Jahon | 09:58 / 03.11.2025
2833
2 daqiqa o‘qiladi

RF Vuoksadagi GES bo‘yicha 1972 yilgi Finlandiya bilan tuzilgan shartnomani to‘xtatdi

Rossiya hokimiyati Vuoksa daryosidagi GES uchun elektr energiyasi kompensatsiyasiga oid 1972 yilgi Finlandiya bilan shartnomani to‘xtatdi. Moskva ta’kidlashicha, Helsinki 2022 yil bahoridayoq Rossiyadan elektr energiyasini qabul qilishdan o‘zi voz kechgan.

Foto: Ian Murray/picture alliance

Rossiya Vuoksa daryosidagi GESdan Finlandiyaga kompensatsion elektr yetkazib berish to‘g‘risidagi 1972 yilgi sovet-fin shartnomasining ikki moddasini to‘xtatdi. Bunday tartib bosh vazir Mixail Mishustinning 1 noyabr kuni e’lon qilingan farmoyishida ko‘rsatilgan.

Hujjatga ko‘ra, taklifni Rossiya Energetika vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi kiritgan. Moskva bunga sabab qilib «fin tomonining elektr energiyasini qabul qilishdan bir tomonlama voz kechishi»ni keltirdi — bu holat 2022 yil bahorida, Finlandiya Ukrainaga bosqin fonida Rossiyadan elektr importni to‘xtatgan paytda yuz bergan.

Hujjatdan anglashilishicha, Rossiya 1972 yilgi shartnomani butunlay bekor qilmagan, balki undagi Finlandiyaga kompensatsion elektr yetkazib berishga oid ikki bandnigina to‘xtatgan.

Vuoksa daryosi Finlandiyadagi Sayma ko‘lidan boshlanib, taxminan 13 km fin hududi orqali oqadi. Keyin daryo Rossiya chegarasini kesib o‘tib, yana taxminan 100 km oqib Ladoga ko‘liga quyiladi.

Vuoksada fin tomonida Taynionkoski va Imatra GES, Rossiya tomonida esa Svetogorskaya va Lesogorskaya GES qurilgan. Chegaraga eng yaqin fin stansiyasi — Imatra, rus stansiyasi — Svetogorskaya.

1948 yilda Svetogorskaya GES ishga tushgach, uning to‘g‘oni sabab daryoning yuqori qismida suv sathi ko‘tarildi. Bu esa finlarning Imatra stansiyasida elektr ishlab chiqarish hajmini qisqartirdi.

1972 yilda Helsinkida SSSR va Finlandiya o‘rtasida Imatradan Svetogorskacha bo‘lgan Vuoksa uchastkasi ekspluatatsiyasi haqida shartnoma imzolangan. Moskva Finlandiya tomoni ko‘rgan zararni qoplash maqsadida yiliga 19 900 MVt·soat elektr energiyasini yetkazib berish majburiyatini olgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid