18:57 / 24.02.2023
21826

Toshkentda jamoat transporti yo‘lkirasi qimmatlashadi

Vaqtga biriktirilgan turli tariflar joriy etiladi.

Foto: Kun.uz

2023 yil may oyidan boshlab jamoat transportiga bir martalik to‘lov naqd shaklda 2000 so‘m, elektron shaklda esa 1800 so‘m bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Yo‘lovchilar qancha vaqt ichida necha marta avtobusda harakatlanishiga qarab bu summa kamayadi. 24 fevral kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida Avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ruzmetov bahor mavsumining uchinchi oyidan boshlab jamoat transportida vaqtga biriktirilgan differensial tarif rejalari joriy etilishi haqida ma’lumot berdi.

Bunda:

  • bir soat ichida avtobusdan avtobusga birinchi marta o‘tish 70 foizgacha arzonlashadi;
  • ikkinchi va keyingi o‘tishlar yo‘lovchi uchun bepul bo‘ladi;
  • avtobusdan metroga yoki metrodan avtobusga o‘tishda tarif 30 foizgacha arzonlashadi.

Shuningdek, anjumanda apreldan boshlab transport kartalaridan jamoat transportiga qancha to‘lov qilinishi kutilayotgani ham ochiqlandi.

Unga ko‘ra, yo‘lovchi «Atto» kartasi orqali:

  • bir martalik to‘lov uchun 1 ming 600 so‘m;
  • bir soat ichida ikki va undan ortiq avtobus-avtobusga o‘tishi uchun to‘lov 400 so‘m;
  • bir soat ichida ikki va undan ortiq avtobus-metroga o‘tish uchun to‘lov 1 ming so‘m;
  • jamoat transportidan kunlik faol foydalanuvchilar uchun bir kunlik limitsiz tariflar 6 ming so‘m bo‘lishi ham aytilmoqda.

Qolaversa, qisqa muddatli tariflar bo‘yicha to‘lov summalari qanchaga tushishi ham ma’lum qilindi.

«Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, aprel oyidan jamoat transporti uchun to‘lov narxlarining oshishi aniq, ammo summalar xuddi shunday bo‘lishi tasdiqlanmagan.

Top