O‘zbekiston | 12:45 / 30.08.2019
22005
12 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi Angren shahri bo‘yicha qaror qabul qiladi

Foto: toshvil.uz

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatining Angren shahrini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 4 iyundagi PF-5738-son Farmoni bilan yuklatilgan aniq vazifalar ijrosini ta'minlash uchun Angren shahrida 2020-2022 yillarda bajariladigan asosiy tadbirlar quyidagilar etib belgilanishi mumkin:

birinchidan, Angren shahrining Bosh rejasini tanqidiy o‘rganib, yo‘l-transport infratuzilmasi, shoh ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar qurilishi, parklar, bulvarlar, zamonaviy savdo markazlari, infratuzilma obektlari va sanoat zonalarini joylashtirish masalalarini muhandislik tarmoqlari bilan birgalikda ko‘rib chiqib, takliflarni tayyorlash hamda yaqin 3-5 yillik shaharsozlik vazifalarini belgilab olish;

arxitekturaviy qiyofani zamonaviylashtirish, ko‘p qavatli uy-joy fondini sifat jihatdan yaxshilash, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatishni joriy etish;

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, xususan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qaytadan qurish, avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar holatini yaxshilash, shahar ko‘chalaridagi massivlarda tungi yoritish tizimlarini yangidan zamonaviy holatga keltirish;

ichki va shaharlararo yo‘nalishlarda harakatlanuvchi jamoat transportlarining yangi yo‘nalishlarini tashkil etib, aholiga sifatli va qulay transport xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish;

transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi yangi xususiy korxonalar tashkil etib, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali zamonaviy jamoat transport vositalarini xarid qilish;

ikkinchidan, shaharda ekologik muhitni yaxshilash, aholi salomatligiga salbiy ta'sirni kamaytirish choralarini ko‘rish, ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlarni o‘tqazish va yashil maydonlar, gulzorlar tashkil etish tadbirlarini amalga oshirish;

bunda, mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun shaharlarda ochiq va yopiq yer osti sug‘orish tizimlarini barpo etib, irrigatsiya tarmoqlarini bugungi kun talabida qayta tiklash;

uchinchidan, ijtimoiy soha muassasalari holatini yaxshilash, binolarini ta'mirlash, hududlarini obodonlashtirish, jihozlarini yangilash, mutaxassislarni malakasini va xizmat madaniyatini oshirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini keskin oshirib, bu sohada xususiy sektor ulushi ko‘paytirish;

zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish klinikalari va tashxis markazlarini barpo etish;

xotin-qizlarni turli kasblarga o‘rgatish hamda qizlarni hayot maktabiga tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv markazlari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish;

to‘rtinchidan, aholining ma'naviyati va madaniyatini o‘stirish bilan aloqador tizimli tadbirlarni amalga oshirish, xususan qarovsiz qolgan va zarur darajada foydalanilmay turgan madaniyat va san'at saroylarini yangidan ta'mirlab, soha uchun zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta'minlash;

beshinchidan, o‘sib kelayotgan yoshlarni sportga keng jalb etish uchun davlat umumta'lim maktablarida samarasiz foydalanilayotgan sport maydonlarida, sport zallarida davlat sherikchilik va boshqa asoslarda tashabbuskorlar, Yoshlar ittifoqi, Sport vazirligi bilan hamkorlikda yoshlarni, shuningdek o‘rta yoshdagi aholini sportga jalb etish;

oltinchidan, shaharlar ichidan oqib o‘tuvchi suv bo‘yi hududlarini obodonlashtirish, aholi ko‘ngil ochar maskanlarini, sayilgohlarni barpo etish;

ko‘p qavatli uylar orasida sun'iy qoplamali futbol, basketbol maydonlari va maydonchalari, bolalar maydonchalari barpo etish hamda dam olish, hordiq chiqarish o‘rindiqlarini o‘rnatish;

yettinchidan, aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun zamonaviy parklar barpo etilib, ularda zamonaviy ko‘ngil ochar xizmat ko‘rsatish turlari tashkil etish;

sakkizinchidan, aholining ish bilan bandligini oshirish hamda ishsizlik darajasini so‘nggi 3 yilda 5 foiz darajagacha pasaytirish maqsadida, tadbirkorlarni jalb etgan holda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tarmog‘ini jadal rivojlantirish;

sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmini keskin oshirish, mahalliy xom-ashyodan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali shahar iqtisodiyotiga valuta tushumini ko‘paytirish borasida samarali ishlarni tashkil etish;

mavjud kichik sanoat zonalari ishtirokchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, yangi hududlarda istiqbolli loyihalarni joylashtirish yo‘li bilan sanoat zonalarini tashkil etish;

to‘qqizinchidan, soliqqa tortish bazasini kengaytirish orqali mahalliy budjetga daromadlar tushumini keskin oshirish.

Quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi Toshkent viloyatining Angren shahrini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi mumkin:

kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining moliyalashtirish manbalari;

sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini kompleks rivojlantirish, sanoat mahsulotlari, jumladan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni oshirish, tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari, xususan ayollar uchun ish o‘rinlarini yaratish, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan bino-inshootlardan, yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda mahalliy budjet daromadlarini oshirish tadbirlari;

muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini jadal rivojlantirishga hamda aholining turmush sharoitini yaxshilashga zamin yaratuvchi kompleks tadbirlar;

maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini moddiy-texnik ta'minotini yuqori darajaga ko‘tarish, ushbu sohalarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati hamda qamrovi darajasini keskin oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga asos yaratuvchi xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ma'rifat bo‘yicha kompleks tadbirlar;

obodonlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash, shahar aholisiga munosib yashash sharoitini yaratish bo‘yicha kompleks tadbirlar;

ko‘p qavatli o‘y-joylarni boshqarish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini tubdan oshirishga qaratilgan tadbirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va Angren shahar hokimligi:

Dasturga kiritilgan loyihalar ijrosini ta'minlashda loyiha tashabbuskorlariga yer tanlash va ajratishni belgilangan tartibda, bosh rejaga asosan amalga oshiradi;

“O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan birgalikda 2020-2022 yillarda Angren shahrida 25 ta arzon 5-7 qavatli ko‘p kvartirali uylarni qurilishini ta'minlash choralarini ko‘radi.

Toshkent viloyati hokimligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda tashabbuskorlarni jalb etgan holda “Kimyogar” mahallasida qurilishi tugallanmagan texnik jihatdan yaroqsiz holdagi 3 ta ko‘p qavatli yotoqxona binosini belgilangan tartibda buzib, bo‘shagan hududda 2020 yilda zamonaviy turar joy komplekslarini qurish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Toshkent viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligining ilg‘or rivojlangan davlatlar tajribalari asosida xorijiy investorlarni jalb etgan holda Angren shahridagi A.Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i (36 ga) negizida zamonaviy istirohat bog‘i hamda “Oxunboboyev” nomli istirohat bog‘i (48 ga) negizida zamonaviy ekopark barpo etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Toshkent viloyati hokimligi, Angren shahar hokimligi A.Navoiy va Oxunboboyev nomli istirohat bog‘lari hududidan jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan yer maydonlarining qonuniyligini prokuratura organlarini jalb etgan holda chuqur o‘rganib chiqadi hamda istirohat bog‘lari yer maydonlaridan faqatgina zamonaviy istirohat bog‘i hamda ekopark tashkil etish maqsadlarida foydalanish yuzasidan joriy yil yakuniga qadar barcha zaruriy choralarni ko‘radi.

Toshkent viloyati hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Angren shahri “Taraqqiyot” mahallasi hududida joylashgan “Kimyogar” shahar markaziy stadionini viloyat mahalliy budjeti hisobidan 2019 yilda ta'mirlash ishlarini boshlab, 2020 yilda ishga tushirilishini ta'minlaydi.

Qurilish vazirligi (Zokirov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Haydarov), Toshkent viloyati hokimligi (Xolmatov) “Kimyogar” mahallasidagi 3 ta ko‘p qavatli yotoqxona binosining texnik holatini o‘rganib chiqadi.

O‘rganish natijalari asosida mazkur yotoqxona obektidan turar joy sifatida foydalanish mumkinligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli xulosa berilishini ta'minlaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent viloyati hokimligining Angren shahri, Ohangaron ko‘chasi, 64-uy manzilda joylashgan bo‘sh turgan sobiq ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi binosini xorijiy investor (“Hitit Social Tesisler Soglik Insaat Tigaret”) o‘z mablag‘lari hisobiga “Nefrologiya va ko‘p tarmoqli klinika” tibbiy markazini ikki oy muddatda tashkil qilish uchun “nol” xarid qiymatida berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Angren shahar hokimligining “Istiqbol” mahallasi hududida yangidan tashkil etilgan “Onajonlarimiz, ayollarimiz, qizlarimizning ma'naviyat va ma'rifat maskani” loyihasi ma'qullanishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xotin qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Moliya vazirligi:

maskanni tajriba tariqasida ishga tushirish uchun uning faoliyatini mazmunan yanada boyitish ishlarida amaliy yordam ko‘rsatadi;

maskanni zaruriy mutaxassis kadrlar bilan ta'minlash maqsadida tajriba tariqasida o‘z tizim idoralarining Angren shahridagi muassasalari shtat jadvallariga tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi Angren shahrida ekologik muhitni yaxshilash, ayniqsa ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalardagi maydonlarda manzarali-havoni tozalovchi, kislorod beruvchi daraxtlarni o‘tqazish, maysazorlar va gulzorlarni tashkil etib, aholiga munosib yashash sharoitlarini yaratish maqsadida, “O‘zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan ishlab chiqib tasdiqlangan sxema asosida shaharni sug‘orish tizimini barpo etish uchun 2020-2022 yillarda investitsiya dasturi doirasida zarur mablag‘larni ajratilishini ta'minlaydi.

Toshkent viloyati hokimligi Angren shahri sug‘orish tizimini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va loyiha-smeta hujjatlari asosida Investitsiya dasturiga kiritgan holda moliyalashtirish hamda ijroga qaratilishini ta'minlaydi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Angren shahar issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish loyihasining texnik iqtisodiy asoslashini ekspertizadan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Angren shahrida issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirishda xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin hamda ishlarni 2020 yildan boshlanishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid