Jahon | 10:16 / 01.03.2026
11725
3 daqiqa o‘qiladi

Eronni o‘tish davrida boshqarish uchun uch kishilik Kengash tuziladi

Ali Xominaiyning o‘limidan so‘ng - amaldagi prezident, bosh sudya va Fiqh kengashi a’zosidan iborat kengash Eronni vaqtincha boshqaradi. «Ekspertlar majlisi» deb ataladigan hay’at esa «imkon qadar tezroq» yangi oliy rahbarni tanlashi shart.

Eron oliy rahbari 2024 yil 28 iyul kuni Tehronda yangi saylangan prezident Mas’ud Pizishkiyonni rasman tasdiqlamoqda / Foto: AP

Eron davlat axborot agentligi yakshanba kuni oliy rahbar, oyatulloh Ali Xominaiyning o‘limidan keyingi o‘tish davrida mamlakatni boshqarish uchun kengash tashkil qilinishini xabar berdi.

Eron Konstitutsiyasida belgilangan tartibga muvofiq, bugunning o‘zida rahbarlik vazifalarini o‘z zimmasiga olish va mamlakatni boshqarish uchun kengash tuziladi.

Kengash — Eronning amaldagi prezidenti, mamlakat sud hokimiyati rahbari va Oliy rahbarga maslahat beradigan Fiqh kengashi a’zosidan iborat.

Associated Press nashrining yozishicha, Eronning islohotchi prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy hozirda kengashning a’zolari bo‘lib, ular «rahbarlikning barcha vazifalarini vaqtincha o‘z zimmasiga oladi».

Eron qonunchiligiga ko‘ra, 88 nafar a’zodan iborat «Ekspertlar majlisi» deb ataladigan hay’at «imkon qadar tezroq» yangi oliy rahbarni tanlashi shart. Bu hay’at to‘liq shialar ruhoniylaridan iborat bo‘lib, ular har sakkiz yilda umumxalq saylovi orqali saylanadi va nomzodlari Eronning konstitutsion nazorat organi — Fiqh kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Eron prezidentining va’dasi va boshqa qurbonlar

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon idorasi Xominaiyning o‘ldirilishini «ulkan jinoyat» deb qoraladi va javob qaytarishga va’da berdi.

«Bu buyuk jinoyat hech qachon javobsiz qolmaydi va islom olami hamda shialik tarixida yangi sahifa ochadi. Bu safar ham butun kuch va qat’iyatimiz bilan, ushbu jinoyat ijrochilari va buyruq berganlarni pushaymon qilamiz», deya idora bayonotini keltirmoqda Al Jazeera nashri.

Shuningdek, Pizishkiyon 40 kunlik motamga qo‘shimcha ravishda yetti kunlik umummilliy dam olish kunlari ham e’lon qildi.

Tehrondagi Inqilob maydonida odamlar to‘planib, Ali Xominaiy halok bo‘lganidan keyin reaksiya bildirmoqda. 1 mart, 2026 yil / Foto: Reuters

Eron davlat axborot agentligi shanba kuni ikki nafar yuqori darajali harbiy rahbar halok bo‘lganini tasdiqladi. Mudofaa kengashi kotibi admiral Ali Shamxoniy va Islom inqilobi muxofizlari korpusi bosh qo‘mondonligidagi mayor general Mahmud Pokpur. «Har ikkala amaldor ham shanba kuni Tehrondagi zarbalarda qurbon bo‘lgan», deb yozdi IRNA.

Bu hujumlarda Eron mudofaa vaziri Amir Nosirzoda kabi yuqori harbiy rahbarlar ham qurbonlar qatorida tilga olingan. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid