10:59 / 22.12.2020
29408

Bosh vazir ruxsati bilan yana gidroksixloroxin olinmoqda. Talabalar bu shubhali dorini qabul qilishga majburmi?

Dunyo olimlari ham, mahalliy mutaxassislar ham bu preparat koronavirusga qarshi kurashda samarasiz ekanini ta'kidlashadi. Ishlab chiqaruvchilar ham dorini koronavirusga qarshi samarali deb taqdim etmaydi. Lekin bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan bayonnomada OTMlarga gidroksixloroxin sotib olib, uni talabalarga tarqatish topshirig‘i berilgan.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining gidroksixloroxin asosli «Oksivin» preparatini xarid qilayotgani, bu preparat ishlab chiqaruvchisi Hindiston kompaniyasi ekanligi, shuningdek, yetkazib beruvchi sifatida yagona «Dori-darmon» aksionerlik kompaniyasi tanlangani hamda bu vositalar OTMlarga majburiy «o‘tkazilayotgani» katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Respublika maxsus komissiyasining bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan 46-sonli yig‘ilish bayoniga ko‘ra, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi 1 mln dona gidroksixloroxin preparatini (bu o‘rinda «Oksivin», ishlab chiqaruvchi Hindiston kompaniyasi) O‘zbekistonga olib kirayotgani ma'lum qilingan. Sog‘liqni saqlash vazirligiga «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasiga Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oldindan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali shu va boshqa dori vositalarini xarid qilish vazifasi topshirilgan. Mazkur qarorni qabul qilishda sog‘liqni saqlash tizimining yetakchi mutasaddilari - E.Bositxanova, N.Parpiyev, I.Liverko, L.To‘ychiyev va H.Oqilov kabilarning fikrlari inobatga olingan.

Shu turdagi dorilar keyinchalik Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev hamda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov tomonidan imzolangan qo‘shma qarorga ko‘ra talabalar va OTM xodimlari uchun sotib olinadigan bo‘ldi. Bu xarajatlarni OTMlar budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplashlari lozimligi ko‘rsatilgan.

Gidroksixloroxin asosli «Plakvenil» dori vositasi bo‘yicha bahslarga ko‘p to‘xtaldik. Bu borada vazirlik mutasaddilarining fikri boshqacha, bevosita bemorlar bilan ishlovchi aksariyat shifokorlarning qarashlari boshqacha bo‘lib chiqdi.

Umuman olganda, pandemiya davrida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi o‘nlab dori vositalari qo‘llab ko‘rildi va ular orasidan ma'lum bosqichda ikki preparat – avval gidroksixloroxin, keyinchalik remdesivir nisbatan istiqbolli deb topildi.

Vaziyat taqozosiga ko‘ra biri bezgakka, ikkinchisi Ebola virusiga qarshi qo‘llab kelingan bu dori vositalari koronavirusga qarshi kurashda ham qo‘llandi.

Ammo vaqt o‘tgani sari bu preparatlarning virusga bevosita ta'siri yo‘qligi, faqat kasallikning ma'lum bosqichidagina samara berishi to‘g‘risida ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Hattoki JSST remdesivir va gidroksixloroxin Covid-19’dan o‘lim holatlarini kamaytirishga deyarli yordam bermasligini ta'kidlab chiqdi.

Biroq u paytda tanlov imkoniyati bo‘lmagandi, boridan ham voz kechib bo‘lmasdi, kasallik bor, u shiddat bilan tarqalayotgan, unga qarshi kurashish kerak edi.

Pandemiya bugungi kunda ham davom etmoqda, ayrim davlatlarda hatto karantin choralari qayta kuchaytirildi ham.

O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda buning aksi kuzatilyapti, bemorlar soni kun sayin kamayib boryapti (darvoqe, buning asl sabablari ham alohida tadqiqot mavzusi bo‘la oladi).

Ana shunday kunlarda bir necha milliard so‘mga gidroksixloroxin asosli yana bir preparatni sotib olish va undan profilaktika maqsadida foydalanish orqali biror samaraga erishishdan umid qilish juda g‘alati qaror ekanligi ayon bo‘laveradi.

Biz bu borada bir necha shifokorlar bilan bog‘landik. Ular bir ovozdan gidroksixloroxin koronavirusni davolashda faqat dastlabki bosqichdagina yordam berishini, profilaktika maqsadida esa umuman besamar ekanligini ta'kidlashdi.

Ulardan biri, yetakchi amaliyotchi shifokor, fan nomzodi shifokorlar «gidroksixloroxinning koronavirus profilaktikasida samarasizligi ko‘p bor tushuntirilgani, lekin befoyda bo‘lgani»ni aytib o‘tdi. «Hattoki o‘sha «Plakvenil»ni ishlab chiqarayotgan Sanofi kompaniyasining o‘zi ham bu preparatni koronavirusga qarshi samarali deya taqdim etmaydi», degan u. Bu gap mavzu bo‘yicha tugal tasavvur hosil qilishga yordam beradi.

Shuningdek, amaliyotchi shifokorlarning kichik guruhida o‘ziga xos so‘rovnoma o‘tkazildi va ularga qisqa savol berildi: «Gidroksixloroxin koronavirus profilaktikasida yordam beradimi?» degan savolga so‘rovda ishtirok etganlarning 81 foizi «yo‘q» deya javob berishdi.

Eslatib o‘tamiz: Gidroksixloroxin asosli preparatlar asab tizimi, qon aylanishi, ko‘rish, yurak, oshqozon, jigar va boshqa tizimlarga nojo‘ya ta'siri qilishi mumkinligi haqida ilmiy asoslar mavjud

Abror Zohidov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top