19:25 / 11.11.2020
11170

Tadbirkor yana qancha kutsin? Toshkentda hokimlik 2 yildan beri va'dasini bajarmayapti

Tadbirkor Rustam Muhammad Shayxontohur tumanidagi bir MFY binosini qurib bitirgan, boshqa bir MFY binosini ta'mirlatgan, IIBga mebellar olib bergan. Buning evaziga tadbirkorga va'da qilingan yerni hokimlik ikki yildan beri bermayapti.

Gap shundaki, tadbirkor Rustam Muhammad va ayoli Dilnoza Nuriddinovaga 2017 yil tuman hokimining qarori bilan Shayxontohur tumani «Sarxumdon» MFYdan 24 sotix yer ajratib beriladi. Tadbirkorga mazkur hududda mahalla markazi binosi va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari qurishga ruxsat beriladi.

Rustam Muhammad

Tadbirkor ajratilgan hududning 4 sotixiga mahalla markazi qurishni boshlaydi. Qolgan 20 sotix esa mahalla markazi qurib berayotgani uchun tadbirkorga berilishi kerak bo‘lgan. Markazning orqa tomonidagi ajratilgan hududda aholi qurilishga rozi bo‘lmaydi. Shundan so‘ng tumanning o‘sha vaqtdagi hokimi Odilxon Rustamov boshqa joydan yer ajratib berishini aytgan.

«Odilxon Rustamovdan so‘ng tumanga Bahodir G‘oyibnazarov hokim bo‘lib keldi. Menga ajratilgan hududni atroflicha o‘rganishdi. Shundan so‘ng hokim menga boshqa yerdan joy ajratib berishini aytib, tuman arxitektori va o‘rinbosariga topshiriq berdi. O‘sha vaqtlarda tuman hokimlarining yer ajratishiga vakolati bor edi.

Shundan so‘ng menga boshqa joy topib, ko‘rsatishim kerakligini aytishdi. Shu ko‘chani boshidan joy topib ko‘rsatdim. Arxitektor: «Hujjatlarni tayyorlayvering, kerakli joylardan ruxsatnomalarni oling, shu joyni sizga ajratib beramiz», dedi.

Hali menga boshqa joydan yer ajratilgani to‘g‘risida qaror chiqmasdan, «Sarxumdon» MFY o‘rnidagi eski to‘yxona va aholi garajlarini buzib, mahalla markazi binosini qurilish ishlarini boshlash kerakligini aytishdi. Xalqning oldida bergan va'dasiga ishonib, hali qaror chiqmasdan mahalla markazi binosi qurilishini boshladik.

Ko‘rib turganingizdek, «Sarhumdon» MFY – Toshkentdagi eng katta binoga ega mahallalardan biri. 400 m.kv ga yaqin, 13 ta xonadan iborat.

Vaqtincha ishni to‘xtatdik. Chunki bizga va'da qilingan yer ajratilishi paysalga solib kelinmoqda. 2017 yildan 2019 yilgacha Shayxontohur tumanida 4 ta hokim almashdi. Mahalla markazi qurilishiga o‘sha vaqtda (2018 yil) 800 million so‘mga yaqin mablag‘ ketgan. Hozirda mahalla 95 foiz tayyor bo‘lgan. To‘liq qurilishni tugatib beraman, faqat bizga va'da qilingan yer ajratib berilmayapti», – deydi tadbirkor Rustam Muhammad.

Tadbirkorning ta'kidlashicha, hokimlikka yer topib, ko‘rsatishga qo‘rqib qolgan. «Chunki ko‘rsatilgan yerlarning hammasi yo egali bo‘lib chiqyapti, yoki boshqa birovga berib yuborilyapti», – deydi u.

Shikoyatchining qilgan ishlarini mahalla fuqarolari, nuroniylar ham tasdiqlashdi. Hatto ular ham tadbirkorga va'da qilingan yer ajratilishini so‘rab bir necha bor yuqori tashkilotlarga murojaat qilgan. Chunki ayni vaqtda mahalla markazi masjid binosida joylashgan. Ular ham tezroq yangi binoga ko‘chib o‘tishni, binodagi kutubxona va nuroniylar uchun qurilgan xonalardan foydalanishni istamoqda.

