 2025 yil 10 dekabr kuni J.N. yashash uyidan marixuana olib ketmaganini ma’lum qilgan.

Vitamin olgandim”

43 yoshli J.N. sudda hamkasbi B.T.ning uyidan o‘sha kuni tunda marixuana emas, vitamin olib ketganini bildirgan.

O‘sha kuni B.T.ga qo‘ng‘iroq qilib, undan “S-4” vitamini bor-yo‘qligini so‘radim. “S-4” sport bilan shug‘ullanish uchun energetik kuch beradigan vitamin hisoblanadi. B.T. menga “S-4” vitamini uyida borligini, borsam turmush o‘rtog‘i berib yuborishini aytdi. Uning uyiga bordim. B.T.ning o‘g‘li vitaminni tushirib berdi.

Ko‘pkari o‘yinlarida ko‘p qatnashganim sababli oyog‘im va boshimdan tan jarohati olganman. Og‘rigani bois muqaddam 2008 yilda bir marotaba nashani choy qilib ichganman.

2025 yil 5 yoki 6 dekabr kuni marixuana sotib olish uchun Telegram’dagi bot orqali buyurtma berdim. Menga G‘uzor tumani yo‘lida yo‘l yoqasidagi manzil ko‘rsatildi. Aytilgan manzilga 80 ming so‘m qo‘ydim. Oradan taxminan 5-6 soat vaqt o‘tib, o‘sha joyga bordim va yo‘l ustidagi tosh tagidan bir chekishga yetadigan miqdordagi marixuana olib, o‘sha vaqtning o‘zida iste’mol qildim”, degan J.N. suddagi ko‘rsatmasida.

Jazo

Sud B.T. va J.N.ning aybi guvohlar ko‘rsatmasi, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, fotosuratlar, ekspertiza xulosalari va boshqa dalillar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan, deb hisoblagan.

JIB Mirishkor tuman sudining 2026 yil 22 apreldagi hukmi bilan B.T. Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismi va 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

J.N. Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 1,5 yil ozodlikdan mahrum etilgan.

B.T. jazoni umumiy tartibli koloniyada, J.N. esa manzil koloniyasida o‘tashi belgilangan.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid