14:00 / 02.02.2021
16398

Qishki transferlarning so‘nggi kunidagi asosiy o‘zgarishlar

2 fevralga o‘tar kechasi Yevropaning asosiy ligalarida qishki transferlar darichasi yopildi. Bu safargi qishki transferlar odatdagidan ham zerikaliroq o‘tdi - pandemiya klublar iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgani ko‘rinib qoldi. So‘nggi kunda ham asosan ingliz klublari faol bo‘lishdi - ko‘p holatlarda ijara shartnomalari tuzildi.

«Liverpul»
Bozordagi eng faol klublardan biri «Liverpul» bo‘ldi. Mersisaydliklarning markaziy himoyasida Virjiyl van Deyk va Gomes ortidan Joel Matip ham jarohat olib, mavsum yakuniga qadar safdan chiqqani tufayli so‘nggi kunda klub ushbu chiziqni kuchaytirish uchun harakat qildi. Natijada, klubga Chempionshipdan - «Preston» himoyachisi Ben Devis va Bundesligadan «Shalke» a'zosi Ozan Kabak kelib qo‘shildi. 25 yoshli angliyalik futbolchi transferi klubga 2,25 mln yevroga tushdi. Hali Premer Ligada birorta o‘yin o‘tkazmagan bu futbolchi yangi klubida 28-raqamli futbolkada to‘p suradi.

Turkiyalik himoyachi esa mavsum yakuniga qadar ijaraga olindi, yozda mersisaydliklar ushbu futbolchining transfer huquqini to‘liq sotib olishi mumkin bo‘ladi - taxminiy baho 30 million yevro atrofida.

«Liverpul» so‘nggi kunda «Seltik»dan 19 yoshli darvozabon Liam Xyuzni tarkibga qo‘shib oldi, shuningdek, «Union»da ijarada bo‘lgan Loris Karius klubga qaytdi.

Tarkibni esa ikki futbolchi tark etdi - o‘tgan qishki transferlar oynasida «Red Bull»dan sotib olingan yaponiyalik hujumchi Takumi Minamino asosiy tarkibdan o‘rin ololmagach, «Sauthempton»ga mavsum yakuniga qadar ijaraga berildi. Shuningdek, himoyachi Sepp van der Berg Ben Devisning sobiq jamoasi «Preston»ga ijaraga jo‘natildi.

«Arsenal»
Londonliklar klubi so‘nggi kunda tarkibni «tozalash» bilan band bo‘ldi. Mikel Artetaning rejalaridan o‘rin olmagan futbolchilarning bir qanchasiga yangi klub topildi.

Unai Emeri davrida jamoaning asosiy yetakchilaridan biri bo‘lgan tayanch yarimhimoyachisi Enzli Meytlend-Naylz so‘nggi lahzalarda «Vest Bromvich»ga mavsum yakuniga qadar ijaraga berildi. U joriy mavsumda «kanonirlar» uchun 21 o‘yin o‘tkazgan va bir golli uzatma muallifi bo‘lgan.

21 yoshli yarimhimoyachi Jozef Uillokni esa «Nyukasl» yarim yilga ijaraga oldi, ushbu futbolchi joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 17 o‘yinda maydonga tushib, 3 gol urgan va 3 golga uzatma bergandi.

Germaniyalik himoyachi Shkodran Mustafi bilan esa shartnoma bekor qilindi, 28 yoshli futbolchi faoliyatini «Shalke»da davom ettiradi. Ushbu himoyachi joriy mavsumda londonliklar klubi safida jami 9 o‘yinda ishtirok etib, ikki marta sariq kartochka olgandi. Bunga qadar «Arsenal»ning yana bir himoyachisi Sead Kolashinats «Shalke»ga o‘tgandi.

Klubning yana bir vingeri Ris Nelson «Valensiya»ga o‘tishga yaqin edi, ammo ispanlar klubida legionerlar uchun limit to‘lib qolgani tufayli bu transfer barbod bo‘ldi. «Ko‘rshapalaklar» so‘nggi kunda Kutrone va Ferroning transferini rasmiylashtirishgan.

«Everton»
Karlo Anchelotti boshqaruvidagi jamoa so‘nggi kunda «Yuventus»dan Sami Xedirani tarkibga qo‘shib olishi kutilgandi. Ammo klub «Sauthempton»ga o‘tishi kutilgan hujumchi Joshua Kingni safiga qo‘shib oldi. Erkin agent sifatida kelgan 29 yoshli norvegiyalik futbolchi bilan mavsum yakuniga qadar shartnoma tuzilgan. 2020/21 yilgi mavsumda King «Bornmut» bilan chempionshipda 14 o‘yinda maydonga tushib, 3 gol urgan va 2 golga uzatma bergan.

