O‘zbekiston | 22:43 / 28.10.2016
12282
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ilk xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi o‘tkaziladi

Foto: Sputnik

Tarixdan dehqonchilik markazlaridan hisoblanib kelgan O‘zbekiston deyarli barcha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari turlarini yetishtirish uchun noyob tabiy iqlim sharoitiga ega hisoblanadi.  

O‘zbekistonda yetishtiriladigan, noyob iste'molbop xususiyatlarga ega sabzavot, meva, uzum va poliz mahsulotlari bilan xorijiy hamkorlarni keng ko‘lamda tanishtirish, hamda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar, qayta ishlovchilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasida uzoq muddatli barqaror kooperatsion aloqalar o‘rnatish maqsadida shu yil 1 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o‘tkazib turish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi PQ-2539 sonli Qarori qabul qilingan edi.

Shu munosabat bilan 2016 yilning 8 – 10 noyabr kunlari Toshkent shahrining «O‘zekspormarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi tashkil etiladi.

Yarmarkada 40dan ortiq mamlakatdan chet el qayta ishlash va savdo kompaniyalari, xalqaro savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar, yuklarni olib borib berish (logistika) bilan shug‘illanuvchi kompaniyalar vakillari, shuningdek mamlakatimizdagi meva-savbzavot mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi korxonalar ishtirok etishi kutilmoqda.  

O‘zbekistonning ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish borasidagi imkoniyatlarini yanada kengroq yoritib berish uchun yarmarkada 150ta mahalliy tashkilotlar, idoralar, logistika kompaniyalarining vakillari, shuningdek 100ga yaqin yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qiluvchilar qatnashadi. 

Yarmarka «O‘zbekoziqovqatxolding» XK, «O‘zagroeksport» AJ va «Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi Direktsiyasi» MChJ, «O‘zbekvinosanoat-xolding» XK va «O‘zbekoziqovqatzaxira» assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilinmoqda.

Yarmarka doirasida O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar va iste'molchilar o‘rtasida davra suhbatlari, ikki tomonlama muzokaralar tashkil etilishi, yarmarka ishtirokchilarining intensiv bog‘larga, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga, sovutish komplekslariga tashrif buyurishlari ham rejalashtirilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid