Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Keyingisi kim?» – Eronda hukumatga aloqador kishilar xavotirga tushib qolgan
The Wall Street Journal jurnalistlari «Mossad» agentlari Eron hukumati vakillari va xavfsizlik kuchlari qo‘mondonlariga qo‘ng‘iroq qilib, qanday qo‘rqitayotgani haqida hikoya qildi.
Foto: Akasbashi / Sipa / Scanpix / LETA
Eronga qarshi urushda Isroil va AQSh vazifalarni taqsimlab olgan: amerikalik harbiylar bor e’tiborini harbiy va sanoat obektlariga, isroilliklar esa – rejimning ichki tuzilmalariga qaratgan, deya yozadi jurnalistlari nishonlarning to‘liq ro‘yxati va yetkazilgan zararni baholash to‘g‘risidagi hisobotlar bilan tanishib chiqqan The Wall Street Journal gazetasi.
Isroil Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiyning qarorgohi bo‘ylab zarba yo‘llash orqali urushga kirgandi. Oyatulloh ilk kundayoq o‘ldirildi. Keyingi kuni Isroil aviatsiyasi Islom inqilobi muhofizlari korpusi bo‘linmalari, «Basij» ko‘ngillilari va maxsus politsiya kuchlariga aloqador shtablar va qo‘mondonlik markazlariga tizimli ravishda zarbalar berishni boshladi.
Pleiades Neo / Airbus / Reuters / Scanpix / LETA
WSJ ixtiyoriga kelib tushgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, zarbalar turli obektlar bo‘ylab berilgan. Ammo keyin Isroil razvedkasi Eronda xavfsizlik kuchlari uchun zaxira rejasi mavjudligini aniqlagan: unga ko‘ra, infratuzilmalar yakson etilgan taqdirda xodimlar sport inshootlariga yig‘ilishi ko‘zda tutilgan. Isroil bu obektlar to‘lishini kuzatib turadi va keyin ular bo‘ylab zarbalar yog‘diradi. Xavfsizlik kuchlari va armiyaning yuzlab xodimlari o‘ldirilgan, o‘lim holatlarining aksar qismi Tehrondagi yirik futbol o‘yingohi – «Ozodiy» stadioniga to‘g‘ri keladi.
Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA
Isroilning yana bir muhim nishoni Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy bo‘ldi – u Eron yadroviy dasturi me’morlaridan biri va Ali Xominaiyning yaqin kishisi hisoblanardi. 17 mart tongida Isroil maxsus xizmatlari Larijoniy boshqa mulozimlar bilan birga Tehron chekkasidagi maxfiy boshpanaga kelgani haqida xabar oladi va u yerga raketa uchirib, nishon yo‘q qiladi.
Xuddi shu vaqtda Isroil «Basij» (Islom inqilobi muhofizlari korpusi tarkibidagi bo‘linma) qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy o‘z o‘rinbosarlari bilan birgalikda Tehrondagi o‘rmonzorga tikilgan chodirda yashiringani haqida ma’lumot oladi. U ham o‘ldirilgan.
The New York Times gazetasi yozishicha, Larijoniyning o‘ldirilishi eronliklarda mamlakat taqdiri va mojaroning keyingi rivoji borasida xavotirlarni kuchaytirgan. Ayniqsa hukumatga aloqador shaxslar tashvishga tushib qolishgan. Ulardan biri jurnalistlarga aytishicha, hamkasblar o‘zaro suhbatlarda Eron oliy rahbariyati vakillari hayoti hamda o‘zining shaxsiy xavfsizligi borasida xavotir bildirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha keyingisi kim bo‘lishi haqida savol bermoqda.
Boshqa bir mulozim Larijoniyning o‘limi haqida xabar olganida «titrab ketgani»ni aytib bergan. U hammayoqni xavotir hissi chulg‘ab olganini qo‘shimcha qiladi: odamlar Isroil Eronning barcha rahbarlarini o‘ldirmagunicha tinchimasligidan qo‘rqmoqda.
