08:30 / 11.11.2018
35838

Denov tumaniga yangi hokim tayinlandi

Xalq deputatlari Denov tumani Kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida tumanning yangi hokimi tasdiqlandi.

Endilikda Baxtiyor Kenjayevich Ibatov Denov tumaniga rahbarlik qiladi.

Baxtiyor Ibatov / Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Baxtiyor Ibatov yangi lavozimga Denov tumanini 2017 yilning oktabr oyidan buyon boshqarib kelayotgan Qosimov Ulug‘bek Berdiqobilovichning o‘rnini egalladi. Ulug‘bek Qosimov 8 noyabr kuni Surxondaryo viloyati prokurori lavozimida ish boshlagandi.

Ulug‘bek Qosimov / Foto: KUN.UZ

Baxtiyor Ibatov 2016 yil dekabridan buyon Angor tumanini boshqarib kelayotgan edi. U bundan avval Qiziriq tumani hokimi, shuningdek, prokuratura tizimida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

Bundan avvalroq Angor tumaniga shu vaqtgacha viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Usmon Yangibayevich Turapov hokim vazifasini bajaruvchi bo‘lgandi.

Xalq deputatlari Denov tumani Kengashining navbatdan tashqari 48-sessiyasida Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘ribosari T.Bobolov ishtirok etgan va so‘zga chiqqan.

Top