22:54 / 03.07.2020
20064

Sog‘liqni saqlash vaziriga yana ikki o‘rinbosar tayinlandi

Ulug‘bek Sobirov va Shohrux Shorahmetov Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 3 iyuldagi tegishli qarorlariga asosan Ulug‘bek Yusupxonovich Sobirov va Shohrux Shoturg‘unovich Shorahmetov Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari lavozimlariga tayinlandi.

Ulug‘bek Sobirov 1974 yilda tug‘ilgan. 1997 yilda Toshkent davlat ikkinchi tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning davolash ishi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, tibbiyot fanlari doktori. 

Ulug‘bek Sobirov

Tayinlovga qadar Dermatologiya va venerologiya ilmiy tekshirish institutida turli lavozimlarda ishlagan. 2013 yildan ayni paytga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimida samarali faoliyat yuritib kelayotgandi.

2018 yildan buyon Sog‘liqni saqlash vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Bahodir Nizomov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan o‘z lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rnini Moliya vaziri o‘rinbosari Shohrux Sharahmetov egallagan.

Shohrux Sharahmetov 1977 yilda tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1999 yilda esa Buyuk Britaniyaning Ekseter universitetini iqtisodchi, moliya va investitsiyalar mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Shohrux Sharahmetov

U muqaddam O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasining Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsion va tashqi iqtisodiy siyosatni amalga oshirish masalalari bo‘yicha bo‘linmasining bosh konsultanti lavozimida ishlagan. Turli yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida, shuningdek, Moliya vazirligidagi turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. Moliya – iqtisod sohasidagi ish staji 18 yil.

U 2019 yil mayida Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. 

Bundan oldinroq, Elmira Bositxonova Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Top