Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Mamlakatda eng ko‘p oylikni o‘qituvchilar oladi, talabalarning ijara haqi esa davlat bo‘ynida» – Finlandiyada tahsil olgan buxorolik yigit bilan suhbat
Bir necha yil muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda finlandiyalik o‘smir yigitning o‘zbek tilida o‘zbekistonliklarni o‘z mamlakatiga taklif etgani qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqargan edi. Garchi, videomurojaat hazil-mutoyiba tarzida qilingan bo‘lsa-da, ko‘pchilik fin yigitining o‘zbek tilidagi biyron talaffuzidan xursand bo‘ldi. E'tiborlisi, mazkur holat o‘zbekistonliklarda Finlandiyaga nisbatan qiziqishni oshirdi.
«Among youth» jamoasining navbatdagi mehmoni Finlandiya poytaxti Xelsinkidagi «Lappeenranta University of Technology»da magistratura bosqichida tahsil olgan Sunnat Samadov bo‘ldi. U Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Hozirda bank tizimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Suhbatimiz avvalida siz bilan yaqinroq tanishib olsak.
– Avvalo, intervyu berayotganimdan xursandligimni aytib o‘tsam. O‘zim haqimda to‘xtalsam, maktab va akademik litseyni Buxoroda o‘qiganman. 2016 yili Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Telekommunikatsiya fakulteti bakalavr bosqichini tamomladim. Keyin bir muddat universitetimizning o‘zida laboratoriya mudiri, so‘ng «Innova» kompaniyasida tarmoq injyeneri bo‘lib xizmat qildim.

Ish davomida bilimlarimni oshirish va xorijga borib tajriba to‘plash istagi paydo bo‘ldi. 2017 yilning iyun oyida Yevropa Ittifoqining «Etasmus Mundus» loyihasi doirasidagi PERCCOM (Pervasive Computing and Communications in Sustainable Development) dasturi bo‘yicha magistratura bosqichiga qabul qilindim. Ushbu magistrlik dasturi orqali har bir semestrni Yevropaning turli davlatlarida o‘qishingiz mumkin. Shunga ko‘ra, men birinchi semestrni Fransiyadagi «University of Lorraine»da, ikkinchi semestrni Xelsinkidagi «Lappeenranta University of Technology»da, uchinchi semestrni Shvetsiyadagi «Lulea University of Technologies»da o‘qidim. To‘rtinchi semestr ham yana Finlandiyada davom etgan.
– Fransiya, Finlandiya va Shvetsiya davlatlarining taraqqiyoti omillarini nimalarda ko‘rdingiz?
– Ochig‘i, bu haqda o‘zim ham juda ko‘p o‘ylaganman. Ba'zida o‘zimga «O‘zbekistonni mana shunday rivojlangan davlatlar darajasiga olib chiqish uchun nimalar qilish kerak?», «Men buning uchun nimadir qila olamanmi?» kabi savollarni berib turaman. Chunki har bir inson qayerda bo‘lmasin, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti har jihatdan obod bo‘lishini xohlaydi...

O‘ylashimcha, bu davlatlarning rivojlanish omiliga sabab – ularning o‘z mamlakatida sifatli ta'lim tizimini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ya olganida. Buni nafaqat ushbu davlatlar, balki qolgan boshqa ko‘plab rivojlangan mamlakatlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Yana qariyb ikki yildan beri yashab ko‘rganlarimdan – yevropaliklarning o‘z xizmat vazifasini kichik xodimdan to katta rahbargacha hamma sidqidildan bajarishga intilishi havasimni keltirgan. Bu ham, o‘z navbatida, ta'limga borib taqaladi. Ya'ni, yevropaliklar ta'lim jarayonida o‘quvchi ongiga o‘z xizmat vazifasini vijdonan bajarishni singdira olgan.
– Finlandiyadagi ta'lim jarayonining O‘zbekistonda ta'limdan qanday farqli jihatlari bor?
– Fikrimni bildirishdan oldin Finlandiya ta'lim vazirining so‘zlaridan iqtibos keltirib o‘taman: «Biz (Finlandiya)da o‘quvchilarga uyga vazifa deyarli berilmaydi. Bolalar, avvalo, bola bo‘lishi va hayotdan zavq olishi uchun ularda vaqt qolishi kerak!..». Bu gaplardan tushunish mumkinki, finlarning ta'lim tizimiga bo‘lgan qarashi biznikidan tamoman farq qiladi. Bilishimcha, boshlang‘ich sinf bolalari maktabda o‘rtacha haftasiga 20 soat vaqt sarflaydi va bu tushlik vaqtini ham o‘z ichiga olgan.

