19:46 / 11.04.2021
40943

Qashqadaryoda o‘qituvchi o‘quvchiga 2 baho qo‘ygani uchun «jazolandi». Zo‘ravonlar – maktab direktori o‘rinbosarining o‘g‘illari

Qashqadaryo viloyatida maktab o‘qituvchisi o‘quvchiga 2 baho qo‘ygani uchun uning qarindoshlari tomonidan kaltaklandi. Bu o‘quvchi maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining o‘g‘li bo‘lgan. Holatni IIB o‘rganmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi maktabda o‘qituvchi kaltaklandi. Ma'lum bo‘lishicha, Qarshi tumanida yashovchi Shohnur Oqqo‘ziyev 100 kilometr masofada, Samarqand viloyati bilan chegaradosh «Umakay» MFYdagi 134-umumiy o‘rta ta'lim maktabida ingliz tilidan dars beradi.

Voqea ushbu o‘qituvchi 6 aprel kuni 6-sinfda dars o‘tib, tayyorlanib kelmagan o‘quvchilarga past baho qo‘yganidan keyin sodir bo‘lgan. Kun.uz muxbiri shu hududda bo‘lib, o‘qituvchi bilan gaplashdi.

«To‘g‘risi, o‘quvchilarning o‘qituvchidan xafa bo‘lishga haqqi yo‘q. Bilmayman, xafa qilgandirman ukamizni. Ikki baho qo‘ygandim, shunda ham jurnalga qo‘ymagandim. Bunday xafa bo‘ladi deb o‘ylamagandim.

Uydagilari sal tergarmikan deb o‘ylagandim. Muzaffarning yonida o‘tiradigan qizga 3 qo‘ygandim, Muzaffar esa bu qizga 3, o‘ziga 2 qo‘yilganidan xafa bo‘lganini aytibdi. Bunga sabab qizcha nogiron, hamma vaqt ham darsga kelolmaydi. Unga motivatsiya bo‘larmikan degandim. Gap bahodaligini bilsam, 2 emas 6 qo‘yib berardim», deydi Shohnur Oqqo‘ziyev.

O‘qituvchi suhbat davomida birorta o‘quvchiga zo‘ravonlik qilmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, darsdan keyin o‘sha o‘quvchi kelib, uni akasi chaqirayotganini aytgan. U tashqariga chiqqanida bir necha kishi uni kaltaklay boshlagan.

«Hozir ahvolim ancha yaxshi bo‘lib qoldi. Boshim, oyog‘im va belim ozroq og‘riyapti, xolos. Janjaldan keyin qishloqda qolishga yuragim betlamadi. Yarashtirish uchun ustozlar shifoxonaga kelishdi.

Lekin chekka-chekka hududlarga o‘qituvchilar borib ishlayapti, ulardan majburiyat talab etilmoqda – huquqini ham himoya qilish kerak. Zo‘ravonlarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘rayman», deydi o‘qituvchi.

U ayni paytda viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasi neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda. Shifoxona bo‘lim boshlig‘i Soatmurod Temirov bemorning ahvoli haqida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

«Oqqo‘ziyev Shohnur 1995 yilda tug‘ilgan. 7 aprel kuni sud-tibbiyot ekspertiza yo‘llanmasi bilan keldi. Kelganida chap ko‘zining atrofi shishgan va ko‘kargan holatda edi. O‘zidan so‘raganimizda o‘quvchisiga 2 baho qo‘ygani sababli uning o‘rtoqlari yoki ota-onalari urganini aytdi.

Bemor avvaliga o‘zi yashaydigan Beshkent shifoxonasiga murojaat qilgan. U yerda neyroxirurgiya mutaxassisi yo‘q bo‘lgan. Sud-tibbiyot ekspertiza yo‘llanmasi orqali bizning ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonaga yotqizilgan.

Standart bo‘yicha davolayapmiz. Tomografiya qilganimiz yo‘q, shundagina singan joylari bo‘lsa bilishimiz mumkin», deydi shifokor.

Chiroqchi tuman XTB mudiri Farhod Jumanov ham o‘qituvchi yotgan palataga keldi. Uning ma'lum qilishicha, ishchi guruh maktabda o‘rganish ishlarini yakunlagan.

«Shifoxonaga o‘qituvchimizning holidan xabar olish maqsadida keldik. U 2021 yil 6 aprel kuni taxminan soat 11-12 lar atrofida 6-sinflarda dars o‘tish jarayonida Muzaffar ismli o‘quvchining kundaligiga 2, jurnalga 3 baho qo‘ygan. Bundan norozi bo‘lgan o‘quvchi sinfdan chiqib, ikki akasi va bir amakisini maktabga yetaklab kelgan. Muzaffar o‘qituvchisini chaqirgan. O‘qituvchi ota-onalar chaqiryapti deb o‘ylab borganida shu janjal bo‘lgan», deydi mudir.

Uning ta'kidlashicha, ushbu janjal bo‘yicha tuman XTBga yozma yoki og‘zaki murojaat qilinmagan, maktab rahbariyati ham hodisani yashirgan. 10 aprel kuni ishchi guruh tuzilib, maktabga borilganida direktor maktab psixologi, qorovul va yoshlar ishlari yetakchisini ishdan bo‘shatganini ma'lum qilgan. Ma'naviy-ma'rifiy va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari ham o‘z xohishiga ko‘ra ishdan olingan.

«Direktorning ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini viloyat XTBga taqdim etdik. Bundan tashqari, IIB xodimlari tomonidan ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Muzaffarning ikki akasi va amakisi qonunda ko‘rsatilgan jazosini oladi.

Sinfdoshlari bilan suhbat davomida o‘quvchilar Muzaffar maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarining o‘g‘li ekanini tasdiqladi. Shularni inobatga olib, direktor o‘rinbosari o‘z xohishiga ko‘ra ishdan olindi», deya ma'lumot berdi tuman mudiri.

Shu bilan birga, jabrlanuvchining o‘zi direktor o‘rinbosari bilan munosabati yaxshi bo‘lganini ta'kidladi.

«Nosir muallim bilan juda yaxshimiz. Borganimdan buyon ancha narsani o‘rgatib kelayotgandilar. Menga umuman qattiq gapirmaganlar», deydi o‘qituvchi.

U shifoxonadan chiqqanidan so‘ng maktabdagi faoliyatini davom ettirishini bildirdi.

«Ishlash uchun borganman, yana davom ettiraman. Bunga sabab 2020 yilda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent Moliya institutida talabalar bilan uchrashganida mening shartnoma pulimni to‘lab bergandi. O‘shanda viloyatga borib ishlanglar, deb iltimos qilgan. Yigit so‘zini berganman. Shuning uchun ham ishlashni davom ettirmoqchiman. Bir-ikki odam uchun tashlab ketmayman. Yoshlarga qo‘limdan kelgancha ingliz tilini o‘rgataman», deydi u.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, holat tuman IIO FMB navbatchilik qismida belgilangan tartibda qayd etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirgi kunda holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

O‘roljon Kamolov tayyorladi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top