O‘zbekiston | 22:50 / 02.05.2019
43611
9 daqiqa o‘qiladi

«Cho‘ntak advokatlari» haqida: Prezident qarorining ijrosi nima uchun kechikyapti?

«Advokatnews» nashri bepul yuridik yordam mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati haqida yoza turib, qiziq bir faktni keltirgan. Tadbirda qatnashgan Moliya vazirligi departamentining bosh iqtisodchisi Lyubov Aleksandrovna 2009 yildan 2018 yilni ham ichiga olgan davrgacha jinoyat ishlari bo‘yicha davlat budjetidan 75 milliard so‘m ajratilgani, mablag‘lar qanday sarflanayotganini tekshirish maqsadida Toshkent shahri va viloyatiga chiqilgani hamda mantiqqa zid va aqlga sig‘maydigan dalillarni aniqlagani haqida aytib beribdi.

Masalan, Zangiota tumanida bir advokat 2 yanvar kuni bir kunda 162 odamga xizmat ko‘rsatgan. «Bu haqiqatga to‘g‘ri keladimi?» deya hayratini yashira olmagan Moliya vazirligi vakili.

Ta'kidlash joiz, bu yerda «xizmat ko‘rsatish» deganda, mijozlarga shunchaki huquqiy konsultatsiya berish nazarda tutilmayapti. Gap jinoyat ishlari doirasida (fuqarolik, ma'muriy yoki iqtisodiy ishlarda emas) gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga davlat hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokatlar haqida ketmoqda.

Qanday hollarda advokat uchun davlat haq to‘laydi?

Jinoyat-protsessual kodeksining 50-moddasiga binoan, ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini yuridik yordam uchun to‘lovdan batamom yoki qisman ozod etishga haqlidir.

Vazirlar Mahkamasining 20.06.2008 yildagi 137-sonli «Advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan haq to‘lash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, ikkita holatda advokatlar uchun haq davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan:

1) oilasida har bir oila a'zosiga to‘g‘ri keladigan yalpi oylik daromad eng kam oylik ish haqining 1,5 baravaridan ortiq bo‘lmagan (bugungi kunda 304 ming so‘m) shaxslar uchun;

2) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyachidan voz kechishi bilan bog‘liq protsessual harakatda advokat ishtirok etishi hollarida, shuningdek JPK 52-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jinoyat ishida himoyachining qatnashishi majburiy deb hisoblangan hollarda.

Birinchi holatni ortiqcha tushuntirish shart bo‘lmasa kerak, kam ta'minlangan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida davlat ularni o‘z hisobidan advokat bilan ta'minlab beradi.

Ikkinchi holat mushtariyga biroz tushunarsiz bo‘lishi mumkin, shu sababli qisqa izoh beramiz. Jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan shaxslar yoki sudlanuvchilar istalgan paytda himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunga hech kim monelik qila olmaydi. Ammo shunday jinoyat ishlari borki, garchi himoyachidan voz kechilgan bo‘lsa ham, ularda advokat ishtirok etishi shart. Masalan, voyaga yetmaganlar, soqovlar, karlar, ko‘rlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy kasalligi sababli o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslarning ishi bo‘yicha va h.k. Bu kabi ishlarning to‘liq ro‘yxati JPKda sanab o‘tilgan.

Bunday vaziyatda davlat o‘z hisobidan advokat bilan ta'minlab beradi.

Davlat qancha haq to‘laydi?

02.12.2008 yildagi «Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda (ro‘yxat raqami 1878) to‘lovlar miqdori belgilangan.

Nizomga ko‘ra, jinoyat ishlarida advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilgani uchun to‘lov har bir kun uchun EKIH 50 foizi miqdorida amalga oshiriladi. Bu bugungi kunda 101 ming 365 so‘m bo‘ladi.

Yuqoridagi misolda oladigan bo‘lsak, Zangiotada 1 kunda 162 kishiga xizmat ko‘rsatgan advokatga davlat 16 mln 421 ming so‘m pul to‘lab bergan. Bir kunda shunchaki imzo qo‘yib, 2 ming AQSh dollariga yaqin pul topib tursangiz yomon emas, nima dedingiz?

Iya, to‘xtang, bir joyiga e'tibor bermabmiz, advokat tushmagur undan ham ko‘proq daromad qilgan bo‘lib chiqyapti-ku? Qanday deysizmi? Tushuntiraman.