E'tiborlisi, bu yerda o‘quvchilar standart test imtihonlarini topshirishmaydi. Bunga javoban: «biz bolalarni imtihonga emas, balki hayotga tayyorlaymiz», deyishadi. Bundan tashqari, maktablar reytingi ham tuzilmaydi. Maktablar poytaxtda bo‘ladimi yo kichik bir hududdami, hammasida bir xil sharoit va jihozlanishiga alohida e'tibor qaratiladi. O‘quvchilar o‘rtasida ham raqobat rivojlantirilmagan, ya'ni bir o‘quvchi boshqasining bahosini bilmaydi.
Menga eng yoqadigan jihatlardan biri – o‘qituvchilarni odatda hech kim tekshirmaydi. Ya'ni, o‘qitish metodlarini tanlash o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq. Albatta, Ta'lim vazirligi tomonidan o‘qitish dasturi tasdiqlangan. Ammo u faqat tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Finlandiyada o‘qituvchilik kasbi eng sharafli va nufuzli kasblardan. Shu bois, bu kasbni egallovchilarga qat'iy qo‘yilgan talablar bor. Ammo o‘qituvchining maoshi ham shunga yarasha. Mamlakatda eng ko‘p oylikni o‘qituvchilar oladi, desa ham bo‘ladi.

Mana shunday ta'lim tizimi va o‘qituvchilarga e'tibor O‘zbekistonda ham bo‘lishini istardim. O‘ylashimcha, bizdagi eng katta kamchiliklardan biri – o‘qituvchilarning qog‘ozbozlikka «ko‘mib» yuborilgani va ana shu qog‘ozlarni tekshiradigan turli xil tashkilotlardan keluvchi «komissiyalar». Ochig‘i, oilamizda ko‘pchilik o‘qituvchi bo‘lib ishlagani uchun ularning soatlab vaqtini turli hisobotlar tayyorlash, konspektlar yozish, jurnal to‘ldirish va hokazolarga sarflab kelishini ko‘rib ulg‘ayganman.
Xohlardimki, Yevropada bo‘lgani kabi bizda ham o‘qituvchilar faqat bor e'tiborini dars o‘tishga qaratishi va eng muhimi, o‘z kasbini sevib, undan bahra olib yashashi kerak.
– Finlandiyaliklar O‘zbekiston haqida qanday taassurotga ega?
– To‘g‘risini aytsam, finlandiyaliklar mamlakatimiz haqida ko‘p ham ma'lumotga ega emas. O‘zbekiston deganimda, aytilishi yaqin bo‘lganidanmi, ko‘pincha Afg‘oniston yoki Pokiston bilan adashtirishadi. Lekin o‘zbekcha gapira oladigan finlar ham bor. Misol uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali fin yigitining o‘zbekcha gapirib, o‘zbeklarni Finlandiyaga taklif qilgan videosi tarqalgan. Bu, albatta, quvonarli holat.
– Finlandiyada nima ko‘proq hayratlantirdi?
– Xelsinki poytaxt bo‘lishiga qaramay, shaharda aholi ko‘p ham zich joylashmagan. U o‘ziga xos tabiatga ega. Ayniqsa, har tomonlama qulay bo‘lgan jamoat transporti faoliyatiga havasingiz keladi.

