«IELTS’dan yuqori ball olish muhim emas» - AQSh universitetiga to‘liq grant yutgan o‘zbekistonlik bilan suhbat
Islom Urolov AQShning Tufs universitetida magistratura bosqichida o‘qiyapti. U AQSh universitetlariga to‘liq grant yutish yo‘llari, talab etiladigan hujjatlar va buni hech qanday konsalting firmalar yordamisiz qanday amalga oshirish mumkinligi haqida gapirib berdi. “Biror konsalting firmasi siz uchun o‘zingizchalik harakat qilmaydi”, deydi u.
O‘qish vaqtidagi stajirovkaning ahamiyati
Men bakalavrni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishini bitirganman. 2020 yil, o‘qishni bitirishim bilanoq Markaziy bankda pul kredit siyosati departamentida ish boshlaganman. Albatta, bu joyga kelish o‘zidan o‘zi bo‘lmagan. 2019 yilda Markaziy bank e’lon qilgan maxsus stipendiyani yutganman va 10 oy o‘sha yerda stajirovka qilganman. Stajirovka yakunida suhbat qilinib, shu orqali ishga kirganman. Bankda 2020-2022 yillarda ishladim. Bu stajirovka Amerikaga grant yutishimda juda katta rol o‘ynagan deb o‘ylayman. Chunki magistraturada chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Markaziy bankdagi stajirovkam bilimlarimni mustahkamlashga yordam bergan. Qolaversa, ish jarayonida soham bo‘yicha ko‘p savollar paydo bo‘lishni boshlagan va ularga javob topish uchun magistratura bosqichidagi bilimlarga ehtiyoj tug‘ilayotganini seza boshladim.
Xalqaro grantlarga harakat
Shunday qilib, 2021 yildan boshlab magistratura uchun hujjat tayyorlashga kirishdim. Germaniya, Italiya, Vengriya, Fransiya, Angliya, Amerika davlatlaridagi 20dan ortiq universitetga hujjatlarimni topshirdim. Va 10dan ortig‘iga qabul qilinganim haqida javob xati oldim. Amerikaga o‘qish istagim kuchli bo‘lgani uchun shu yerdagi universitetlarni tanlash niyatim bor edi. Lekin bu universitetlar meni tanlashiga ishonchim yo‘q edi. Xayolimda bir narsa bo‘lgan: bu yil baribir o‘tolmayman, bu tajriba bo‘ladi va keyingi yil topshiraman. Lekin Tufs universiteti to‘liq grant berdi. Bu kelajak liderlari stipendiyasi bo‘lib, talabalarga 2 yil davomida magistratura uchun o‘qishda barcha xarajatlarni qoplab beradigan dastur. Bundan tashqari, menga Amerikaga ko‘chib kelish uchun 1700 dollar miqdorida pul ham berishgan.
AQSh universitetlaridan qanday grant yutish mumkin?
Ochig‘i, bu savolga umumiy javob yo‘q. Bu borada aytish mumkin bo‘lgan yagona umumiy gap: AQShda to‘liq scholarship olishning imkoni bor. Lekin har bir universitet va dastur bo‘yicha grant yutish yo‘llari har xil. AQShda davlat yoki biror tashkilotlar beradigan grantlar va alohida universitetlar faqat o‘z talabalari uchun ajratadigan grantlar mavjud.
Bular orasida magistratura va PhD bosqichida o‘qimoqchi bo‘lganlar uchun davlat tomonidan moliyalashtiriladigan Fulbright dasturi juda mashhur. Dastur tomonidan talabaning o‘qish davomidagi barcha (o‘qish, ko‘chib kelish va yashash) xarajatlari qoplanadi. Dasturga topshirish shartlari va talablari bo‘yicha bu havola orqali tanishib chiqish mumkin.