Mahalla markazi qurilishini tadbirkor ham to‘liq tugatib berishini xohlaydi, lekin hokimlik va'dasini bajarmayotgani sababli ish to‘xtab qolgan.

«Yana bir mahalla markazini ta'mirlab, hududiy IIBga 30 million so‘mlik mebellar olib berdim. Lekin…»

Rustam Muhammadning so‘zlariga ko‘ra, u tumanning «Shodlik» mahalla markazini ham ta'mirlab bergan. Mahalla markazi yonidagi hududiy ichki ishlar bo‘limiga 30 million so‘mlik mebellar ham olib bergan. Evaziga va'da qilingan 10 sotix yer, «Sarxumdon» mahallasida bo‘lganidek, berilmagan.

«Ikkinchi mahalla – «Shodlik» mahalla markazi ham rekonstruksiyaga tushgan. Binoning tomlaridan chakki o‘tar edi. Biz hammasini olib tashlab, yangidan ta'mirlab berdik. Derazalarini ham almashtirdik. Ichki qismini ham uyimizda yo‘q jihozlar bilan ta'mirladik.

Yonidagi hududiy IIBga o‘sha vaqtdagi hokim Oybek Mirtemirov iltimosiga binoan 30 millionlik mebellar olib berdik. Lekin va'da qilingan yer hanuzgacha berilmayapti», – dedi tadbirkor.

«Shodlik» MFY raisi Rustam Abruyev ham buni tasdiqladi. Uning aytishicha, mahalla markazidagi sharoit ancha og‘ir bo‘lgan: tadbirkor hamma narsani olib tashlagan, faqat to‘rt devorni qoldirib, qaytadan zamonaviy qilib ta'mirlab bergan.

Rustam Abruyev

Raisning aytishicha, hokimlik tomonidan tadbirkorga va'da qilingan 10 sotix yer hozirgacha berilmayapti. Shuningdek, mahallada tadbirkorga beriladigan yer miqdoricha yerlar qolmagan.

«Shahar hokimligiga qaror loyihasini berganmiz» — tuman hokimligi

Behruz Hakimov

Shayxontohur tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behruz Hakimovning aytishicha, bu tadbirkor ishi bo‘yicha qaror loyihasi shahar hokimligiga berilgan. Hozircha javob bo‘lmagan.

«Bu tadbirkor haqiqatan ham tumanimizdagi «Sarhumdon» va «Shodlik» mahalla markazlarida qurilish ishlarini qilgan. Qurilishda ozgina kamchiliklar bor, sababi mahalla guzarini qurish hisobiga yer maydoni ajratilishi kerak bo‘lgan.

Bu haqda shahar hokimining qarori ilovasida manzili ko‘rsatilgan edi. Belgilangan yerda qurilish qilishga aholi tomonidan e'tirozlar ko‘p bo‘ldi va yer ajratilmadi. Shu yilning boshlarida shahar hokimining qarori ilovasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qaror loyihasining shahar hokimiga tayyorlab berganmiz. Hozirda shahar hokimligi tomonidan bu muhokama qilinmoqda. Hozircha javob kelgani yo‘q», – deydi hokim o‘rinbosari.

«Bizga qaror loyihasi kelib tushmagan» — Toshkent shahar hokimligi

Poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri Abdurashid Abdulazizov bu masala bo‘yicha qaror loyihasi shahar hokimligiga kelib tushmaganini ma'lum qildi.

Bu orada davlat amaldorlarining va'dasiga ishongan tadbirkor 2 yildan beri sarson.

G‘ayriqonuniy yo‘llar bilan emas, o‘z mehnati va sarmoyasi bilan biznes qilmoqchi bo‘lganlarga munosabat bunday bo‘lsa (chetdan investor kelishini qo‘ya turing), tadbirkorlik qanday rivojlansin?

Tadbirkorni mahalla fuqarolari va raislari ham qo‘llab-quvvatlamoqda, hokimliklar esa... Ikki yillik kutish yana qanchaga cho‘zilarkin?

Rahmatillo Isroilov, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top