Isroilning baholariga ko‘ra, hujumlar rejimning quyi bo‘g‘inlari vakillarining ruhiyatini tushirib yuborgan va xavfsizlik kuchlari xodimlarini o‘z avtomobillarida, masjidlarda yoki sport inshootlarida tunashga majbur qilmoqda.
Erondagi guvohlarning aytib berishicha, kuchishlatar tuzilmalar vakillari xavfsiz joylarni qidirib, maktablar, sport obektlari va turar joylarni egallab olgan, Tehrondagi tumanlardan birida esa politsiyachilar o‘z blokpostini zarbadan qochish uchun ko‘prik ostiga ko‘chirgan. Xavfsizlik kuchlari vakillari chodirlar o‘rnatmoqda yoki avtobuslarga joylashmoqda, ular turar joylarga kirib yashiringanida esa aholi hujum bo‘lishidan qo‘rqib, binoni tark etmoqda.
WSJ qayd etishicha, Isroil va AQSh avvalboshdan urush Eronda rejimni ag‘darish uchun sharoit yaratishi kerakligi haqidagi fikrga tayangan. Yuqori martabali mulozimlar o‘ldirilishi ushbu kampaniyadagi muhim bosqichlar sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, WSJ manbalariga ko‘ra, Isroil razvedkasi xodimlari Erondagi ayrim qo‘mondonlarga qo‘ng‘iroq qilib, agar ular ehtimoliy norozilik namoyishlariga to‘sqinlik qilmasligi uchun ularni qo‘rqitishni boshlagan. Jurnalistlar Eron politsiyasi vakili va «Mossad» (Isroil razvedkasi) agenti o‘rtasidagi ana shunday suhbatlardan birining mazmuni bilan tanishib chiqqan. Bu suhbatdan quyidagicha iqtibos keltirilgan:
– Siz meni eshityapsizmi? – deydi «Mossad» agenti fors tilida. – Biz siz haqingizda barchasini bilamiz. Siz bizning qora ro‘yxatimizdasiz va bizda siz haqingizdagi barcha ma’lumotlar bor.
– Okey, – deya javob qaytaradi komandir.
– Men sizni oldindan ogohlantirib qo‘yish uchun qo‘ng‘iroq qilyapman: siz o‘z xalqingiz tomonda turishingiz lozim. Agar siz bunday yo‘l tutmasangiz, sizni ham yetakchingizniki kabi taqdir kutadi. Eshitdingizmi?
– Og‘a, Qur’on bilan ont ichaman, men sizga dushman emasman. Men tamom bo‘ldim. Shunchaki, iltimos, bizga yordam bering.
Eronliklar mamlakatda xaos yetilib kelayotganini aytishadi. Xavfsizlik kuchlari imkoniyat chegarasida ishlamoqda. Ammo harbiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, hukumatni faqat havo zarbalari orqali ag‘darish haddan tashqari qiyin, deyarli imkonsiz, deya qayd etadi WSJ. «Va agar Eron rejimi omon qoladigan bo‘lsa, u bu mojarodan o‘ziga ishonchi yanada baland va yanada xavfli bo‘lib chiqishi mumkin», – deya xulosa qiladi jurnalistlar.
«Ular [eronliklar] tizim qanday parchalanayotganini ko‘rib turishibdi. Ammo vaziyatni tubdan o‘zgartirish uchun ko‘proq zarbalar kerak bo‘ladi», – deydi Vashingtondagi Washington Institute tahlil markazining Eron mavzusiga ixtisoslashgan katta ilmiy xodimi Farzin Nadimiy.
Mavzuga oid
00:18
Tramp Eronga 48 soatlik ultimatum qo‘ydi
21:12 / 04.04.2026
Xitoy va Pokiston Eron urushida vositachi bo‘lmoqchi. Ular nimani taklif qildi?
09:18 / 04.04.2026
Tramp 1,5 trln dollarlik harbiy budjetni talab qildi
09:11 / 04.04.2026