Klub shuningdek, «Inter»dan Ivan Perishichni xarid qilishi mumkin edi, ammo bu transfer amalga oshmay qoldi.

«Everton» turkiyalik yarimhimoyachi Jyenk To‘sinni «Beshiktosh»ga qaytardi - futbolchi mavsumning qolgan qismini ijara asosida o‘tkazadi.

«Irislar» himoyachisi Jonjo Kenni esa faoliyatini «Seltik»da davom ettiradigan bo‘ldi.

APLning boshqa klublari
«Vest Bromvich» «Selta»dan turkiyalik yarimhimoyachi Okaya Yokushluni ham ijaraga oldi, «Sauthempton» hujumchisi Sheyn Long «Bornmut»ga o‘tdi, «Tottenhem» «Benfika»ga Jyedson Fernandeshni qaytardi, portugallar uni «Galatasaroy»ga ijaraga berib yuborishdi. «Tottenhem»ning zaxira darvozaboni Paulo Gassaniga «Elche»ga ijaraga berildi, «Fulhem» «Bordo»dan Josh Mayyani 10 mln yevroga sotib oldi, «Uotford» Dennis Bergkampning o‘g‘li, 22 yoshli Mitchel Dennis Bergkampni va Maurisio Pochettinoning o‘g‘li, 19 yoshli kichik Maurisio Pochettinoni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Dele Alli esa bahorni Joze Mourino bilan o‘tkazadigan bo‘ldi – uni Parijga, Maurisio Pochettinoning oldiga qo‘yib yuborishmadi. Londonga qaytishi kutilgan Kristian Eriksen ham «Inter»da qoldi.

Xedira 11 yil o‘tib Germaniyaga qaytdi

Turinda o‘tgan besh yildan keyin Sami Xedira vataniga qaytdi. Nemis futbolchisi faoliyatini ayni vaqtda Bundesliganing 15-o‘rnida borayotgan «Herta»da davom ettiradi. «Men jismonan o‘zimni tetik his qilyapman va so‘nggi bir necha yil davomida to‘plangan tajribamdan «Herta»ga yordam berishda foydalanmoqchiman», degan «Bavariya»ning sobiq himoyachisi. Yangi jamoada Xedira 28-raqam ostida to‘p suradi.

Xediradan tashqari «Herta» o‘z tarkibini chap qanot vingeri Nemanya Radonich bilan to‘ldirdi. Futbolchi mavsum yakunida sotib olish huquqi bilan «Marsel»dan ijaraga olindi. Transfermarkt.ru ma'lumotiga ko‘ra, transfer qiymati 12 mln yevro bo‘ladi.

Zirkzeye «Parma»ga ijaraga berildi

«Bavariya» hujumchisi Joshua Zirkzeye faoliyatini «Parma»da davom ettiradi. Italyan klubi 19 yoshli hujumchini keyinroq sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, myunxenliklar klubi yarim yillik ijara uchun 1,5 mln yervo oladi, futbolchini mavsum yakunida sotib olish italyanlar klubiga 15 mln yevroga tushadi. Sport Bild xabariga ko‘ra, «Parma» futbolchini mavsum yakunida A Seriyada qolsagina sotib olishi mumkin.

2019 yil 11 dekabrida Zirkzeye «Bavariya» safida YeChL guruh bosqichi doirasida «Tottenhem»ga qarshi kechgan o‘yinda debyut qilgandi. Shundan buyon niderlandiyalik futbolchi barcha turnirlar doirasida 17 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urgan va bir golga uzatma bergan.

«Atalanta»da MDHdan yana bir vakil

 

Donetskning «Shaxtyor» klubi yarimhimoyachisi Viktor Kovalenko «Atalanta»ga o‘tdi. Transfermarkt.ru ma'lumotiga ko‘ra, italyanlar klubi ukrainalik futbolchi uchun 700 ming yevro to‘lagan. Futbolchi bilan 2025 yil yoziga qadar shartnoma imzolangan. Kovalenko jamoaning eng yuqori maosh oluvchi futbolchisiga aylandi. Calcio e Finanza ma'lumotiga ko‘ra, ukrainalik futbolchining yillik maoshi miqdori 2 mln yevroga teng bo‘ladi.

«Atalanta»da bungacha MDHdan ikki futbolchi bor edi - «Shaxtyor» tarbiyalanuvchisi, ukrainalik Ruslan Malinovskiy hamda rossiyalik yarimhimoyachi Aleksey Miranchuk. 

Mavzuga oid
Top