Jahon | 13:11 / 26.01.2023
36745
6 daqiqa o‘qiladi

100 yoshdan ko‘proq yashovchilar oroli – Yaponiyaning Okinava orolida nega odamlar uzoq umr ko‘radi?

Yaponiya o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi eng uzun mamlakatlardan biri hisoblanadi. Yaponlar uzoq umr ko‘rishsa, mamlakatning Okinava orolida odamlar butun mamlakatdagidan ham uzoqroq umr ko‘rishadi. Orolning o‘zi ham, unda yashovchi odamlarning ko‘p yashashi sabablari ham o‘ziga xos.

Foto: Shutterstock

Yaponlar uzoq umr ko‘rishi haqida bilamiz. Lekin mamlakatning bir hududi – Okinava hatto Yaponiyaning o‘zida aholisining uzoq yashashi bilan ajralib turadi. Okinavani “uzoq umr ko‘ruvchilar oroli” deb ham atashadi.

2019 yil ma’lumotiga ko‘ra, Okinavada har 100 ming aholiga 68 nafar 100 yoshdan oshgan odam to‘g‘ri kelgan. Hududda aholining 100 dan oshishi imkoni butun Yaponiyanikidan 40 foizga yuqoriroq.

Bu qanday hudud?

Okinava Yaponiya prefekturalaridan biri hisoblanadi. Hudud 160 ta aholi yashaydigan va yashamaydigan orollar yig‘indisidan iborat. Hududi 2 ming kv metr bo‘lgan prefekturada 1,4 mlnga yaqin odam yashaydi.

Foto: Shutterstock

Okinavada yil bo‘yi iliq va mo‘’tadil ob-havo hukmronlik qiladi. Iyulda, hatto eng issiq oylarda ham harorat 29 daraja atrofida, kamdan kam holatda esa 35 darajagacha chiqadi. Qishda esa harorat 17 daraja atrofida bo‘ladi. Orol o‘ziga xosliklari bilan sayyohlar e’tiborini tortib keladi.

Foto: AP

Ajoyib qishloq

National Geographic nashri nima sababdan orolliklarning uzoq umr ko‘rishi haqida hikoya qiladi.

Okinavaning asosiy orolidan shimolda joylashgan Ogimi qishlog‘ida quyidagi yozuvlarni uchratish mumkin: “Agar 80 yosh bo‘lsangiz – siz hali yoshsiz. Agar 90 yoshda ajdodlaringiz sizni u dunyoga chorlayotgan bo‘lsa, ularga ayting, 100 yoshga kirguningizcha kutib turishsin. 100 yoshda o‘lim haqida o‘ylab ko‘rsangiz bo‘ladi”.

Chindan Ogimi qishlog‘ining o‘zida ham 100 dan oshganlar anchagina. 2020 yil holatiga ko‘ra, qishloqning 3 ming aholisining 15 nafari 100 dan oshgan, 171 nafari 90 yoshlilar. O‘sha paytda butun Yaponiya bo‘yicha 100 dan oshganlar 70 ming kishini tashkil qilgan. Bittagina qishloq misolida olganda ularning buncha umr ko‘rishi ajoyib natija.

Hozir Yaponiyada 100 yoshdan oshganlar 90 ming kishini tashkil qiladi.

Qanday qilib?

“Oroldagi odamlarning uzoq umr ko‘rishiga 3 ta narsa sabab: ovqatlanish tarzi, ijtimoiy faollik va genetika”, deydi Okinava xalqaro universiteti professori Kreyg Uillkoks. U orol odamlarining uzoq umr ko‘rish sirlarini o‘rganadi.

Professor uzoq umr ko‘rish sabablarining uchdan ikki qismi ovqatlanish va turmush tarzi bilan, qolgan bir qismi genetika bilan bog‘liq degan fikrda. Okinava aholisida Yaponiyaning boshqa qismlariga qaraganda genetik ustunlik borligi alohida tadqiq qilinmagan bo‘lsa-da, biroq uzoq umr ko‘rish aksar oilalarga xos xususiyat.

Ovqatni dori deb qabul qilish

Okinavaliklar asosan, baliq ovlash va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Jismoniy faollik, qolaversa, sog‘lom ovqatlanish ularning uzoq umr ko‘rishiga yordam beradi.

Okinavada boshqa Osiyo aholisidan farqli ravishda guruch o‘rniga shirin kartoshka ko‘proq iste’mol qilinadi. Bundan tashqari, orolliklar sariq va yashil sabzavotlarni: nordon qovun va soya mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilishadi. Garchi go‘sht mahsulotlari ham yeyishsa-da, lekin go‘sht ovqat porsiyasining kichik qismini, katta qismini esa sabzavotlar tashkil qiladi.

- Okinava oshxonasida pishgan shirin kartoshkalar

Okinava an’anaviy ovqat ratsioni mineral va vitaminlarga boy, bir vaqtning o‘zida kaloriyasi past hamdir. Orolga "fast-fudlar" kirib kelishidan oldin ularning ratsioni kaloriyasi kattalar uchun belgilangan o‘rtacha kaloriyadan 11 foiz pastroq bo‘lgan.

Okinavaliklarning kunlik ratsionida 5 porsiya meva va sabzavotlar bo‘ladi. Shuningdek, ular yurakka go‘shtdan ko‘ra ko‘proq foydali bo‘lgan baliq mahsulotlarini iste’mol qilishadi.

Foto: Shutterstock

Bunday ovqatlanish yurak qon-tomir kasalliklari va saratonga chalinish xavfini kamaytiradi. Okinavaliklarning “nuchi gusui” ya’ni “oziq-ovqatingiz sizning doringiz bo‘lsin” degan iborasi ham bor. Shirin kartoshka, nordon qovun, dengiz o‘tlari, yashil bargli sabzavotlar qarishni sekinlashtiradi.

“Okinavaliklarning ratsioni ham ozuqaviy jihatdan to‘yimli, biroq kaloriyasi yuqori emas. Bu – ideal. Agar laboratoriyada tadqiqot o‘tkazib, sut emizuvchining kaloriya iste’moli hajmini cheklasangiz, u uzoqroq umr ko‘rishi mumkin. Doimiy energiya tanqisligi tanada o‘z-o‘zini cheklash tizimini ishga tushiradi”, deydi professor Vilkoks.

“Yolg‘izlik chekish kabi zararli”

Oroldagi hayot Yaponiyaning boshqa qismlaridagidan farq qiladi. Bu yerda iqlim subtropik, qishi iliq keladi. Hududda maxsus “Okinava vaqti” bor.

Jamiyat shunday tuzilganki, keksalar o‘zlarining yashashdan maqsadini, yaponcha ibora bilan aytganda o‘z “ikigai”larini saqlab qolishgan. Ogimi qishlog‘ida keksalar yig‘ilib tolalarni tozalab ulardan ip to‘qiydigan markaz bor. Maxsus tashkil qilingan markaz keksalarga nafaqat ijtimoiy faol bo‘lishga, balki qishloq budjetiga hissa qo‘shishga ham yordam beradi. Markazni 100 yil umr ko‘rgan oila vakillari boshqaradi.

Bundan tashqari, odamlar o‘z qiziqishlariga qarab turli guruhlarga birlashadi. Odamlar guruhlarda do‘stlashadi, birgalikda ma’lumot almashadi, qiziqishlariga mos mashg‘ulotlar olib borishadi. Bu ham uzoq umr ko‘rish sabablaridan biri bo‘lish mumkin, sababi “yolg‘izlik chekish kabi zararli”. 

Mavzuga oid