O‘zbekiston | 18:08 / 24.11.2020
33657
4 daqiqa o‘qiladi

Amaldorlarning qimmatbaho mashinalari nima bo‘ladi? Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xizmat uchun avtotransport vositasi har bir amaldorning mansab darajasidan kelib chiqqan holda biriktirilishi lozim, deb hisoblaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas'ul xodimi Bahrom Burxoniddinov davlat budjeti ta'minoti hisobidan xizmatda foydalanish uchun qimmatbaho avtomobil sotib olayotgan amaldorlar masalasiga munosabat bildirdi.

«Bu bo‘yicha aniq huquqiy chora va mexanizmlar belgilanishi lozim. Shu paytgacha normalar yetarli bo‘lmagani uchun munozaralar kelib chiqmoqda. «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasida ham aynan shunday holatlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan», — deydi u.

Burxoniddinovning aytishicha, qaror loyihasida amaldorlarning egallab turgan mansab darajasidan kelib chiqib, unga xizmat avtotransporti ajratilishi nazarda tutilgan. Masalan, tuman va shahar hokimlariga biriktirilgan mashinalar narxi bazaviy hisoblash miqdorining 1200 baravaridan (267 million 600 ming so‘m) oshmasligi ko‘rsatilgan.

«Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining viloyat, Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlarining xizmat avtomobili narxi esa BHM 700 baravaridan (156 million 100 ming so‘m) oshmasligi belgilanmoqda. Qaror loyihasida xizmat avtomobillarini yangisiga, undan 5 yil foydalangandan so‘ng, almashtirishi ko‘rsatilgan», — deydi agentlik mas'uli.

Bahrom Burxoniddinov

Bahrom Burxoniddinovning ta'kidlashicha, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud, ya'ni qaror amaliyotga tatbiq etilgunga qadar xarid qilingan barcha avtotransport vositalari xatlovdan o‘tkaziladi.

«Belgilangan normativdan ortiqcha qiymatda xarid qilingan har bir avtomobil onlayn auksion orqali sotilishi ta'minlanadi. Sotuvdan tushgan mablag‘lar mashina xaridi uchun resurs qaysi budjetdan olingan bo‘lsa, shu joyga tushiriladi», — deya qayd etdi u.

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 9 oydagi ijrosi haqida hisobot bergan moliya vaziri Timur Ishmetov ham ushbu masalaga munosabat bildirgandi. Vazir o‘z nutqida pandemiya paytida mahalliy hokimliklarning qimmat avtomobillar xarid qilishiga tanqid nazari bilan qarashini ta'kidlagan.

Ma'lumot uchun, 12 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qariyb 883 mln so‘mga Toyota Prado avtomobili sotib olingan. Namangan viloyat hokimligi 2 iyulda 1 mlrd 579 mln so‘mga Touota LC 200 avtomobilini, 23 sentyabrda 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobilni sotib olgan.

Pop va Uchqo‘rg‘on tuman hokimliklari tomonidan 9 va 13 oktyabr kunlari Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobillar sotib olingan.

Jizzax viloyatining Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlari hokimliklari tomonidan 9 va 16 oktyabr kunlari 370 mln so‘mdan Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobili xarid qilingan. Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Narpay tumani hokimliklari ham qatordan chetda qolmay, 7 fevral va 4 sentyabr kunlari 398 mln so‘mlik Trailblazer LTZ AT’ga murojaat qilishgan.

Qashqadaryo viloyatida viloyat hokimligi tomonidan 30 sentyabr kuni 349 mln so‘mga Equinox-AT, 21 oktyabr kuni 206 mln so‘mdan jami 620 mln so‘mga 3 dona Tracker xarid qilingan. Surxondaryo viloyatida viloyat hokimligi tomonidan 6 va 26 oktyabr kunlari 3ta Trailblazer LTZ AT avtomobili jami 1 mlrd 194 mln so‘mga; viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 23 sentyabr kuni 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT va 380 mln so‘mga Isuzu D-MAX (IRBIS-AT) pikapi xarid qilingan. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 14 sentyabr kuni 398 mln so‘mga Traiblazer sotib olingan.

Ushbu ma'lumotlarni yana davom ettirish mumkin.

Mavzuga oid