21:15 / 06.02.2023
11866

Byurokratiya qisqarishda davom etadi: Yana 200 ta davlat xizmati elektron shaklga o‘tadi

2023 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unda DXMlar va my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 73 foizga yetkazish, to‘lovlar miqdorini kamaytirish ko‘zda tutilgan. Jismoniy va yuridik shaxslarga budjetdan subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar yagona portal orqali ko‘rsatiladi.

Foto: my.gov.uz

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi 2023 yilgi davlat dasturiga oid prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Hujjatga ilova sifatida tasdiqlanadigan dastur loyihasi birozdan keyin e’lon qilinadi.

Farmon loyihasining 2-bandiga asosan, davlat xizmatlaridan foydalanish yanada osonlashishi kutilyapti.

2023 yil 1 iyuldan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida “Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish” chora-tadbirlari belgilanishi mumkin.

Bunda mobil ilovalar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarni ko‘paytirish, undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko‘rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘qitish kabilar ko‘zda tutiladi.

Yana 200 ta davlat xizmatini davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 73 foizga yetkaziladi. Hozirda esa, mavjud 770 dan ortiq davlat xizmatlaridan 262 tasi DXM, 370 tasi (50 foiz) YaIDXPda ko‘rsatilmoqda.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali, ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda (xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan fuqaro murojaatini kutmasdan) ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, yiliga o‘rtacha 300 mingta ariza bo‘yicha elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish xizmatlari proaktiv tarzda ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

Budjet mablag‘lari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlarni YaIDXP orqali ko‘rsatish, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini maxsus elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Misol sifatida qayd etilishicha, 2022 yilda nodavlat bog‘chalar uchun elektron tizim orqali subsidiya ajratishga o‘tish orqali har oyda 20 mlrd so‘m iqtisod qilingan.

Mavzuga oid
Top