Shuningdek, AQShdagi juda ko‘p universitetlar o‘z talabalari uchun maxsus grant va moliyaviy yordam dasturlarini yo‘lga qo‘ygan. Masalan, Stanford universiteti, Yele, Minnesota kabi universitetlar beradigan grantlar o‘qish xarajatlarini to‘liq qoplaydi. Bundan tashqari, deyarli hamma universitetlarda ma’lum hajmda moliyaviy yordam dasturlari bo‘ladi. Masalan, men o‘qiyotgan Tufs universitetida ham har xil grant va moliyaviy yordam dasturlari bor. Men olgan scholarship esa GSAS Future Leaders Fellowship dasturi bo‘yicha fakultet dekani tomonidan berilgan.
Ushbu scholarship'lar talabalarning qobiliyati (merit-based) yoki/va muhtojligi (need-based)ga ko‘ra ajratiladi. Buni olish uchun ba’zi dasturlar alohida talablar qo‘yadi va alohida hujjatlar tayyorlash kerak. Ba’zi dasturlarda esa faqat universitetga hujjat topshirishning o‘zi kifoya. Masalan, men scholarship olish uchun alohida hech narsa qilmadim. Faqat universitetga qabul qilinish uchun talab etilgan hujjatlarni topshirdim xolos.
Scholarship'lar qanday olinishi bo‘yicha aniq umumiy talablar yo‘q. Lekin umumiy aytadigan bo‘lsak, merit-based scholorship uchun kuchli portfolio yig‘ish kerak, need-based scholorship uchun shu yordamga muhtojligingizni isbotlashingiz kerak. O‘zbekiston aholisining 90 foizdan oshig‘i daromadlar darajasining kamligi tufayli need-based scholarship talablariga to‘g‘ri keladi. Merit-based scholorship olish esa ancha murakkab. To‘liq grantlar ham asosan merit-based scholorship'da bo‘ladi. Merit-based scholarship uchun portfolio:
– o‘z sohangizda erishgan akademik, ilmiy yutuqlar;
– professional tajriba;
– ijtimoiy sohadagi faollik;
– bakalavrdagi o‘rtacha ball yuqori bo‘lishi
– kuchli motivatsion xat va tavsiyanomalar;
– CV hammasi o‘zaro izchil (bu juda muhim) dastur uchun muhim jihatlaringizni ochib berishga yo‘naltirilgan va dastur shartlariga mos tuzilgan bo‘lishi kerak.
Ko‘pchilik to‘liq grant yutganimni eshitib, mendan IELTS 8 yoki 9 olgan bo‘lsangiz kerak deb so‘rashadi. Chunki ko‘pchilik IELTS/TOEFL ballarining yuqori bo‘lishi scholorship olish ehtimolligiga ta’sir qiladi deb hisoblaydi. Bu Koreya yoki Yaponiya kabi davlatlarda o‘rinli bo‘lishi mumkin, lekin AQShda bular shunchaki minimum talablar xolos. IELTS ballingiz 9 bo‘lishi merit-based scholarship uchun umuman yordam bermaydi. Shunchaki, xalqaro til sertifikatlarining birortasi bo‘yicha minimum talabga javob bersangiz kifoya (asosiy talab til bilish emas). GRE/GMAT ballarining merit-based scholarship yutishda biroz ta’siri bor. Chunki ko‘p universitetlar qabul qilingan talabalarning GRE/GMAT ballari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlarni e’lon qilib, bu orqali maqtanishni yoqtirishadi. Shuning uchun bu sertifikatlar bo‘yicha ko‘p hollarda minimum talab qo‘yilmasa-da, universitetlarga GRE/GMAT yuqori ball olganlarni qabul qilishadi.
Qisqasi, AQSh universitetlaridan scholorship olish uchun IELTS/TOEFL’dan maksimal ball olishga emas, kuchli portfolio yaratishga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.
AQSh universitetlarida magistratura uchun talab etiladigan hujjatlar qaysilar?
Albatta, hamma universitetlarda magistratura sohasiga qarab har xil hujjatlar talab etiladi. Lekin men o‘zim hujjat topshirmoqchi bo‘lgan vaqtimda AQShdagi 100 ga yaqin universitetlarda (MS in Economics bo‘yicha) hujjat topshirish talablarini qarab chiqib, deyarli barchasida asosan bir xil talablar ekanligini bilgan edim.
