Qaysi turlari dori talab qiladi, qaysi biri yo‘q?

Quruq yo‘tal: virusli infeksiyalardan keyin paydo bo‘ladigan, balg‘amsiz va tinmay bezovta qiladigan yo‘tal turidir. Shamollash yoki gripp kuzatilganda nafas yo‘llarining ichki qavati yallig‘lanadi va asab uchlari o‘ta sezgir holga keladi. Infeksiya o‘tib ketgan bo‘lsa ham tirnalgan asab uchlari darrov tiklanmaydi. Ularning “tinishi” uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Shu sababli quruq yo‘tal bir necha hafta davom etishi tabiiy. Bu o‘zi alohida kasallik emas, shunchaki nafas yo‘llari hali to‘liq sog‘aymagani uchun paydo bo‘ladigan refleksiv holat sanaladi. Ko‘p hollarda u dorisiz ham asta-sekin yo‘qoladi.

Quruq yo‘tal balg‘am chiqarmaydi. U kechasi kuchayadi. Ayrim hollarda bo‘g‘izda qichishish hissi, ovozning biroz o‘zgarishi yoki uyquning buzilishi ham kuzatiladi. Virusdan keyingi bu yo‘talni yengillashtirish uchun organizmga qulay sharoit yaratish muhim: xona havosini nam holatda saqlash, ko‘p suyuqlik ichish, ovozni dam oldirish va bo‘g‘izni tuzli suv bilan chayish kerak.

Nam yo‘tal: tananing nafas yo‘llarini tozalash mexanizmi hisoblanadi. Balg‘am bilan birga kechadi. Balg‘amni tashqariga chiqarish organizm uchun foydali bo‘lgani sababli uni butunlay to‘xtatib qo‘yadigan dorilar foyda o‘rniga zarar yetkazishi ehtimoli mavjud. Bunday holatda asosiy vazifa balg‘amni suyultirish, uning oson chiqishini ta’minlashga yo‘naltirilishi zarur. Ko‘p suyuqlik ichish, xona namligini oshirish, iliq bug‘ ingalyatsiyasi kabi choralar yetarli bo‘ladi. Faqat balg‘am juda quyuq yoki yo‘tal kuchli bo‘lsa, shifokor maxsus balg‘am suyultiruvchi preparat tavsiya qilishi mumkin.

Allergik yo‘tal: balg‘amsiz bo‘ladi, qichishish, aksirish, burun bitishi yoki ko‘z yoshlanishi bilan kechadi. Dorisiz ham vaqtincha yengillashadi, ammo allergen bilan aloqa davom etsa, yo‘tal qayta-qayta takrorlanadi. Bunday holatda asosiy yechim allergenni aniqlab, undan uzoqlashishdir. Ba’zan antigistamin dorilar yoki shifokor tavsiyasiga ko‘ra allergiyaga qarshi aerosol, spreylardan foydalanish talab qilinadi. Ammo asosiy muammo bartaraf etilmasa, yo‘tal davom etaveradi.