Iqtisodiyot | 14:17 / 15.07.2025
4537
2 daqiqa o‘qiladi

Citibank O‘zbekistonda vakolatxona ochmoqda

Aktivlarining hajmi bo‘yicha AQShdagi top-uchta bankdan biri Citigroup Toshkentda ofis ochadi. Korporatsiyaning Turkiyadagi shu’basi buning uchun O‘zbekiston Markaziy bankidan akkreditatsiya oldi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Markaziy banki 10 iyul kuni Citibank AS'ning vakolatxonasiga akkreditatsiya berdi.

MB reyestriga ko‘ra, ruxsatnoma 3 yilga berilgan va 2028 yil 9 iyulgacha amal qiladi. Vakolatxona rahbari sifatida Abbos Jo‘raboyev ko‘rsatilgan.

Regulyatorning qayd etishicha, Citi O‘zbekiston moliya bozorini o‘rganish va davlat organlari hamda moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida ofis ochmoqda.

Citibank AS – Citibank'ning (AQSh) Turkiya Respublikasidagi shu’ba banki hisoblanadi. 

Citibank – yetakchi moliya tashkilotlaridan biri bo‘lib, dunyo bo‘ylab 180 dan ortiq mamlakatda chakana, korporativ, investitsion bank xizmatlari hamda aktivlarni boshqarish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Korporatsiya O‘zbekistonda ofis ochmoqchi ekani 2023 yilda ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu Yorkka tashrifi doirasida Citigroup raisi Jon Dugan bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.

O‘tgan oyda Citigroup'ning mijozlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktori Devid Livingston boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga kelib, investitsiya vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashgan edi.

  • Avvalroq Tojikistonning Oriyonbanki O‘zbekistondagi vakolatxonasini yopgan, Markaziy bank 3 iyun kuni vakolatxonaning akkreditatsiya guvohnomasini bekor qilgandi.
  • Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 8 ta xorijiy bankning vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda: Gazprombank (Rossiya), J.P. Morgan Chase (AQSh), Commerzbank AG, Landensbank Baden-Wurttemberg (Germaniya), Shinhan bank, Eximbank (Koreya), Xitoy Eksport-import banki (Xitoy), Citibank AS (Turkiya).

Mavzuga oid