Demak, Tufs'da MS in Economics bo‘yicha qanday hujjatlar talab etiladi:
- Hujjat topshirish to‘lovi (Aplication fee) – $85.
- Tarjimayi hol (Resume/CV).
- Motivatsion xat (Personal statement).
- GRE sertifikati (Official GRE required).
- Xalqaro ingliz tili sertifikatlaridan biri (Official TOEFL, IELTS, or Duolingo English Test, if applicable).
- Bakalavr diplom ilovasi (Transcrips).
- Uchta tavsiyanoma (Three letters of recommendation).
Ba’zi universitetlar yana biror yozma ish (writing sample) ham so‘rashadi. Agar AQShdan hali biror universitet tanlamagan bo‘lsangiz, mana shu talablar bo‘yicha tayyorlansangiz ham bo‘ladi, boshqa universitetlardan ko‘p farq qilmaydi.
Personal statement eng muhim hujjat
Personal statement yoki motivation letter deb ataladigan hujjat grant yutishda o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Xo‘sh, u qanday yoziladi? Buni yozishda universal bir struktura yoki 100 foiz scholorship yutishni kafolatlaydigan degan formula yo‘q. Hammaning o‘zining hikoyasi bo‘ladi. Masalan, ba’zilar uni hayotiy yozishni maslahat beradi. Yana boshqalar o‘zingizdagi muammoni aytib, shuning atrofida maqsadlaringizni ko‘rsatib berishingizni tavsiya qiladi. Boshqa bir variantga ko‘ra, 3ta muhim savolga javob berish talab etiladi: nima uchun shu universitetni tanlayapsiz, ular nima uchun sizni tanlashi kerak va kelgusidagi maqsadlaringizda shu dastur qanday yordam beradi? Ana shu 3ta savolga aniq, emotsional gaplarsiz javob berish kerak. Lekin o‘zim shu 3 yo‘nalishda yozilgan esselarning ham katta katta scholarship'lar yutganini ko‘rganman. Menga qolsa, 3-yo‘nalishda yozilgan ma’qul.
Bu xatni yozishda birovdan ko‘chirmaslik eng muhimi. Chunki CV'gizga kiritgan ma’lumotlar maqsadingizga qanchalik uyg‘unligini ko‘rsatishi kerak. Aynan nimaga e’tibor qaratish kerak desangiz, yutuqlaringizni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, ularni qaysi maqsad birlashtirganini ko‘rsata olishingiz kerak. Va shular yuqorida sanagan 3ta savolga javob ham bo‘la olishi kerak.
Yana bir muhim narsa yozilgan inshoni shu yo‘lni bosib o‘tganlarga ham o‘qitib, fikr olib ko‘rish kerak.
Bu hujjat muhim bo‘lgani uchun ko‘p talabalar undan qochib, orqaga surib yozmay, hujjat topshirish vaqtiga taqab yurishadi. 2 soat qolganda nimadir yozib topshirib yuboradi. Bu juda katta xato. Yozishni qancha erta boshlasangiz shuncha yaxshi. Qayta-qayta yozib mukammal shaklga keltira olasiz.
Amerikadan universitetni qanday tanlash mumkin?
Men o‘qishga topshirish uchun universitetlarni qidirganimda uchta asosiy jihatga e’tibor bergandim:
1) Menga kerakli yo‘nalish bu universitetda bormi?
Masalan, ko‘p universitetlarda men qidirgan iqtisodiyot bo‘yicha magistratura dasturi yo‘q edi yoki men xohlagandek emas edi. Buni aniqlash uchun ixtiyoriy bir ro‘yxat (masalan, US News ranking) asosida har bir universitet saytiga kirib Graduate progmgrams bo‘limiga qarab chiqish kerak. Sizga kerak yo‘nalish bo‘lmasa, keyingi universitet saytiga o‘tasiz, agar yo‘nalishingizni topsangiz, hujjat topshirish uchun oxirgi muddat (deadline) qachonligini qidirish kerak. Agar oxirgi muddatgacha yetarlicha vaqt bo‘lsa, unda ikkinchi muhim jihatni qidirishga o‘tasiz.