Nizomning 9-bandiga ko‘ra, dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlari advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilgani uchun to‘lov EKIHning 100 foizi (202 ming 730 so‘m) miqdorida amalga oshirilar ekan.

2019 yil 2 yanvar kuni esa 12.11.2018 yildagi Prezident Farmoniga binoan barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangan. Bundan kelib chiqadiki, 2 yanvar kuni 162 kishiga yuridik xizmat ko‘rsatgan advokat uchun davlat 32 mln 842 ming so‘m to‘lov o‘tkazib berishi kerak bo‘lgan. Obbo tushmagurey, mana buni haqiqiy innovatsion tadbirkorlik desa bo‘ladi.

Muammoning yechimi bormi?

Bundayin «cho‘ntak» advokatlari borligi, afsuski, jinoyat-protsessual qonunchiligining og‘riqli nuqtalaridan biridir. Sababi bu kabi o‘z himoyasi ostidagi shaxslarning taqdiriga mutlaqo qiziqmaydigan, ularni himoya qilish uchun zig‘ircha harakat ham qilib qo‘ymaydigan, asosiysi tergovchi ko‘rsatgan joyga imzo qo‘yishdan nariga o‘tmaydigan qo‘shtirnoq ichidagi «advokatlar» misoli jamiyatdagi adolat tizimini kemirib yotgan kemiruvchilardir. Ular advokatura institutiga nisbatan xalq orasida ishonchsizlik keltirib chiqaradi va eng asosiysi halol hamda o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan boshqa advokatlarni isnodga qo‘yadi.

Aslida muammoning yechimi uchun ilk qadamlar tashlab bo‘lingan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘tgan yilning 12 may sanasida «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5441-sonli Prezident qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan advokatura institutini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining 14-bandida gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga davlat hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokatni avtomatik ravishda tanlash bo‘yicha maxsus elektron tizimni joriy etish vazifasi belgilangan.

Bu nima degani?

Hozirgi tartibga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud himoyachi tayinlash to‘g‘risida so‘rov yuborganda (qog‘ozda), Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan belgilanadigan advokatlik tuzilmasi rahbari 4 soatdan kechiktirmay jinoyat ishi bo‘yicha himoyachining ishtirokini ta'minlaydi. Ya'ni mana shu joyda inson faktori muhim rol o‘ynaydi. Tergovchi qaysi advokatni xohlasa, o‘shani chaqirib olish imkoniyati bor. Advokatlar palatasi qaysi advokatlik tuzilmasini tanlashni, advokatlik tuzilmasi rahbari esa qaysi advokatni «dejurka»ga yuborishni o‘zi belgilaydi. Ularning istaklari imkoniyatlari bilan hamohangdir. Inson faktori aralashgan joyda esa, nimalar bo‘lishini o‘zingiz yaxshi bilsangiz kerak.

Prezident qarorida taklif etilayotgan tizim esa ushbu jarayonda inson faktorini chetga suradi, tasodifiy tanlashga asoslangan maxsus elektron tizim avtomatik ravishda shu ishda qaysi advokat qatnashishini belgilab beradi. Bu birinchidan shaffoflikni ta'minlasa, ikkinchidan advokatlar o‘rtasida tenglikni yuzaga keltiradi. Qaysidir advokat 1 kunda 162ta, yana boshqa biri 162 kunda 1ta davlat tomonidan haq to‘lanadigan ishga tayinlanishiga chek qo‘yiladi.

Prezident qarori ijrosi nega 5 oy kechikmoqda?

Xo‘p, tizimku yaxshi ekan, lekin uning ijrosi qachon bo‘ladi?

Agar Prezident qaroriga nazar tashlasak, mazkur band uchun ijro muddati 2018 yil 1 dekabr etib belgilangan. Qaror qabul qilinganiga salkam 1 yil bo‘ldi, belgilangan muddat o‘tib ketganiga esa 5 oydan oshdi. Ammo hali-hanuz bu tizim ishga tushgani yo‘q.

Qarorda mazkur tizimni yaratishga mas'ul sifatida Advokatlar palatasi va Adliya vazirligi belgilangan. Qiziq, ushbu ikki tashkilot nima uchun Prezident qarorida belgilangan topshiriqning ijrosi 5 oydan ko‘proq vaqtga kechikayotgani va o‘zi bu tizim qachon amaliyotga joriy etilishi haqida biror izoh berarmikin?

Xushnudbek Xudayberdiyev, huquqshunos

Mavzuga oid