Rossiyaning Saratov oblasti hududidagi temiryo‘l kesishmasida poyezd va avtobus to‘qnashuvi oqibatida besh nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, avtobusda jami 7 kishi bo‘lgan, ikki nafar qozog‘istonlik - haydovchi va uning yordamchisi YTHdan omon qolgan.
«Avtobusda 7 kishi bo‘lgan, ularning 5 nafari O‘zbekiston fuqarolari, 2 nafari qozog‘istonlik. O‘zbekiston fuqarolarining barchasi halok bo‘lgan, qozog‘istonliklar shifoxonaga yotqizilgan», deyiladi xabarda.
RIA Novosti xabariga ko‘ra, 17 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00da (Toshkent vaqti bilan soat 13:00da) Saratov viloyati Ozinskiy tumani hududida, «Engels—Yershov—Ozinskiy» trassasining 1-kilometrida, tartibga solinmagan temiryo‘l kesishmasida «Saratov — Ulyanovsk» yo‘nalishi bo‘ylab qatnovchi Mercedes rusumli avtobus yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketgan.
Xabarlarga ko‘ra, avtobus haydovchisi poyezd yaqinlashayotgani haqida signal berilgan bo‘lsa-da, kesishmadan o‘tishga uringan.
«Ayni vaqtda haydovchi shifoxonada. Uni so‘roq qilishning imkoni yo‘q. U halokatga uchraguncha qancha vaqt davomida rulda bo‘lgani aniqlanmoqda. Ko‘p ehtimol bilan u juda toliqqan holatda bo‘lgan», deyiladi «Interfaks» agentligi xabarida.
Halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning shaxsiga hozircha aniqlik kiritilmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 6 oktabrida Rossiyaning Vladimir oblastida mehnat muhojirlarini olib ketayotgan avtobusni poyezd urib yuborishi oqibatida 16 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, yana 36 nafari jarohatlangan edi.