21:24 / 05.02.2020
0
4319

XMT: 2019 yilgi paxta terimida majburiy mehnat muntazam kuzatilmagan

2019 yilgi paxta terimi davrida O‘zbekistonda majburiy holatlari qayd etilgan, ammo bu muntazamlik kasb etmagan. Voyaga yetmagan bolalarning paxta terishi bilan bog‘liq holatlar sanoqli bo‘lgan. Umuman, majburan paxta terishga jalb qilish 2018 yilga nisbatan 40 foizga pasaygan.

Foto : KUN.UZ

Xalqaro Mehnat tashkilotining 2019 yil yakunlariga binoan hisobotida qayd etilishicha, «maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinmagan, biroq bolalar mehnatining cheklangan holatlari hali ham ro‘y bermoqda. 2019 yilgi paxta terimida muntazam ravishda majburiy mehnat sodir bo‘lmagan». Bu haqda 5 fevral kuni «Islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda munosib mehnat» mavzusidagi davra suhbatida so‘z bordi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.  

XMTning O‘zbekistondagi bosh maslahatchisi Yonas Astrup tashkilot hisobotini e'lon qilar ekan, «2019 yilgi paxta terimi davrida muntazam ravishda majburiy mehnat sodir bo‘lmagani, islohotlar esa, bosqichma-bosqich davom etayotgani»ni bildirdi. Shunga qaramay, «mahalliy darajada ijroga bog‘liq muammolar hamon mavjud».

«2019 yilda paxta terishga majbur qilinganlar soni kamaygan, ammo anchagina majburiy mehnat holatlari kuzatilgan. 1,75 mln kishi (mehnatga layoqatli aholining 12,5 foizi paxta terimida ishtirok etgan bo‘lsa, ularning aksariyati ixtiyoriy ravishda terimda qatnashgan. Shuning barobarida 102 mingga yaqin kishi, (5,9) majburlashning shakllaridan biriga duch kelgan. Bu 2019 yilda majburlangan terimchilar soni 2018 yilga nisbatan 40 foizga kamayganligini anglatadi».

Umuman olganda, paxta terimiga jalb qilingan shaxslarning umumiy soni ham qisqarishda davom etgan, bu, asosan, paxta yetishtirishning qisqartirilishi va asta-sekin mexanizatsiyaning joriy qilinishi natijasidir.

Hisobotga ko‘ra, majburiy mehnatni qisqartirish sur'ati o‘tgan yillarga nisbatan biroz sekinlashgan. Bunday «holat» yangi me'yoriy hujjatlar qabul qilingach, ular amaliyotga joriy qilinganidan ko‘p o‘tmay sezilarli ta'sir ko‘rsatgani bilan izohlanadi. Majburiy mehnatdan foydalanishning davom etishi «qamrab olish qiyin bo‘lgan hududlar»ga xos yoki o‘zgarishi qiyinroq bo‘lgan ba'zi amaliyotlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Xalqaro Mehnat tashkiloti 2020 yilda majburiy mehnatga barham berish borasida o‘z takliflarini ham hukumatga taqdim etgan. Unga binoan, O‘zbekiston hukumati 2020 yilda majburiy mehnatga barham berish maqsadiga to‘liq erishish hamda paxtachilikda va rivojlanayotgan to‘qimachilik va tikuvchilik sohalarida mehnatga oid asosiy tamoyillar va huquqlarini ilgari surish bo‘yicha sa'y-harakatlarini kuchaytirishi kerak.

Hukumat tomonidan joriy etilayotgan islohotlar majburiy mehnat bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etish va shu bilan birga zarur bandlik uchun imkoniyatlarni yaratish imkoniyatlariga ega. Iqtisodiy o‘sish ta'lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqa sohalarda kelgusidagi islohotlarni amalga oshirishga imkon beradi.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilot jahon hamjamiyatiga O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z tavsiyalarini berdi.

Hisobotda ta'kidlanishicha, «savdo va investitsiya sohasidagi mas'uliyatli xalqaro investorlarning qarorlari markaziy rejalashtirilgan iqtisodiyot merosining yanada barham berilishi uchun foyda keltirishi mumkin. Shuningdek, ular xalqaro mehnat standartlariga rioya qilinishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, agar to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida hamda iqtisodiyotning boshqa qismlarida to‘liq vaqtli munosib ish o‘rinlari ko‘paysa, bu ko‘pincha adolatsiz yollash amaliyotiga manba bo‘luvchi mavsumiy mehnatga talabni qisqartirishi mumkin».

XMT, shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning majburiy mehnatga barham berishdagi ta'siriga doir xulosalarini ham taqdim etdi.

Xususan, ekinlarni diversifikatsiya qilish va paxta yetishtirishni kamaytirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligidagi islohotlar majburiy mehnatni qisqartirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 2018 - 2019 yillarda paxta xomashyosining kamroq yetishtirilishi va mexanizatsiyaning bosqichma-bosqich joriy etilishi ixtiyoriy va majburiy terimchilar umumiy sonining sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi.

Buning natijasida, majburiy ishchilarning ulushi paxta terimchilarining umumiy soniga nisbatan tezroq kamayishiga olib kelgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top