Jahon | 17:00 / 29.07.2018
26742
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan tojikistonliklar o‘z familiyalaridagi qo‘shimchalarni o‘zgartirishmoqda

Rossiyada ishlash uchun yo‘l olayotgan ko‘pchilik tojikistonliklar ishga joylashish, rasmiy hujjatlar olishda muammolarga duch kelmaslik uchun familiyalaridagi qo‘shimchalarni o‘zgartirishmoqda.
2007 yilda prezident Emomali Rahmonov Emomali Rahmonga aylangach, qolgan mansabdorlar ham undan o‘rnak olishdi. Keyinchalik ruscha «ov/-yev» qo‘shimchalaridan voz kechish FHDYo organlarida ixtiyoriy-majburiy tusga o‘tdi.

Hozirda esa buning aksi kuzatilmoqda.

«Men Rossiyaga ishlash uchun tez-tez borib turaman. Shu paytga qadar familiyam «zoda» qo‘shimchasi bilan edi. Familiyamni aslo almashtirmasdim, ammo familiyasi «zod» yoki «zoda» qo‘shimchasi bilan tugagan hamyurtlarim Rossiyada muammolarga duch kelishmoqda. Politsiyachilar hujjatlarimizda ism qaysi, familiya qaysi ekanligini tushunmayapti. Shuning uchun familiyamni o‘zgartirdim», - deydi Jasur ismli yigit. 

Tojikiston adliya vazirligi mamlakatda familiyalarni ruschalashtirish taqiqlanmaganini bildirdi.

«Bizda ruscha shakldagi familiya taqiqlanmagan, ammo ism tanlash qoidalari yozilgan. Tojikiston mustaqil bo‘lganiga 27 yil bo‘ldi, bizning o‘z odat va an'analarimiz bor. «vich»,  «ov», «yev» qo‘shimchalari bizning an'analarimizda yo‘q», - dedi adliya vaziri Shohmurod Rustam.

2016 yilda Tojikistonda «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish» to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlar kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra ism-familiyalar tarixiy qadriyatlar va milliy madaniyatga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim. Barcha ismlar Tojikiston hukumati tasdiqlagan ro‘yxatdan tanlanishi darkor.

Mavzuga oid