Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yerni xususiylashtirish, hokimiyat vakiliga qarshilik va qarzdorlarga yengilliklar - Senatorlar qaysi qonunlarni ma'qulladi?
Oliy Majlis Senatining 30 sentyabr kungi yalpi majlisida 8ta qonun ma'qullandi. Kun.uz asosiy yangiliklarni sanab o‘tadi.
Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati
Yer uchastkalari xususiy mulkka aylanadi
Yangi qonunlar sirasida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunni alohida qayd etish lozim.
Qonunning yakuniy to‘liq matni hozircha ochiq manbalarda yo‘q. Senat reliziga ko‘ra, yer uchastkasi xususiylashtirilgani davlat orderi bilan tasdiqlanadi. Order yer uchastkasining qiymati to‘liq to‘langach, bir ish kuni ichida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.
Qonundan xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari va majburiyatlari, xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini tugatish, olib qo‘yilayotgan xususiylashtirilgan yer uchastkasining qiymatini aniqlash, uni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olish, rekvizitsiya qilish hamda musodara qilishga doir normalar o‘rin olgan.
Shuningdek, xususiylashtirish sub'yektlariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish mexanizmlari ham belgilangan.
Hujjat yer bozorini vujudga keltirishi, ko‘chmas mulk bozoriga ham sezilarli ta'sir o‘tkazishi va yer uchastkalarini bozor aktiviga aylantirishi ta'kidlanmoqda.

Hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq jinoyatning jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Yangi sanksiyalar hozircha aniq emas. Jinoyat kodeksining amaldagi tahririga binoan, bu jinoyat uchun 50 BHMgacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilangan.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaganlik, ularning o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatganlik va hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik ham kuchaytirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, quyi palata deputati Qodir Jo‘rayev bu qonunning aynan hozir qabul qilinishiga qarshi chiqib, dastavval ichki ishlar tizimini o‘z vazifasiga noloyiq xodimlardan tozalash kerakligini aytgan edi.
Profilaktika inspektorlariga ayrim ma'muriy huquqbuzarliklarni sudga bormasdan ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda
Tegishli norma Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritiladi. Rasmiylar izohiga ko‘ra, bu yangilik fuqarolarni huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan organlarga borib vaqt va mablag‘ ketkazishining oldini oladi, ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yadi.
Ma'muriy ish tomonlari yarashib olsa, jarima qo‘llanilmaydi
MJtKga o‘zgartish kiritishga oid qonunga asosan, ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha yarashuv instituti ham joriy etilmoqda.
Unga ko‘ra, endilikda ma'muriy ish ishtirokchilari yarashib olgan taqdirda, javobgar tomon ma'muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bola asrab olish bilan bog‘liq ayrim cheklovlar yumshatilmoqda

Farzand asrab olish uchun navbatda turganlar soni va bu boradagi cheklovlar sabab noqonuniy yo‘llar bilan bola asrab olish, shu jumladan, bola savdosi bilan bog‘liq holatlar uchramoqda.
Oila kodeksi hamda “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endilikda ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlar ham farzandlikka va vasiylikka olishi mumkin.
Farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qonun bolalar huquqlarini himoyalash, xususan ularning noqonuniy ravishda farzandlikka berilishi va sotib yuborilishining oldini olishga qaratilgan.
Qarzdor fuqarolar va bankrot tadbirkorlarga ayrim yengilliklar beriladi
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fuqarolarning to‘lovga qobiliyatsizligi bilan bog‘liq holatlarni tartibga soladi.
Qonun prezident tomonidan imzolanib, kuchga kirsa, to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan qarzdorlarga nisbatan quyidagi yengilliklar beriladi:
- to‘lovga qobiliyatsizlikning sog‘lomlashtirish taomillarini o‘tkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq to‘lovlarini hisoblash to‘xtatib turiladi va jarayon muddati yakunlangandan so‘ng to‘lanadi;
- Davlat xizmatlari agentligi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan oldindan to‘lov qilmasdan foydalanishi mumkin bo‘ladi;
- qarzdor jismoniy shaxs bo‘lsa, unga qarzni oylik daromadlaridan kelib chiqib, grafik asosida bo‘lib-bo‘lib qaytarish imkoni beriladi;
- qarzdorni boshqaruvchi shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari oqibatida kreditorlarning talablari to‘liq qoplanishini imkonsiz qilib qo‘ygan shaxslar qarzdorning qoplanmay qolgan majburiyatlari bo‘yicha sud qaroriga asosan subsidiar javobgar bo‘ladi;
Ma'lumot uchun, ulush kiritish asosida qurilgan uy-joylarni xarid qilgan mulkdorlar huquqlarini himoyalash maqsadida quruvchilarni to‘lovga qobiliyatsiz deb topishning alohida tartibi ishlab chiqilgan.
30 yoshdan oshganlar ham bojxona organlarining ixtisoslashgan tuzilmalariga ishga kirishi mumkin bo‘ladi
“Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan yangi normaga asosan, 30 yoshdan oshgan fuqarolar bojxona organlarining ixtisoslashtirilgan tarkibiy tuzilmalariga xizmatga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi. Bunda, ishga qabul qilish uchun Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i talab etiladi.
Shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashuvchi organlar qatoriga bojxona ham organlari kiritildi.
Soliq va bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi
Yana bir yangi qonun asosida avvalroq ma'lum bo‘lgan quyidagi yangiliklar kodekslar va qonunlarga kiritilmoqda:
- soliq to‘lovchilar soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgani bois, ularga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni beriladi;
- tovarlarni import qilish bilan uch yildan ortiq vaqtdan buyon shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan TIF ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
Korrupsiyaga qarshi ayrim normalar qonun darajasida mustahkamlanmoqda
Senatda ma'qullangan qonunlardan yana biri – “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”.
Bu qonun asosida prezident farmonlarida belgilangan qator normalar 1 ta kodeks va 9 ta qonunda aks etadi.
Ta'kidlash kerak, “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun hozircha qabul qilingani yo‘q. Qonun loyihasi e'lon qilinganiga bir yil bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, Senatda ma'qullangan qonunlar prezident tomonidan imzolangach, qonunning o‘zida belgilangan muddatdan e'tiboran kuchga kiradi.
Mavzuga oid
09:47 / 20.12.2025
Mehnat inspeksiyasi hisoboti Senatda tanqid qilindi: nazorat 32 foizga kamaygan
18:17 / 18.12.2025
2026 yilda asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi
13:32 / 18.12.2025
Senat 2026 yilgi davlat budjetini ma’qulladi
10:15 / 08.12.2025