Iqtisodiyot | 13:00
590
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya meva-sabzavot savdosidagi cheklovlarni yumshatishni muhokama qildi

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Ilhom Haydarov Turkiya savdo vaziri o‘rinbosari Mustafa Tuzju bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning joriy holati, imtiyozli savdo bitimi doirasidagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, shuningdek meva-sabzavot savdosiga oid ayrim cheklovlarni yumshatish masalalari muhokama qilindi.

Foto: "Dunyo" AA

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning 10 oyi yakuni bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 2,4 milliard dollarni tashkil etgan. Tomonlar kelgusi ikki yil ichida ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgilab olgan.

Uchrashuvda mahalliy eksportchi korxonalar duch kelayotgan tarif va notarif to‘siqlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, elektrotexnika, to‘qimachilik hamda kabel-o‘tkazgich mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan qo‘shimcha import bojlarini pasaytirish, shuningdek ayrim turdagi meva-sabzavot importiga o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilish masalalari ko‘tarildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar savdo bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini yanada faollashtirish va uning navbatdagi yig‘ilishini 2026 yilning birinchi choragida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Mavzuga oid