O‘zbekiston | 17:04 / 29.03.2021
14989
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda emlash jarayoni uch bosqichda o‘tkaziladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari 2021 yilning 1 aprelidan boshlanadi. Birinchi galda katta shaharlarda, keyinroq tumanlardagi aholini emlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

29 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov birinchi navbatda emlash jarayoni qaysi hududlarda boshlanishiga aniqlik kiritdi.

Nurmat Otabekovning ma'lum qilishicha, 2021 yilning 1 aprelidan boshlanadigan emlash tadbirlarida dastlab katta yoshlilar bilan bir qatorda tibbiyot xodimlari ham emlanishi rejalashtirilgan. Ammo, bunda tibbiyot xodimlarining barchasi emas, aynan koronavirus kasalligiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lish orqali kasallikni yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlarini emlash nazarda tutilgan.

«Koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan maxsus shifoxonalar xodimlari, tez tibbiy yordam tizimi xodimlari, shoshilinch tibbiy yordam tizimi xodimlari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari xodimlari, koronavirus bo‘yicha tashxis qo‘yish laboratoriyalari xodimlari, birlamchi bo‘g‘in, ambulatoriya va poliklinika xizmati xodimlari emlanuvchi xodimlar toifasiga kiradi. Chunki ularda infeksiya yuqtirib olish ehtimoli juda yuqori darajada hisoblanadi», dedi shtab a'zosi.

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, emlash jarayonida AstraZeneca hamda ZF-UZ-VAC2001 vaksinalarining har ikkalasidan ham foydalaniladi. Aprel oyida birinchi galda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda aholini emlash ishlari boshlanadi. May oyida tumanlar va kichik shaharlar aholisi emlanadi. Qolgan aholi qatlamini emlash esa iyun oyida amalga oshiriladi.

«Ko‘pchilik davlatlar vaksinalarni xarid qilish uchun navbat kutib o‘tirishibdi. Biroq, ushbu vaksinalarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning quvvati yetarli bo‘lmagani uchun, ushbu tashkilotlar tomonidan tayyor vaksinalarni yetkazib berishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, hozirga qadar olib kelingan vaksinalar miqdoridan kelib chiqsak, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng birinchi o‘rinda bo‘lib turibdi», degan u.

Ma'lum qilinishicha, emlangan har bir shaxsga emlash kursini to‘liq olgandan so‘ng (ikki marta emlangandan so‘ng) maxsus sertifikat beriladi va ushbu sertifikatning berilgan sanasi, manzili va berilgan joyi elektron bazada saqlanadi.

Shuningdek, kelgusida nodavlat muassasalar tomonidan pulli asosda emlash ishlariga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgani ma'lum qilindi.

Mart oyi davomida O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi keltirilgani va Xitoydan 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelingani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid