Jahon | 14:49 / 26.11.2025
1395
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Finlandiyaga nisbatan ortiqcha defitsit sababli jarima tartibini boshlamoqchi

Finlandiya davlat budjeti defitsiti Yevropa Ittifoqida ruxsat etilgan YaIMga nisbatan 3 foizlik darajadan oshdi. Yevrokomissiya Helsinkiga jarima qo‘llash tartibini boshlash bilan tahdid qildi. Finlandiya rasmiylari esa buni, avvalo, Rossiya tahdidi tufayli mudofaa xarajatlarining o‘sishi bilan izohlamoqda.

Foto: Dudlajzov/Depositphotos/IMAGO

Yevropa komissiyasi (YeK) Finlandiyaga nisbatan bu mamlakat budjeti defitsiti haddan tashqari yuqori bo‘lgani uchun jarima choralarini qo‘llash tartibini boshlashni tavsiya etdi. Bu haqda seshanba, 25 noyabr kuni e’lon qilingan YeK bayonotida aytiladi. YeI qoidalariga ko‘ra, budjet tanqisligining eng yuqori yo‘l qo‘yiladigan darajasi yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 3 foizini tashkil etadi. Finlandiyada esa bu ko‘rsatkich 2025 yil uchun 4,5 foiz, 2026 yilda 4 foiz, 2027 yilda esa 3,9 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Agar budjet defitsiti o‘sishi mudofaa xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lsa, YeK istisno tarzida munosabat bildirish huquqiga ega. Biroq Bryusselda ta’kidlashlaricha, Finlandiya holatida qarzlarni faqat mudofaa xarajatlari bilangina izohlab bo‘lmaydi.

Finlandiyaga nisbatan jarima tartibini boshlash to‘g‘risidagi qaror 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda YeI moliya vazirlari tomonidan ma’qullanishi kerak. Nazariy jihatdan ko‘p milliard yevroga teng jarima qo‘llanishi mumkin, ammo amaliyotda bunday chora haligacha biror marta qo‘llanmagan, deya yozadi dpa agentligi.

«YeIning defitsitni qisqartirish bo‘yicha tartibi kutilgan edi. Hatto 10 milliardlik budjet tuzatishi ham asosan Rossiyaning agressiv urushi tufayli bizning iqtisodiyotimizga yetgan zararni qoplamaydi. Hukumat harakatlari to‘g‘ri bo‘lgan, ishimiz davom etishi kerak», — deb yozdi X ijtimoiy tarmog‘ida Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo.

«YeKning bahosi kutilmagan holat emas, chunki Finlandiya davlat moliya tizimining ahvoli yomonlashishda davom etmoqda. Dekabr oyida YeI bizdan vaziyatni qay darajada tez tuzatishni kutayotganini bilib olamiz. Tuzatuvchi choralar o‘zimizga bog‘liq bo‘ladi», — dedi Finlandiya bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri Riikka Purra. Uning so‘zlari hukumat saytida chop etilgan.

Bayonotga ko‘ra, Finlandiya endilikda 20 yanvar kuni YeI qanday tavsiyalar berishiga qarab harakat qiladi, ularni inobatga olishga tayyor va uch oy ichida ko‘rilgan choralar yuzasidan hisobot taqdim etishi lozim. Helsinki, shuningdek, xuddi shu tartib avval Belgiya, Italiya, Avstriya, Malta, Polsha, Fransiya, Ruminiya, Slovakiya va Vengriya kabi mamlakatlarga nisbatan ham qo‘llanganini eslatib o‘tdi.

Mavzuga oid