Sog‘lom hayot | 18:58 / 23.12.2025
2099
3 daqiqa o‘qiladi

Shifokor haftada kamida besh marta miriqib kulishni tavsiya qildi

Kulgi miyada endorfinlar ishlab chiqaradi, bu moddalar qon tomirlarida foydali kimyoviy moddalar hosil bo‘lishiga yordam beradi.

Foto: Getty images

AQSh Pensilvaniya universitetining kardiolog va tibbiyot professori doktor Maykl Millerning aytishicha, kulgi yurak, immunitet uchun foydali, shuningdek, sog‘liq uchun ko‘plab foyda keltiradi. Masalan, stressni yengillashtiradi.

Stenford universiteti psixologi Uilyam Fray mashhur komiklar Lorel va Xardi filmlarini tomosha qilish paytida o‘zidan qon namunalarini oldi. U kulgi immunitetni mustahkamlaydigan qon hujayralari sonini ko‘paytirishini aniqladi.

Doktor Maykl Miller 1990-yillarda kulgini o‘rganishni boshlagan. U tadqiqot ishtirokchilariga kulgili filmlarni ko‘rsatdi va kulgi miyada endorfinlar ishlab chiqarishini aniqladi. Bu moddalar qon tomirlarida foydali kimyoviy moddalar hosil bo‘lishiga yordam beradi. Masalan, bu azot oksidi bo‘lib, u qon tomirlarini kengaytiradi, bu esa qon bosimi, yallig‘lanish va xolesterin darajasini pasaytiradi. Bu yurak xuruji xavfini kamaytiradi, endorfinlar esa tabiiy og‘riq qoldiruvchi vositalardir.

«Har doim aytganimizdek, hech bo‘lmaganda haftada uch-besh kun sport bilan shug‘ullaning. Haftada hech bo‘lmasa ikki-besh marta miriqib kuling», dedi Miller.

Ajablanarlisi shundaki, majburiy kulgi tabiiy kulgidan ham foydaliroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda Germaniyadagi Yyena universitetining tibbiy psixologiya bo‘yicha katta ilmiy xodimi Jyenni Rozendal ma’lum qildi. U 45 ta kulgi terapiyasi tadqiqotlari va boshqa ilmiy ishlarning meta-tahlilini o‘tkazdi. Rozendal kulgi terapiyasi glyukoza darajasini, stress gormoni kortizolni, surunkali og‘riqni kamaytirishini, harakatchanlik va umumiy kayfiyatni, ayniqsa keksalarda, yaxshilashini aniqladi.

So‘nggi tadqiqotlarning aksariyati kulgi yogasi va shunga o‘xshash dasturlarga qaratilgan bo‘lib, ular 30-45 daqiqalik sessiyalar davomida uzoq davom etadigan kulgi xurujlarini keltirib chiqaradi. Kulgisi kelmaydiganlar uchun kulgi yogasi ayniqsa samarali. Bular, masalan, saraton bilan kasallanganlar yoki ruhiy tushkunlikka tushgan odamlar.

Mavzuga oid