17:50 / 11.12.2018
59970

Sherzod Shermatov XTB rahbarlarini so‘nggi marta qat'iy ogohlantirdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta'limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari boshliqlariga tegishli xat yo‘lladi. Bu haqda Kun.uz axborot manbasi xabar bermoqda.

Xatda bildirilishicha, prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-son qarorida umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma'lumotlarni talab qilish qat'iyan taqiqlangan.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi tashabbusi bilan «Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida»gi qarori bilan o‘qituvchilarning ish hujjatlari 7tadan 3tagacha qisqartirildi.

«Biroq joylarda hozirga qadar o‘qituvchilardan turli hisobotlar talab qilish davom etayotgani haqida xabarlar kelmoqda», - deb yozadi vazir.

Shu bois: 

1. Barcha umumta'lim maktablarida 3ta hujjat (sinf jurnali. Konspekt va yillik taqvim reja)dan tashqari birorta ortiqcha hujjatlar va hisobotlar yuritilishini;

2. Ta'lim muassasalarida o‘qituvchilarni turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar uchun hisobot, bayonnoma, (foto) albomlar tayyorlash, yoki sinf rahbarlarini o‘quvchilarning uylariga yuborish, ota-onalar bilan birga suhbat o‘tkazilganligi haqida fotosurat yoki hisobot talab etilishini;

3. Mahalliy hokimliklar tomonidan ta'lim muassasalari rahbarlari yoki o‘qituvchilarning har qanday majburiy mehnatga, turli yig‘ilishga, tadbirlarda zalni to‘ldirish uchun «tomoshabin» sifatida jalb etilishini;

4. Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari mahalliy hokimlik yoki turli tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan hasharlarga pedagoglarni jalb etish va xodimlarning bir kunlik ish haqini tashkilotlarga o‘tkazib berishni;

5. Mahalliy hokimliklar, hududiy boshqarmalar tomonidan har xil nashrdagi gazeta va jurnallarga majburiy obuna, kommunal to‘lovlar uchun oylik ish haqidan olib qolinishini yoki boshqa noqonuniy badallar yig‘ilishi qat'iyan taqiqlandi.

Sherzod Shermatov vazirlikning 2018 yil 5 oktabrdagi 250-son buyrug‘i bilan joriy qilingan vaqtinchalik sinf jurnallari qaytadan ko‘chirilmasligini, buni barcha o‘qituvchilar e'tiboriga yetkazish, yangi sinf jurnal yetkazib berilgan kundan boshlab (yoki uchinchi chorakdan) yuritilishini; sinf jurnallarining yuritilishida ta'lim muassasalari rahbarlari hamda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining javobgarligini oshirilishini talab qilgan.

Ushbu masalalar bo‘yicha pedagoglar orasida tegishli tushuntirish ishlarini olib borish, shikoyatlarni joyiga chiqqan holda o‘rganib, vajlar tasdiqlangan hollarda intizomiy choralar ko‘rish topshirig‘i berilgan.

«Mazkur talablarni barcha maktab rahbarlariga yetkazishingizni hamda boshqarma boshliqlarini, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi mudirlari va maktablar rahbarlarini o‘qituvchilardan ortiqcha qog‘ozbozlik, hisobotlar talab etishlariga chek qo‘yishlari haqida so‘nggi marta qat'iy ogohlantiraman», - deyiladi Sherzod Shermatovning xatida.

Top