15:08 / 29.04.2021
8009

«Toqatli bo‘la olmagan jamiyatda fikr rivojlanmaydi» - huquq faoli demokratik islohotlar rivojiga to‘siqlar haqida

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘zbek jamiyatidagi toqatsizlik, buning demokratik islohotlar rivojiga ta’siri haqida to‘xtaldi.

– «Ezgulik» jamiyatiga jazoni ijro etish va tergov organlarida inson huquqlarining poymol etilishi, majburiy mehnat bilan bog‘liq mavzulardan tashqari yana qanday murojaatlar bo‘lmoqda? O‘zbekistonliklar qaysi turdagi huquqsizlik, muammolar haqida ko‘proq shikoyat qilishyapti?

– Jamiyatimizga so‘nggi paytlarda ma’lum darajada siyosiy huquqlarga oid, ya’ni yangi partiyalarning ro‘yxatga olinishi bo‘yicha sun’iy to‘siqlar qo‘yilgani bo‘yicha murojaatlar bo‘lyapti. Men o‘zim bu sohani surishtirganman va parlamentga takliflar bilan chiqdik. Masalan, «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonunimiz xalqaro standartlar darajasida takomillashmagan.

2017–2021-yillarga mo‘ljallangan strategiya bo‘yicha dasturimizning 1-bandida mamlakatda siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish masalasi bor edi. Lekin shundan beri hali rasman birorta yangi partiya yuzaga kelgani yo‘q va bu borada o‘ziga xos to‘siqlar ham bor.

Masalan, ma’lumot uchun aytishim mumkin, Rossiya qonunchiligida siyosiy partiyani ro‘yxatga olish uchun 500ta imzo kifoya qiladi. Holbuki Rossiya Federatsiyasida 146 mln aholi yashaydi. Hatto unchalik demokratik bo‘lmagan Turkmaniston yoki Belarusda [siyosiy partiyani ro‘yxatga olish uchun] 1000ta, qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Qirg‘izistonda 100ta imzo yetarli.

Bizda nima uchun yangi partiyani ro‘yxatga olish uchun talab etiladigan imzolar soni 20 mingta?! Nima uchun biz bu boradagi qonunlarni takomillashtirmadik?

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga mavsumiy hisobotlar topshirayotgan vaqtimizda O‘zbekiston delegatsiyasiga bu haqda savollar ham bo‘lgan. Bilishimcha, hozir bu masala ko‘rib chiqilyapti. Bu siyosiy plyuralizm, ya’ni siyosiy erkinlik muhiti nuqtayi nazaridan juda ahamiyatli. Chunki biz saylovlar arafasida turibmiz.

Masalan, o‘tgan parlament saylovlarini YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi qanday baholanganini yaxshi bilasiz. Saylov juda yaxshi o‘tdi, lekin plyuralizm muhiti, ya’ni siyosiy raqobat muhiti yo‘q, degan xulosaga keldi va bu, albatta, investitsion muhitning shakllanishi, mamlakatning xalqaro maydondagi imiji nuqtayi nazaridan juda ham muhim hisoblanadi.

Fursatdan foydalanib, deputatlarimizni, jamoatchilik faollarini, demokratik institutlar vakillarini qonunchilikdagi [siyosiy partiyani ro‘yxatga olish bilan bog‘liq] to‘siqlarni qaytadan ko‘rib chiqishga chaqirgan bo‘lardim. Chunki bu masala mamlakatimiz hayoti va imiji uchun nihoyatda muhim.

Bundan tashqari, bu yil mamlakatimizda tarixiy voqealar kechadi. Ya’ni qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachi O‘zbekistonga keladi, buni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi chiqishida aytib o‘tgandi. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar ham mamlakatimizga tashrif buyuradi. Biz ham ushbu yuksak martabali mehmonlar bilan uchrashamiz.

– Mamlakatdagi demokratik jarayonlarning mustahkam ildiz otishi faqat davlatga emas, balki jamoatchilikka ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda bugungi o‘zbek jamiyatidagi qanday muammolar, sizningcha, demokratik islohotlar rivojiga to‘siq bo‘lmoqda?

– Demokratik jarayonlar, inson huquqlarining ta’minlanish jarayonlari juda murakkab. Bu mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan rivojlanishiga bog‘liq. Qolaversa, jamiyatning o‘zi ham ma’lum darajada tarbiyalanishi kerak. Sirkasi suv ko‘tarmaydigan ommani boshqarish judayam qiyin.

Ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning [ayrim masalalar bo‘yicha] g‘azabga, junbishga kelganini ko‘rdik. Bu – juda xavfli tendensiya. O‘tgan safargiday provokatsiyalarning boshlanishi bu ma’lum darajada jamiyatdagi toqatsizlikni ko‘rsatadi.

Masalan, «Toshkentda 5 bolali oila 2,5 mln so‘m oylikka yashay oladi», deb aytgan odamni malomatlar ostida qoldirish yoki bo‘lmasa «Biz ko‘p yeyapmiz», deya o‘zidan kelib chiqib fikr bildirgan deputatni ijtimoiy tarmoqlarda «toshbo‘ron» qilish, bu gaplarni fikr o‘laroq qabul qila olmaslik, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov «5600 so‘m daromadi bor odam kambag‘al emas», deb aytgan fikrlariga toqatli bo‘la olmaslik... Jamiyat bu kabi fikrlarga toqatli bo‘lishi kerak. [Plyuralizmga] toqatli bo‘la olmagan jamiyatda fikr rivojlanmaydi.

Har bitta odamning og‘ziga uraversak, har bitta mansabdorning gapini mazax qilaversak...

– Buning natijasida endi-endi tilga kirayotgan amaldorlar ham gapirmay qo‘yishadi-da, shundaymi?

– Xuddi shunday, fikr bildirishdan qo‘rqib qolasiz. Masalan, Kun.uz’ga intervyu berishga kelishdan oldin aytadigan fikrlarim uchun jamiyat qanday qabul qilarkin, degan o‘yda edim. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda shunchalik beparda so‘kishlar, izohlarda mas’uliyatsizlarcha birovni masxara qilishlar shunchalik ko‘payib ketdiki, efirga chiqishga cho‘chib qolasiz. Bu ahvolda jamiyatda fikr qanday rivojlanadi?

Samarqand viloyatining hokimi Erkin Turdimov bir og‘iz: «Oqsoch ayollarga talab ortib bormoqda, xotin-qizlarni shu kasbga o‘rgatishimiz kerak», degan gapi uchun qanchalar malomatga qolib ketdi. Aslida bu yangi kasblarga o‘qitish bo‘yicha konstruktiv taklif edi. Aksincha, oqsochlikka o‘qiyolmay yurgan odamlarning o‘zlari qanchalik toqatsizligi ko‘rinib qoldi.

Men buni to‘g‘ri tushunaman. Chunki bu uzoq yillik biqiqlikning, tushkunlik muhitining ta’siri. Bu inersiya bor haliyam jamiyatda va yuqorida aytganimday hukumat sohalarni liberallashtirish yo‘lidan borgan taqdirda, bu inersiya asta-sekinlik bilan chiqib ketadi. Masalan, bugun prezident tashabbuskor bo‘lib qancha g‘oyalarni ilgari surmasin, ularni tortib ketadigan yoki talab qiladigan fuqarolik jamiyati, demokratik institutlar, ziyolilar qatlami shakllanmaydigan bo‘lsa, oldinga yurib bo‘lmaydi, bu bor gap.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top