O‘zbekiston | 08:54 / 29.04.2022
13697
2 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmagan bolasiga vasiy yoki homiy tayinlamasdan xorijga chiqib ketgan fuqarolar javobgarlikka tortiladi

Foto: Shutterstock

“Ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks quyidagi mazmundagi 47-6-modda bilan to‘ldiriladi:

“47-6-modda. Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlamasdan boshqa hududga yoki xorij davlatlariga chiqib ketishi

Ota-ona vasiylik va homiylik organlari orqali voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlamasdan boshqa hududga yoki xorij davlatlariga chiqib ketishi (ota-onalarning o‘z ota-onalik majburiyatlarini uzrli sabablarga ko‘ra bajara olmaydigan davri bundan mustasno) - bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa - bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Oila kodeksi 74-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldiriladi:

“Ota-ona uch oydan ortiq muddatga xorijiy davlatga ketayotganida qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘z bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rishi shart.

Ota-ona uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatga xorijiy davlatga ketayotganida o‘z bolalarini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi kerak”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid