Jamiyat | 00:15 / 05.05.2017
13591
4 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi mehnat sharoitlarini ekspertizadan o‘tkazadi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 27 apreldagi №246-sonli qarori bilan mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish tartibi haqidagi Nizom tasdiqlandi.

Mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish quyidagi baholashlarni amalga oshirish maqsadida tashkillashtiriladi:

1. Mehnat sharoitlari bo‘yicha ishchi o‘rinlarning attestatsiyadan o‘tkazilish sifati (ekspertizaning bu turi 25 kalendar kunidan oshmaydigan muddatda o‘tkaziladi);
2. Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ish uchun ishchilarga kafolatlar va kompensatsiyalar taqdim etilishining to‘g‘riligi (o‘tkazishning maksimal muddati — 20 kun);
3. Ishchilar haqiqiy mehnat sharoitlarini (muddat – 20 ish kuni).

Bu holatda davlat ekspertizasi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

- Umumiy ishchilari soni 100 kishidan kam bo‘lgan tashkilotlar bo‘yicha — Mehnat vazirligining hududiy organlari davlat ekspertlari tomonidan;
- Umumiy ishchilari soni 100 va undan ortiq kishi bo‘lgan tashkilotlar bo‘yicha — Mehnat vazirligining davlat ekspertlari tomonidan.

Ekspertiza o‘tkazish mobaynida quyidagi 5 asosiy mezon (ekspertiza obektlari) baholanadi:

- ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonlari omillari, ishchi o‘rinlarning jarohat yetkazish xavfi;
- ishchilarning individual himoya vositalari bilan ta'minlanganligi;
- mehnat sharoitlari bo‘yicha ishchi o‘rinlarning attestatsiya natijalari va xulosalari mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi;
- og‘ir mehnat, zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlari uchun mehnatkashlarga taqdim etilayotgan kafolatlar va kompensatsiyalarning o‘rnatilgan mehnat muhofazasi talablariga muvofiqligi;
- mehnat sharoitlarining ishchi o‘rinlardagi haqiqiy holati.

Ekspertiza attestatsiyadan o‘tkazuvchi tashkilotlarning murojaatlariga ko‘ra, shuningdek, ish beruvchilar, ish beruvchilar birlashmalari, kasaba uyushmalari hamda ishchilarning talabiga ko‘ra ham o‘tkaziladi. Alohida holatlarda u davlat nazorati organlarining, shuningdek, sudlar va Mehnat vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari murojaatiga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin.

1-turdagi davlat ekspertizasi uchun haq olinadi. Uning summasi Mehnat vazirligi tomonidan, xizmat ko‘rsatish uchun aniq xarajatlarni hisobga olib, bir ishchi o‘rni uchun eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida belgilanadi. Davlat nazorati organlari yoki sudlarning murojaati bilan o‘tkaziluvchi 2- va 3-turdagi ekspertizalar bepul tashkil qilinadi.

Davlat ekspertizasi xulosalari qat'iy hisob olib boriladigan, tegishli seriya, raqam va himoya darajalariga ega bo‘lgan maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi. Uni Mehnat vazirligi buyurtmasiga ko‘ra markazlashgan holda «Davlat belgisi» DIChB tayyorlab beradi.

Nizom 1 may kuni e'lon qilingan va 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Hujjatning to‘liq matni, sharhi va unga bog‘liq boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar bilan «O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

Oleg Zamanov,
Norma.uz eksperti.

Mavzuga oid