O‘zbekiston | 16:31 / 16.07.2025
5991
3 daqiqa o‘qiladi

«Harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq» - Surxondaryoda O‘zbekiston va Rossiya harbiylari mashg‘ulot boshladi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 10 kun davom etadigan mashg‘ulotlarga maxsus bo‘linmalarning 400 ga yaqin shaxsiy tarkibi jalb qilingan. Rossiya kontingenti tarkibida esa razvedka va FVP dronlari ekipajlari, shuningdek, Mi-24 zarbdor vertolyotlaridan iborat aviaguruh mavjud.

Foto: Rossiya mudofaa vazirligi

14 iyul kuni O‘zbekiston va Rossiya harbiylari ishtirokida «Noqonuniy qurollangan tuzilmalarni yakson qilish bo‘yicha qo‘shinlar maxsus harakati» mavzusida «Hamkorlik-2025» o‘quv mashg‘ulotlari ochildi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlar «Termiz» umumqo‘shin poligonida 10 kun davom etadi.

O‘quv mashg‘ulotlariga 400 ga yaqin harbiy xizmatchilardan iborat maxsus bo‘linmalar jalb qilingan bo‘lib, Rossiya tomoni o‘zining harbiy texnikalari bilan ishtirok etmoqda.

«Ikki davlat harbiy xizmatchilari jangovar vaziyatda bo‘linmalarni hamkorlikda boshqarish, davlat chegarasi daxlsizligini ta’minlash va shartli dushmanni yo‘q qilish kabi turli maxsus topshiriqlarni olib borishadi», deyiladi rasmiy bayonotda.

Foto: O‘zbekiston mudofaa vazirligi

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 10 kun davom etadigan o‘quv mashg‘ulotlari ikki davlat o‘rtasida imzolangan harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, mashg‘ulot davomida harbiy bo‘linmalar quyidagi harakatlarni bajargan holda o‘zaro hamkorlikni mashq qiladi:

  • davlat chegarasini buzgan qurolli noqonuniy guruhlarni aniqlash va yo‘q qilishda bo‘linmalarni boshqarish;
  • chegara hududlarida inshoot va pozitsiyalarni egallab olgan noqonuniy qurolli guruhlarni yo‘q qilish;
  • umumqo‘shin bo‘linmalari tomonidan egallangan inshoot va pozitsiyalarni qayta nazoratga olish;
  • dushmanning kichik guruhlariga qarshi kurash olib borish;
  • jangarilar tomonidan egallab olingan aholi punktini shturm qilish va tozalash operatsiyasini tashkil etish.

Rossiya tomoni kontingentining asosiy qismini Markaziy harbiy okrugning Tojikistonda joylashgan 201-harbiy bazasi askarlari tashkil etadi. Ular tarkibiga tog‘-shturm bo‘linmalari, radioelektron kurash mobil guruhlari, razvedka uchun mo‘ljallangan uchuvchisiz uchish apparatlari va FVP dronlar ekipajlari, shuningdek, Mi-24 zarbdor vertolyotlaridan iborat aviaguruh kiradi.

Mavzuga oid