«Direktorlar o‘z atroflariga qarindoshlarini yig‘ib olgan» - Shermatov Qashqadaryo maktablari haqida
Qarshi shahri hokimligida xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov va Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Yig‘ilishda xalq ta'limi boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Bu lavozimga shu kungacha Shahrisabz shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan To‘lqin Karimov o‘tkazildi.
Viloyat XTBning endilikda sobiq rahbari Farhod Ochilov lavozimga shu yilning 18 oktyabrida tayinlangan edi.
Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayev bir vaqtning o‘zida o‘zining maslahatchisi ham bo‘ladigan yangi nomzodga ta'rif berar ekan, shunday dedi:
«To‘lqin Karimov – munosib nomzod. Tabiatan kamgap bo‘lishi mumkin, lekin o‘z ishining haqiqiy ustasidir. Shu boisdan ham ushbu lavozimga munosib ko‘rildi. Endi ortga chekinmasdan, viloyatda ta'lim tizimini yaxshilash uchun bel bog‘lasa bo‘lgani».
Yig‘ilish davomida XTV rahbari Sherzod Shermatov ta'lim tizimidagi yo‘l qo‘yilgan ba'zi kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.
«Bugun biz maktablar va ta'lim tizimidagi muammolarni chuqur o‘rganayotganimizda obektiv tomondan qaramoqdamiz, sub'yektiv tomoniga umuman e'tibor qaratmaganmiz. Buning ta'sirida davlatning milliardlab pullari o‘zlashtirilib yuborilgan. Maktablarda direktorlar o‘z atrofiga qarindoshlarini yig‘ib olgan. Ta'lim sifatiga umuman ahamiyat qaratmasdan, ayrim rahbarlar tanish-bilishchilik asosida qayta-qayta maktablarni ta'mirlashga, direktorlar jamg‘armasidagi pullarni o‘zlashtirishga uringan», – dedi Sherzod Shermatov.
Yangi rahbar va uning atrofidagi jamoaga birinchi navbatda yuqorida sanab o‘tgan holatlarni bartaraf etish lozimligini vazifa qilib belgilagan vazir ta'lim jarayoniga huda-behuda aralashmaslik kerakligini ham ta'kidladi.
«Yaxshigina ishlab turgan maktab direktorlarini hadeganda qayta-qayta bezovta qilish kerak emas. Aksincha, o‘sha maktab va undagi pedagoglarga ozgina erkinlik yaratib berishimiz lozim. Ularning ishiga aralashar ekanmiz, maktabda namunali ishlab turgan rahbar yoki o‘qituvchining rivojlanishiga xalaqit bergan bo‘lib qolamiz. Undan ko‘ra, ko‘rsatkichi yomon bo‘lgan maktablarga ahamiyat qaratish kerak», – dedi vazir.
Sherzod Shermatov maktablarda qo‘shimcha mablag‘ ishlab topish yo‘llarini izlash kerakligiga ham e'tibor qaratdi.
«Masalan, darsdan keyin sinfxonalar bo‘sh qoladi. Uni qulflab o‘tiraverishdan nima foyda olamiz? Undan ko‘ra, repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan o‘qituvchilarni jalb qilgan holda ham foyda olsa bo‘ladi, ham o‘sha maktabdagi bolalarning oliygohga kirish natijasini oshirgan bo‘lamiz. Shuningdek, informatika, majlislar va sport zallaridan unumli foydalanish mumkin», – dedi u.
Ma'lumot o‘rnida, viloyat XTBning yangi rahbari To‘lqin Karimov 1973 yilda Shahrisabz shahrida tug‘ilgan. Toshkent Moliya institutida tahsil olgan. 2018 yildan buyon Shahrisabz shahri hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Ilyosbek Mahmudov tayyorladi.
Mavzuga oid
11:02 / 15.12.2024
Taxtiqoracha dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi
10:25 / 12.12.2024
Maktablarda qishki ta’til 29 dekabrdan boshlanadi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
13:56 / 04.12.2024