09:15 / 10.09.2020
238340

Mashhur xonanda voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkani aytilmoqda. IIB jinoiy ish ochishni rad etdi

Taniqli estrada xonandasi litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan, voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkani aytilmoqda. IIB holatda jinoyat alomatlari yo‘q, deb topgan. Kun.uz holat yuzasidan qizning o‘zi, otasi va ishga aloqador boshqa shaxslar bilan suhbatlashdi.

Sh.ning aytishicha, u Samarqand shahridagi litseylardan birida tahsil oladi. U bilan birga o‘qiydigan kattaqo‘rg‘onlik dugonasi D. taniqli estrada xonandasi J.ni shaxsan tanishi, o‘zlariga yaqin hududda tug‘ilgani va oilaviy bazmlarga kelib turishini aytib yuradi. D. dugonasiga agar istasa, uni xonanda J. bilan tanishtirib qo‘yishi mumkinligini aytadi. Aksariyat yoshlar qatori Sh. ham xonandaning qo‘shiqlarini eshitib yurgani sabab u bilan shaxsan tanishishga qiziqib qoladi.

2020 yil 12 iyun kuni D. dugonasi Sh.ni konferensaloqa orqali xonanda J. bilan telefonda suhbatlashtiradi. Xonanda: «Kattaqo‘rg‘onga keling, sizni o‘zim kutib olaman», deydi. Suhbatning ertasiga, 13 iyunda qiz yo‘lga chiqishidan avval D. bilan yana gaplashib oladi. Dugonasi uni tumanda kutib turishiga, keyin opasinikiga borishlariga kelishiladi. Soat 18:30lar atrofida xonanda J. qizlarni ko‘cha boshida oq «Lasetti» mashinasiga mindirib, boshqa bir hovliga olib boradi. Sh. u yerda uyning egasidan tashqari yana ikki kishi bo‘lganini aytmoqda.

J. dasturxon ustida Sh.ga konyakka o‘xshash ichimlik quyib beradi. U ichishni rad etgach, «ich, ichib ko‘r» deya majburlaydi. Qiz o‘sha ichimlikni ichganidan biroz o‘tib, xonanda uni «sizda gapim bor» deb boshqa xonaga olib o‘tgan. O‘sha xonada Sh.ga: «Dugonang sening qiz bola emasligingni aytyapti», degan. Qiz bu gapdan so‘ng o‘zining bokira ekanini bildirib, qarshilik ko‘rsatsa-da, yigit kuch ishlatib, u bilan jinsiy aloqada bo‘ladi.

Sh. bu holatdan karaxt ahvolga tushib qolgani va dodlay boshlaganini aytmoqda. Qorong‘ida ko‘chaga chiqib ketganini ko‘rgan J.ning sheriklari tashqarida uni mashinaga mindirib, pichoq o‘qtalgan, qabriston oldiga olib borib qo‘rqitishgan. Ma'lum muddatdan so‘ng yana o‘sha hovliga qaytarib olib kelishgan. Xonanda: «Sen qiz bola chiqmading», deya u bilan yana bir marta jinsiy aloqada bo‘lgan.

Biror soatlardan so‘ng qizlarni D.ning uyiga tashlab ketishgan.

Ikki kun davomida Sh. qo‘rquv va tushkun holatda Kattaqo‘rg‘onda qolib ketganini ma'lum qildi. O‘zining holatini xolasiga telefon orqali bildirgach, otasi bilan birga yetib borishgan...

Bu voqealardan xabar topgan Sh.ning yaqinlari avvaliga andisha qilishganini aytmoqda. Masalan, xolasi xonandaning uyiga borib, oila a'zolariga bu haqida xabar bergan. Imi-jimida turmush qurishlarini taklif qilgan. Tabiiyki, J.ning onasi, yaqinlari sovuq munosabatda bo‘lishgan. Qizning o‘zini ayblashgan. «Bizni o‘g‘limizning tayini yo‘q, qizlaring baxtli bo‘lolmaydi. Tengi chiqsa, boshqaga berib yuboringlar», deyishgan.

15 iyun kuni holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman IIBga murojaat qilingan.

Xonanda qizning otasi va xolasi bilan bir necha marta telefonda gaplashgani yozib olingan. Audioyozuvlardan J. qizning yaqinlari bilan ma'lum joylarda uchrashishga kelishgani, murosa qilishga uringani va oqibatda bu uchrashuv amalga oshmaganini anglash mumkin.

Kun.uz xonanda J. bilan telefon orqali bog‘landi.

J. vaziyatga izoh berar ekan: «Men hech kimni majbur qilmaganman. O‘sha kuni nima bo‘lgan bo‘lsa, qizning o‘z xohishi bilan bo‘lgan. Qolaversa, Sh. bilan birgina mening o‘zim aloqada bo‘lmaganman, ular menga yopishib olishdi. Yana ikki nafar «bratishkam» ham bor edi. Men uning voyaga yetmaganini ham bilmaganman. Qizning otasi «shantaj» qilyapti. Mendan uy talab qildi. Bizning faoliyatimizda bunaqa holatlar tez-tez bo‘lib turadi», dedi.

Sh.ning otasi holat yuzasidan 18 iyun kuni sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilganini, unda qizining tanasida jarohatlar mavjudligi, qizining iffati buzilgani, buzilish sanasi 13 iyun kuniga to‘g‘ri kelishi haqida yozilganini aytmoqda.

Tahririyat yo‘llagan so‘rovga javoban, Samarqand viloyat IIB holat yuzasidan izoh berdi. Boshqarma axborot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, mazkur holatda J. va boshqalarning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli, JPKning 36-moddasi, 83-moddasi 2-bandini qo‘llab, to‘plangan hujjatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Ariza muallifiga oilaviy va fuqarolik nizolar bo‘yicha da'vo bilan tegishli fuqarolik sudiga hamda turmush qurish masalasida Kattaqo‘rg‘on tumani FHDYo organiga murojaat qilishi mumkinligi yozma ravishda tushuntirilgan.

Surishtiruv organi nega bunday qarorga kelganini chuqurroq o‘rganish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti bilan bog‘landik. Ammo, mahkamadan o‘zimizni qiziqtirgan savollarga aniq javob ololmadik.

Xulosa qilgimiz yo‘q. Haqiqatan ham inson sha'ni – nozik masala. Endigina 16 yoshdan o‘tgan qiz: «Meni zo‘rlab, nomusimga tegishdi», deb turibdi. Surishtiruv organi esa nima uchundir bu holatda jinoyat yuz bermagan, deb topgan. Sabablari xozircha noaniq.

Ichki ishlar idoralarining surishtiruv faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar mazkur holatga munosib baho berishda adolat va qonuniylik prinsiplariga amal qilinishini ta'minlaydi, Oliy Majlis Senati hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ham mazkur holatga befarq qaramaydi, deb umid qilamiz.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Isomiddin Po‘latov
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top