Xelsinkida meni g‘oyatda hayratlantirgan narsa kutubxonalarning soni bo‘ldi. Har qadamda kutubxonalar chiqaveradi. Ulardan hamma birdek istalgan vaqtda kirib foydalanishi mumkin. E'tiborlisi, kutubxonalarda barcha qulayliklar yaratilgan. Ya'ni, qariyalardan tortib bog‘cha bolalarigacha. Bolalar uchun alohida rasmli kitob javonlari, o‘yin maydonchalarini deyarli barcha kutubxonalardan topa olasiz. O‘zim ham bo‘sh vaqtlarimni kutubxonada o‘tkazishni yoqtirardim.
Xelsinkining yana bir e'tiborli jihati – velosipedlar uchun maxsus yo‘laklarning ko‘pligi. Bu yo‘llar minglab kilometrgacha cho‘ziladi. Shahar ma'muriyati velosipedlar uchun maxsus yo‘laklarni ko‘paytirib bormoqda. Qizig‘i, shaharda havo harorati o‘n daraja sovuq bo‘lgan paytlarda ham ko‘chalarda veloishqibozlarni ko‘plab uchratish mumkin.
– Finlar xarakteri jihatidan qanday xalq va ularning xorijliklarga munosabati qanday?
– Finlandiyada qariyb bir yildan ortiq yashagan odam sifatida aytishim mumkinki, finlar juda ham ajoyib xalq. Ular tartib va ozodalikni yaxshi ko‘rishadi. Hattoki, avtobus bekatlarida ham bir-biridan 1-2 metrgacha oraliq masofani saqlab navbatda turishadi.
Shuningdek, ular bilan tezda til topishish qiyin. Finlar ko‘chada, avtobusda begonalar bilan muloqot qilmaydi. Boshida bunga moslashish oson bo‘lmagan. Lekin keyin hammasi o‘z iziga tushib ketdi. Hozir ko‘plab fin do‘stlarim bor.
Qolaversa, finlandiyaliklar sport mashg‘ulotlari – xokkey, futbol, velosayohat va basketbolni xush ko‘radi. Ularning yana bir sevimli mashg‘uloti bu – fincha hammom yoki fincha saunaga tushish. O‘ylashimcha, mamlakatdagi saunalar soni mashinalar sonidan ko‘proq. Bilishimcha, har bir xonadonda kamida bitta, o‘rtacha ikkitadan yozgi va qishki sauna mavjud. Bu ham ozodalikka intilish ortidan, deb hisoblayman.
Ularning xorijliklarga bo‘lgan munosabatiga kelsam, ajnabiylarga munosabat umuman olganda yaxshi shakllangan. Davlatda yashayotgan har bir migrant Finlandiya fuqarolari ega bo‘lgan deyarli barcha imtiyozlardan foydalana oladi. Bundan tashqari, chet elliklarga bepul fin tili kurslari tashkil qilingan.
Qurilishda ishlaydigan bir do‘stim aytgan edi, xorijiy migrantlarga davlat tashkilotlaridan kelib, haq-huquqlari va turli imtiyozlar to‘g‘risida ma'lumotlar berib borilar ekan. Ya'ni, soatbay ish haqi miqdori, dam olish kunlaridagi mehnat haqlari shular jumlasidan.
Finlandiyaga borish niyatidagilarga ma'lumot sifatida aytib o‘tsam, hamma yerda bo‘lgani kabi bu yerda ham yuqori maoshli ishga joylashish uchun fin tilini bilish talab qilinadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, finlarning deyarli barchasi shved va ingliz tilida gaplasha oladi.
O‘zbekistondek quyoshli o‘lka aholisi uchun bu yerga moslashish biroz qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin. Sababi, qishda kun davomiyligi 3-4 soatgacha kamayadi. Quyoshning chiqish davomiyligi kamligi bois, vitaminlarga boy mahsulotlarni iste'mol qilish juda zarur.
– Sizningcha, Finlandiyaning qanday tajribalaridan o‘rnak olsa bo‘ladi?
– Finlandiya o‘z aholisi uchun yuqori ijtimoiy himoyani ta'minlay olgan. Xususan, ta'lim olish va tibbiy xizmat bepul. Bundan tashqari, ishsizlik nafaqasi, yosh bolasi borlarga yaxshi summa to‘lanadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, soliqlar boshqa davlatlarga nisbatan balandroq. Ammo, mening nazarimda, soliqlar yuqori bo‘lishi aholining ijtimoiy himoyasidan kelib chiqib o‘zini to‘laqonli oqlaydi.
Qolaversa, talabalarga ham katta imtiyozlar beriladi. Deyarli barcha talabalarga stipendiya va o‘qish davridagi ijara haqini davlat o‘z bo‘yniga oladi. Shu bilan birga, xorijlik talabalar ham mazkur imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
– Mutaxassisligingizning bugungi O‘zbekiston uchun muhimligi qay darajada deb o‘ylaysiz?
– Keyingi yillarda inson omilining tabiatga ta'siri juda ortib ketdi. Buning natijasida global isish jarayoni jadallashyapti, abadiy muzliklar eriyapti. Turli xil kimyoviy chiqindilar yer maydonlarini zararli holatga keltirmoqda. Bu, o‘z navbatida, bio xilma-xillikning yo‘qolib borishiga sabab bo‘lyapti. Afsuski, mana shunday tabiat inqirozi dengiz sathining ko‘tarilishini keltirib chiqarib, dunyoning bir necha yuzlab shaharlariga katta xavf tug‘dirmoqda.
Mening mutaxassisligim axborot texnologiyalari yordamida inson omilining atrof-muhitga bo‘lgan ta'sirini kamaytirishga yo‘naltirilgan. Masalan, resurslardan foydalanishni optimallashtirish, energiya sarfi va kimyoviy chiqindilarni kamaytirish, aholining bu boradagi savodxonligini oshirishda IT’dan samarali foydalanish kabilarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab bunday mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Men bu yo‘nalishda tahsil olgan ilk o‘zbekistonlik talabalardan biri ekanimdan faxrlanaman.
Bizdagi eng katta ekologik muammolardan biri – Orol dengizi. Fikrimcha, dengizga suv ta'minotini yaxshilash uchun sug‘orish tizimini yaxshilashimiz kerak. Mamlakatimizda IT texnologiyalar yordamida tomchilab sug‘orish metodi, dronlar orqali ekinzorlarni kuzatib borish, yer unumdorligini oshirish orqali suv sarfini kamaytirish bunga misol bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, chiqindilarni saralab, qayta ishlashni rivojlantirish, logistika va omborxonalarni optimal tanlash natijasida yonilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytirish lozim.
Bugungi kunda bu boradagi bir nechta loyihalar ustida izlanish olib boryapman.
Mavzuga oid
15:44 / 02.12.2025
Finlandiyaning O‘zbekistondagi elchisi dipmissiyasini yakunlamoqda
14:49 / 26.11.2025
YeI Finlandiyaga nisbatan ortiqcha defitsit sababli jarima tartibini boshlamoqchi
09:58 / 03.11.2025
RF Vuoksadagi GES bo‘yicha 1972 yilgi Finlandiya bilan tuzilgan shartnomani to‘xtatdi
20:20 / 31.10.2025