2) Bu universitet men topshiradigan dasturga grant ajratadimi va qancha ajratadi?
Deyarli hamma universitetlar saytida moliyaviy yordam (financial aid) degan joyi bor va shu joyi juda muhim. Men Amerikada kontraktda o‘qiyolmasligimni bilganim uchun faqat grant beradigan dasturlarni qidirardim. Amerikada ko‘p universitetlarning o‘z grant dasturlari yoki talabalarga moliyaviy yordam fondlari bo‘ladi. Bular hamma universitetda har xil yo‘nalishlar va dasturlar bo‘yicha turlicha taqsimlanadi. Shuning uchun aynan siz topshirmoqchi bo‘lgan dastur uchun qancha grant ajratilishiga e’tibor berish kerak. Masalan, bir universitetda faqat iqtisodiyot bo‘yicha Graduate programm'da grant yo‘qligini deyarli hamma hujjatlarimni topshirib bo‘lganimdan keyin bilganman va ariza to‘lovini (application fee) to‘lamaganman. Xullas, agar sizga kerak yo‘nalish bo‘yicha grant beradigan dasturni topsangiz, uchinchi jihatga e’tibor berish kerak.
3) Men bu dasturga topshira olamanmi?
Barcha dasturlarga topshirish uchun maxsus talablari bo‘ladi, shu joyiga yaxshilab e’tibor berish kerak. Chunki bu minimal talablarga mos bo‘lmasangiz hujjatlaringiz oxirigacha ko‘rib chiqilmaydi. Ya’ni sizdagi IELTS/TOEFL sertifikati, GRE/GMAT ballari, bakalavrda olgan o‘rtacha bahoyingiz, ba’zi hollarda ish tajribasi dastur tomonidan qo‘yilgan minimal talablarga javob bermasa, darhol boshqa universitetni qarashga o‘tish kerak. Ba’zilardan shunday savolni eshitdim: “Agar menda GRE ballim juda yuqori bo‘lsa-yu, IELTS ballim minimal talabdan ozgina past bo‘lsa, universitetlar GRE'ning o‘zini IELTS o‘rnida qabul qilishadimi?” Boshqa davlatlarda aniq qandayligini bilmadim-u, lekin Amerikada bunday qilishmaydi. Har bir talablar bo‘yicha minimumlarga javob bermasangiz, hujjatingiz birinchi bosqichning o‘zi (screening)danoq o‘tmaydi.
Mana shu uch bosqichning barchasidan o‘tsangiz, keyin hujjatlarni topshirishga kirishish mumkin.
Bu yo‘l mening tajribam xolos. Ko‘pchilik mana shu oddiy ishni bilmay yoki bilsa ham erinib, o‘qishga topshirishga yordam beradigan konsalting firmalarga murojaat qiladi. Bunda yuqoridagi ishlarni firmalar siz uchun pulga qilib beradi. Lekin hech qaysi konsalting firma siz uchun siz harakat qilganchalik harakat qilmaydi. To‘g‘ri, o‘zingiz hammasini qilsangiz juda ko‘p vaqt ketadi, lekin bu o‘zingiz xohlagan natijaga yerishning yagona ishonchli yo‘li, menimcha.
AQSh universitetlariga hujjat topshirish haqida bu yerdan ko‘proq ma’lumot olishingiz mumkin.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
08:56
AQSh Ukrainaga 1,25 mlrd dollarlik yordam paketini tayyorlamoqda
07:50
AQSh AZAL layneri Rossiya HHM zarbasi tufayli halokatga uchragani belgilarini ko‘rmoqda
22:49 / 27.12.2024
AQSh «Gurjiston orzusi» yetakchisi Bidzina Ivanishviliga qarshi sanksiyalar joriy etdi
21:44 / 27.12.2024